Vositachi qoʻshimcha foyda olsa, QQS qanday hisoblab chiqariladi

preview

Reklama agentligi – QQS toʻlovchisi vositachilik shartnomasi boʻyicha OAVda reklama joylashtirish boʻyicha xizmatlar koʻrsatadi. Katta hajmdagi efir vaqtini xarid qilinganda yetkazib beruvchi (OAV) chegirma beradi. Agentlik yetkazib beruvchi bilan shartnomada nazarda tutilgan chegirmalarni hisobga olmagan holda mijozlarga (komitentlarga) efir vaqtini taqdim etishga hisobvaraq-fakturani qayta taqdim etadi. Yetkazib beruvchidan chegirma olgan holda agentlik mijozga yetkazib beruvchiga toʻlanganiga qaraganda kattaroq summani taqdim etadi. Agentlik oʻzining vositachilik haqiga QQSni hisobga olgan holda alohida hisobvaraq-faktura taqdim etadi. Vositachilik shartnomasiga asosan agentlik tomonidan olingan qoʻshimcha foyda toʻliq uning tasarrufida qoladi. 

Bunday vaziyatda QQSni qanday hisoblab chiqarishni “Norma” eksperti Irina AXMETOVA tushuntirdi:

 

– Vositachilik shartnomasi boʻyicha bir taraf (vositachi) ikkinchi tarafning (komitent) topshirigʻi boʻyicha oʻz nomidan, biroq komitent hisobidan bir yoki bir necha bitimni haq evaziga tuzish majburiyatini oladi. Vositachi oʻz zimmasiga olgan topshiriqni komitentning koʻrsatmalariga muvofiq bajarishi lozim. Vositachilik shartnomasida bunday koʻrsatmalar boʻlmaganda esa – ish muomalasi odatlariga yoki boshqa talablarga muvofiq komitent uchun eng foydali shartlar asosida bajarishi lozim.

Agar vositachi bitimni komitent koʻrsatganidan ham foydaliroq shartlar asosida tuzgan boʻlsa, qoʻshimcha foydani, basharti shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, taraflar baravar taqsimlaydilar .

Vositachilik shartnomasida koʻrib chiqilayotgan vaziyatda qoʻshimcha foyda vositachida qolishi nazarda tutilgan.

Hisobvaraq-fakturalarni rasmiylashtirishda Hisobvaraq-fakturalarning shakllari hamda ularni toʻldirish, taqdim etish va qabul qilish tartibi toʻgʻrisida nizomning 4-bobiga amal qilish lozim:

1) vositachilik shartnomasi boʻyicha komitent uchun tovarlar (xizmatlar)ni xarid qilishda sotuvchi hisobvaraq-fakturani vositachining nomiga taqdim etadi;

2) Vositachi komitent uchun xarid qilingan tovarlar (xizmatlar) boʻyicha komitentga u tomondan taqdim etiladigan EHF xronologiyasiga muvofiq hisobvaraq-faktura taqdim etadi va unda sotuvchidan olingan hisobvaraq-fakturadan koʻrsatkichlarni aks ettiradi (oʻz nomidan komitent nomiga sotuvchidan olingan EHFni qayta taqdim etadi);

3) vositachi komitentning manfaatida vositachilik xizmatlarini koʻrsatish bilan bogʻliq shartnoma asosida amalga oshiriladigan tovarlar (xizmatlar) xarid qilish operatsiyalari boʻyicha komitentga hisobot taqdim etadi. U qonunchilikda birlamchi hujjatlar uchun belgilangan vositachi va komitetning barcha rekvizitlarini oʻz ichiga olishi kerak. Vositachi hisobotda quyidagilarni aks ettirishi kerak:

  • xarid qilingan tovarlar (xizmatlar) soni va qiymati QQSning tegishli summalari ajratilgan holda. Hisobotga shartnomalar, hisobvaraq-fakturalar, dalolatnomalar va vositachi tomonidan komitentning manfaatida tovarlar (xizmatlar) xarid qilinganligini tasdiqlovchi boshqa hujjatlarning nusxalari ilova qilingan boʻlishi kerak;
  •  komitent tomonidan oʻrni qoplanishi lozim boʻlgan vositachining xarajatlari qiymati. Bu vositachi shartnoma boʻyicha topshiriqni bajarish chogʻida uchinchi shaxslarga toʻlagan (tovarlar (xizmatlar)ga haq toʻlash, soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlarni toʻlash) va vositachi tomonidan amalga oshirilgan harakatlarni komitent oʻzi mustaqil ravishda amalga oshirgan taqdirda amalga oshirish mumkin boʻlgan mablagʻlar.

Shu tariqa, vositachi komitentga yetkazib beruvchidan olingan EHFni qayta taqdim etishi va unda xuddi shu koʻrsatkichlarni aks ettirishi kerak. Agar yetkazib beruvchi (OAV) hisobvaraq-fakturani chegirma hisobga olingan narxda taqdim etsa, komitentga taqdim etilgan hisobvaraq-fakturada xuddi shu narx koʻrsatilgan boʻlishi kerak.

Vositachi tomonidan yetkazib beruvchining chegirmasi tarzida olingan qoʻshimcha foydani u vositachilik haqi uchun hisobvaraq-fakturada aks ettiradi. Bunda QQS boʻyicha soliq bazasini vositachi soliqni oʻz ichiga olgan vositachilik haqining (qoʻshimcha foydani hisobga olgan holda) umumiy summasi sifatida aniqlaydi .

 

 

QQS: soliq hisobi — maslahatlar QQS QQS (soliq hisobi) — buxgalter.uz ekspertlarining maslahatlari: tushuntirishlar, misollar va koʻp beriladigan savollarga javoblar. /oz/publish/doc/text182746_vositachi_qushimcha_foyda_olsa_qqs_qanday_hisoblab_chiqariladi