Soliqlarni minimal chiqimlar bilan toʻlashga nima xalaqit beradi: TOP-10 muammolar

preview

29 iyul kuni “Norma” PRMda buxgalterlar, soliq maslahatchilari va auditorlar moliya vazirining oʻrinbosari Dilshod SULTONOV bilan uchrashuvda soliq toʻlovchilarga soliqlarni eng kam chiqimlar bilan toʻlashga nima xalaqit berishi haqida gapirib berishdi.

 

Soliq majburiyatlarini bajarish bilan bogʻliq 10 ta murakkablikni keltirib oʻtamiz. Ular siz uchun dolzarbmi?

 

1. QQSni qaytarish bilan bogʻliq murakkabliklar

Bu masala eksport qiluvchilarda ayniqsa keskin turadi. Uchrashuvda moʻynadan tayyorlangan mahsulotlarni eksport qiluvchi, mana ikki yildirki 200 mln soʻm miqdorida toʻlangan QQSni ololmayotgan kichik korxona misol tariqasida keltirildi.  Bunda eksport qiluvchi bozorda 20 yildan koʻproq vaqt faoliyat koʻrsatmoqda, soliqlarni muntazam toʻlab kelmoqda..

Auditorlar va soliq maslahatchilari QQSni qaytarmaslik uchun koʻp dalillar ishga solinganligini tasdiqlashdi: soliq uzilishi “oʻzgacha”, “kameral tekshiruvni oʻtkazadigan hech kim yoʻq, hamma band”, “yuqorida ruxsat berishmaydi”...

 

2. Muqobil variantsiz bir tomonlama EHFning bekor qilinishi

2022 yil 12 iyulga qadar soliq toʻlovchilar  muayyan vaziyatlarda ular asosida soliq hisobotlarida tushum hisobga olingan bir tomonlama hisobvaraq-fakturalar taqdim eta olishgan. DSQ realizatsiyani soliq hisobotlarida (onlayn-NKT, marketpleyslar) avtomatik tarzda aks ettirishning texnik imkoniyatini yaratgan holda, jismoniy shaxslar bilan hisob-kitoblarda bir tomonlama EHFni bekor qildi. Biroq ayrim hollarda bir tomonlama EHFsiz uddalashning imkoni yoʻq (savdo avtomatlari orqali sotish, QQS solinadigan yirik korxonalardagi oshxonalarda xodimlarni ovqatlantirishni tashkil qilish, oʻz xodimlariga sovgʻalar yoki moddiy tarzda yordam berish, jamoat transporti xizmatlari).  Bunday vaziyatlarda qanday yoʻl tutish tushunarsizdir.

 

3. Oʻzgarayotgan hisobot shakllari

SKning 81-moddasi 2-qismida nazarda tutilgan soliq hisoboti shakllarini qabul qilish va oʻzgartirishning amaldagi tartibiga rioya qilinmayapti. Natijada hisobot davri mobaynida ular bir necha marta soliq toʻlovchilarni xabardor qilmagan holda oʻzgartirilmoqda, oʻzgartirishlar e’lon qilinmayapti va tushuntirish berilmayapti. Bu vijdonli soliq toʻlovchilar tomonidan soliq majburiyatlarining bajarilishida katta qiyinchiliklar tugʻdirmoqda.

 

4. DSQ, Davstatqoʻm va YaMMT axborot tizimlari integratsiya qilinmagan

Soliq hisoboti, statistika va kadrlarni hisobga olish shakllari bir necha marta qoʻlda kiritilishi kerak boʻlgan ayni bir koʻrsatkichlarni oʻz ichiga oladi. Buxgalterlar bunga sarflaydigan vaqtni muhimroq ishlarga - soliq toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini oʻrganishga, ularning malakasini oshirishga va hokazolarga bagʻishlash mumkin boʻlardi.

 

5. Aylanmadan olinadigan soliq boʻyicha har oylik hisobot

Aylanmadan olinadigan soliq boʻyicha oylik hisobotlarning joriy etilishi kichik va mikro korxonalarning soliq majburiyatlarini bajarishga sarflagan chiqimlarining oshishiga olib keldi. Hozirgi vaqtda buxgalterlar hisobotlarni tayyorlashga avvalgiga qaraganda uch barobar koʻp vaqt sarflamoqdalar. Bunda byudjet uchun foydasini tushunish qiyin, chunki bu tushumning arzimagan ulushini tashkil qiladi.

 

6. JShDS boʻyicha imtiyozlarni hisobga olish bilan bogʻliq murakkabliklar

Davlat ijtimoiy siyosatni amalga oshirish chogʻida JShDS boʻyicha soliq chegirmalari instrumentidan koʻproq foydalanmoqda. Bu – yaxshi! Biroq imtiyozlar soni muntazam oshib borayotganligi tufayli buxgalterlar chalkashish va xato qilishni boshlashmoqda. Chegirmalar nafaqat xodimga, balki uning oila a’zolariga ham beriladigan ayrim hollarda xatoni suiiste’molchilikdan farqlash mushkul.

 

7. Rezidentlik sertifikati tufayli imtiyozni qoʻllashni kechiktirish

Agar xorijiy hamkor Oʻzbekistonning rezidentiga xizmatlar koʻrsatsa, ikkiyoqlama soliq solishni oldini olish toʻgʻrisida bitim mavjud boʻlgan taqdirda u foyda soligʻi toʻlashdan ozod qilish yoki stavkani pasaytirish huquqiga ega boʻlishi mumkin. U mazkur imkoniyatdan foydalanishi uchun daromadni toʻlash sanasiga rezidentlik sertifikati zarur. Ushbu hujjatni olish uchun ba’zan 1-2 oy talab qilinadi. Sertifikat olingunga qadar korxona - soliq agenti xalqaro shartnomaning shartlarini qoʻllashga haqli emas. Yoki shartnomani bajarishni sertifikat olinadigan muddatgacha kechiktirish yoxud  soliqni keyinchalik uni xorijiy hamkorga qaytarishning noaniq istiqboli bilan SK stavkalari boʻyicha toʻlash zarur.

 

8. Soliqqa doir nizolar boʻyicha sud amaliyoti tahlilining mavjud emasligi

Koʻp tadbirkorlik sub’yektlari nizoli masalalarni sudgacha tartibda hal qilinishiga erishmagan taqdirda ularni sud orqali hal qiladi. Biroq bunday ishlar boʻyicha qarorlar umumlashtirilmaydi va soliq toʻlovchilar va soliq organlari e’tiboriga yetkazilmaydi. Natijada ayni bir nizoli xoʻjalik vaziyatlari oldini olish mumkin boʻlgan yangi va yangi sud muhokamalarini keltirib chiqaradi.

 

9. Nizolarni sudgacha hal qilishning zaifligi

Xorijdagi soliq organining qarori ustidan sudgacha shikoyat berish tartib-taomili oʻz samaradorligini koʻrsatdi. U - sodda, yuqori turuvchi soliq organi shikoyatlarni tez koʻrib chiqadi, sud muhokamalaridagi kabi davlat boji toʻlash va boshqa chiqimlarni amalga oshirish kerak emas. 

Oʻzbekistonda shikoyat berishda tartib-taomillar va foydalaniladigan ​​hujjatlarga qoʻyiladigan talablar yetarli darajada tartibga solinmagan, shikoyatlarni koʻrib chiqish amaliyotiga oid materiallar mavjud emas, koʻpincha mas’ul shaxslar ularni rasmiy va noxolis koʻrib chiqadilar. Natijada nizolarning asosiy qismi sud orqali hal qilinadi va bu nafaqat soliq toʻlovchilar, balki davlat organining ham mablagʻlarini boshqa tomonga jalb qiladi.

 

10. Soliq organlarining mansabdor shaxslarini javobgarlikka tortish toʻgʻrisida ma’lumot mavjud emas

Qonun hujjatlarida DSXO mansabdor shaxslarining javobgarligi nazarda tutilgan. Shu jumladan - quyidagilarga sabab boʻlgan gʻayriqonuniy harakatlari uchun :

  • fuqarolarga, korxonalar, muassasalar va tashkilotlarga moddiy va ma’naviy zarar yetkazganligi uchun;
  • xoʻjalik yurituvchi sub’yektlarda ishlab chiqarish hajmlarini pasaytirib yuborganligi va soliq solish bazasini kamaytirib yuborganligi uchun.

Biroq, xizmat tekshiruvlari va ularning natijalari toʻgʻrisidagi ma’lumotlar soliq toʻlovchilarga yetkazilmaydi. Soliq toʻlovchining haqligi sudgacha yoki sud bosqichida e’tirof etilgan hollarda, koʻpincha soliq organining mansabdor shaxslari qonunda nazarda tutilgan javobgarlikka tortilmaydi, natijada soliq toʻlovchilarning qonuniy manfaatlari lozim darajada himoyalanmaydi. Amaldorlar bilan oʻzaro munosabatlar natijasida huquqlari buzilgan korxonalarga yetkazilgan zararning oʻrni qoplanmaydi. Bularning barchasi SKda “Soliq organlari mansabdor shaxslarining javobgarligi toʻgʻrisida”gi boʻlimning mavjud emasligi oqibatidir.

 

Dilshod SULTONOV uchrashuv ishtirokchilariga ochiq suhbat uchun minnatdorlik bildirib, Moliya vazirligi uchrashuvda bildirilgan muammolarni sinchiklab oʻrganib, boshqa davlat organlari bilan birgalikda ularni hal etish choralarini koʻrishiga ishontirdi.

 

Buxgalteriya hisobi va soliq solishga doir normativ hujjatlardagi yangi oʻzgarishlar Yangiliklar Yangiliklar /oz/publish/doc/text183305_soliqlarni_minimal_chiqimlar_bilan_tulashga_nima_halaqit_beradi_top-10_muammolar