Soliq tekshiruvlari va ularning oʻtkazilishiga sabab boʻluvchi omillar

preview

Bugungi kunda soliqqa oid huquqbuzarliklarni sodir etish xavfi har qanday korxonada mavjud boʻlishi mumkin. Shuningdek, koʻpchilik soliq toʻlovchilar oʻzlari bilmagan holda soliq xavfining oshib ketishi oqibatida soliq tekshiruviga tushib qolmokda. Shu nuqtai nazardan, ushbu mavzu amaliyotda koʻp savollar tugʻilishiga sabab boʻlmoqda va ayrim savollar ochiqligicha qolib ketmoqda. Shu sababli tadbirkorlarga qulaylik yaratish hamda ularda soliq xavfi oshib ketishining oldini olish maqsadida biz ushbu maqolani tayyorladik.

 

Quyida ayrim tadbirkorlik sub’yektlarida soliq tekshiruviga sabab boʻladigan va amaliyotda koʻp uchrayotgan soliq xavflarini oshiruvchi omillar keltirilgan. Ushbu omillarni bilish kutilmagan soliq tekshiruvlarining oldini olishda foydali boʻlishi mumkin.

Hozirgi paytda soliq tekshiruvlari Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 7 yanvardagi 1-son qarori bilan tasdiqlangan Soliq tekshiruvlarini tashkil etish va oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizom asosida amalga oshirib kelinmoqda.

Quyida Oʻzbekistonda qanday soliq tekshiruvlari oʻtkazilishi hamda ular qaysi soliq toʻlovchilarda oʻtkazilishi haqida qisqacha ma’lumot keltirilgan.

 

Qanday soliq tekshiruvlari mavjud?

Soliq kodeksiga va yuqorida ta’kidlab oʻtilgan nizomga muvofiq tadbirkorlik sub’yektlarida oʻtkazilishi mumkin boʻlgan soliq tekshiruvlarining quyidagi turlari mavjud:

  • kameral soliq tekshiruvi;
  • sayyor soliq tekshiruvi;
  • soliq auditi. 

 

I. Kameral soliq tekshiruvi 

 

Kameral soliq tekshiruvi nima?

Kameral soliq tekshiruvi — bu soliq toʻlovchilar tomonidan soliqlar va yigʻimlar toʻgʻri hisoblanishini, oʻz vaqtida va toʻliq byudjet tizimiga toʻlanishi yuzasidan soliq organi tomonidan oʻtkaziladigan tekshiruv. Kameral soliq tekshiruvi soliq toʻlovchi tomonidan taqdim etilgan soliq hisobotlarini va soliq organida mavjud boʻlgan soliq toʻlovchining faoliyati toʻgʻrisidagi boshqa ma’lumotlarni oʻrganish va tahlil qilish asosida oʻtkaziladi.

 

Kameral soliq tekshiruviga sabab boʻluvchi omillar:

  • Soliq organlarining soliq xavfini boshqarish tizimi asosida aniqlangan soliq toʻgʻrisidagi qonunchilik buzilishi sodir etilganligi xavfining mavjud boʻlishi:

Ushbu xavf soliq organlarining soliq xavfini boshqarish tizimi maxsus dasturiy tizim orqali soliq toʻlovchilar toʻgʻrisidagi ichki va tashqi manbalardan olingan ma’lumotlarni belgilangan mezonlar asosida tahlil qilish orqali aniqlab boriladi. Quyida soliq organlari tomonidan soliq xavfini aniqlash mezonlari roʻyxatiga kiritilgan ayrim misollar keltirib oʻtilgan:

– soliq tulovchi shaxsiy kartochkalarida soliq qarzdorligining doimiy yuzaga kelishi;

– soliq hisobotlarining belgilangan muddatlardan kechiktirib taqdim etilishi;

– soliq toʻlovchilar ob’yektlarida xronometraj koʻzdan kechirish oʻtkazilgandan keyingi davrlarda tovarlar (ishlar, xizmatlar) realizatsiyasidan tushgan tushumlarning kamayib ketishi;

– hisobvaraq-fakturalar orqali kirim qilingan tovarlar hajmiga nisbatan oʻrtacha oylik tushumlarning farq qilishi;

– xoʻjalik yurituvchi sub’yektlarning topshirilgan naqd (plastik) pul mablagʻlariga nisbatan hisobotdagi koʻrsatgan tovar aylanmasining kamaytirib koʻrsatilishi;

– xoʻjalik yurituvchi sub’yektlarda buxgalteriya hisobini yuritish uchun hisobchi (buxgalter)ning rasmiy tartibda roʻyxatga olinmasligi.

Yuqoridagi keltirib oʻtilgan omillardan hamda mavjud boʻlishi mumkin boʻlgan boshqa turdagi omillar asosida soliq organining avtomatlashtirilgan dasturiy mahsuloti avtomatik ravishda belgilangan ball tizimi asosida soliq toʻlovchilarga soliq huquqbuzarligining xavflilik darajasi belgilanadi.

Ushbu tizimga asosan soliq toʻlovchilar soliq huquqbuzarligining xavflilik darajasidan kelib chiqib quyidagi uchta guruhga boʻlinadi:

a) soliq xavfi yuqori boʻlgan tadbirkorlik sub’yektlari (qizil yoʻlak);

b) soliq xavfi oʻrta boʻlgan tadbirkorlik sub’yektlari (sariq yoʻlak);

v) soliq xavfi past boʻlgan tadbirkorlik sub’yektlari (yashil yoʻlak).

Tadbirkorlik sub’yektlarida soliqqa oid huquqbuzarlik sodir etish xavfi oʻrtacha (sariq yoʻlak) boʻlishi soliq kodeksida belgilangan tartibda kameral tekshiruvi oʻtkazilishiga sabab boʻladi.

  • Soliq toʻlovchi tomonidan taqdim etilgan soliq hisobotida tafovutlar yoki xatolarning aniqlanishi:

Bugungi kunda soliq organlari tomonidan soliq toʻlovchilar tomonidan taqdim etilgan soliq hisobotlarida tafovutlar yoki xatolarni aniqlash boʻyicha avtomatlashtirilgan tizim joriy etilgan. Unga koʻra har bir soliq toʻlovchi tomonidan taqdim etilgan hisobotlar belgilab qoʻyilgan algoritm asosida ushbu avtomatlashtirilgan kameral tekshiruvi dasturi orqali tahlil qilinadi. Bundan tashqari, soliq toʻlovchilar tomonidan taqdim etilgan soliq hisobotlari soliq organlari xodimlari tomonidan ham tahlil qilib boriladi.

Misol uchun, soliq toʻlovchi tomonidan 2021 yil uchun taqdim etilgan “Moliyaviy natijalar toʻgʻrisidagi” hisobotda koʻrsatilgan daromadlar yoki xarajatlar summalarining ushbu muddat uchun taqdim etilgan “Foyda soligʻi” hisobotidagi tegishli daromadlar va xarajatlar summalariga muvofiq kelmasligi. Bunday holat soliq organlarining avtomatlashtirilgan kameral tekshiruvi dasturi orqali aniqlanadi va korxona soliq hisobotida tafovutlar mavjudligi xavfi yuqori boʻlgan soliq toʻlovchilar roʻyxatiga kiritiladi. Bu esa oʻz navbatida kameral soliq tekshiruvi oʻtkazilishiga sabab boʻladi. 

  • Soliq toʻgʻrisidagi qonunchilik talablarining buzilishi holatlari haqida jismoniy va yuridik shaxslardan hamda tegishli davlat organlaridan soliq organlariga murojaatlarning kelib tushishi:

Yuridik yoki jismoniy shaxslardan yoki davlat organlaridan soliq toʻlovchi tomonidan sodir etilgan huquqbuzarliklar toʻgʻrisida ma’lumotlarning soliq organlariga kelib tushishi soliqqa oid huquqbuzarlik mazmunidan kelib chiqqan holda sayyor soliq tekshiruvi tayinlanishiga ham sabab boʻlishi mumkin. Sayyor soliq tekshiruvi tayinlanishiga quyida keltirilgan dasturlardan yuborilgan shikoyatlar asos boʻladi:

– «Soliq» mobil ilovasining «Soliq hamkor» boʻlimi orqali yuborilgan murojaatlar;

– @soliq_hamkor_bot telegram-boti orqali yuborilgan murojaatlar;

– my.soliq.uz soliq organlarining davlat elektron xizmatlari portali orqali yuborilgan murojaatlar.

Shu yoʻl bilan hufiyona iqtisodiyotni jilovlashga qaratilgan soliq ma’murchiligining zamonaviy instrumentlari qatorida, chek bermaslik, plastik kartalarga savdo qilishdan bosh tortish, plastik kartalarga tovarlarni narxini oshirib sotish va boshqa qonunbuzilishlari ustidan keng jamoatchilik nazorati instituti ishga tushirilib, fuqarolardan murojaatlarni qabul qilish uchun “Soliq” mobil ilovasi amaliyotga kiritildi.

Misol uchun, jismoniy shaxs soliq huquqbuzarligini sodir etgan soliq toʻlovchi ustidan Davlat soliq qoʻmitasi tomonidan ishlab chiqilgan «Soliq hamkor» dasturi orqali shikoyat joʻnatdi. Bu esa soliq organi tomonidan huquqbuzarlikni amalga oshirgan soliq toʻlovchi ustidan sayyor tekshiruvi tayinlanishiga asos boʻladi.

Joriy yilning 1 iyunidan boshlab “Soliq” mobil ilovasi orqali mulkchilik shaklidan qat’i nazar, birinchi marotaba kelib tushgan murojaat boʻyicha soliq toʻlovchi huzuriga borgan holda, profilaktik suhbat oʻtkazilib, tadbirkorlik sub’yektining qonun talablarida ish yuritishi toʻgʻrisida rasman ogohlantiriladi. Unga nisbatan ta’sirchan moliyaviy jazo choralari koʻrilmaydi. 

  • Soliq toʻlovchi tomonidan avval taqdim etilgan soliq hisobotiga nisbatan toʻlanishi lozim boʻlgan soliq summasini kamaytiradigan yoki koʻrilgan zarar summasini koʻpaytiradigan aniqlashtirilgan soliq hisobotining taqdim etilishi: 

Bu holatlar ham kameral soliq tekshiruvi oʻtkazilishiga sabab boʻluvchi asosiy omillardan biri boʻlib hisoblanadi. Misol uchun, soliq toʻlovchi belgilangan muddat uchun oʻzining birlamchi soliq hisobotini taqdim etdi. Lekin soliq toʻlovchi ushbu birlamchi hisobot boʻyicha toʻlanishi lozim boʻlgan soliq summasi kamaytirib koʻrsatilgan qayta soliq xisobotini taqdim etdi.  Bunday holat soliq toʻlovchining kameral soliq tekshiruvi nazoratiga tushib qolish xavfini oshiradi. Agar holat yuzasidan soliq xavfi yuqori darajada boʻlsa, soliq organi tomonidan kameral soliq tekshiruvi tayinlanadi.

 

II. Sayyor soliq tekshiruvi

 

Sayyor soliq tekshiruvi nima?

Sayyor soliq tekshiruvi — bu soliq toʻlovchilar tomonidan soliqlarni hisoblab chiqarish va toʻlash sohasidagi ayrim majburiyatlarning hamda soliq qonunchiligida belgilangan boshqa majburiyatlarning bajarilishi yuzasidan oʻtkaziladigan tekshiruv. Ushbu soliq tekshiruvi hisobga olish hujjatlari, tovar-moddiy qimmatliklar va pul mablagʻlari harakati, shuningdek, soliq toʻlovchining faoliyati bilan bogʻliq boʻlgan boshqa axborotlarni tahlil qilish orqali oʻtkaziladi. 

Sayyor soliq tekshiruvi oʻtkazilishiga sabab boʻluvchi omillar:

  • Soliq organlarining soliq xavfini boshqarish tizimi orqali aniqlangan soliq toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzish xavfi mavjudligi:

Soliq organlarining soliq xavfini boshqarish tizimi orqali aniqlangan soliq toʻlovchi tomonidan soliq qonunchiligining buzilish ehtimolligi yuqori boʻlgan holatda va qonunchilik buzilish holati mavjudligini kameral soliq tekshiruvi oʻtkazish orqali aniqlashning imkoni mavjud boʻlmagan taqdirda sayyor soliq tekshiruvi tayinlanishi mumkin.

Misol uchun, soliq toʻlovchi tomonidan IV chorakda katta miqdordagi QQS summasini hisobga olish (kamaytirish) boʻyicha hisob-kitob taqdim etildi. Bu summa III chorak hisobotida koʻrsatilgan summaga nisbatan farqi juda yuqori. Bunday holatda soliq organi xodimida topshirilgan hisobot yuzasidan shubha tugʻiladi va soliq toʻlovchiga bunday katta miqdordagi QQS summasini kamaytirish yuzasidan tushuntirish va asoslovchi hujjatlarni taqdim etish boʻyicha soliq organi tomonidan soliq toʻlovchining shaxsiy kabineti orqali tegishli talabnoma yuboriladi. Ammo soliq toʻlovchi tomonidan ushbu holat boʻyicha yetarli tushuntirish berilmaganda va yetarli asosli hujjatlar taqdim etilmasa, soliq organi tomonidan vaziyatni toʻliq oʻrganish va byudjetga toʻlanishi lozim boʻlgan QQS summasini kamaytirish uchun asos boʻlgan tegishli tovar-moddiy boyliklari haqiqatda sotib olinganligi va soliq toʻlovchiga tegishli boʻlgan hududda mavjudligini tekshirish maqsadida sayyor soliq tekshiruvi tayinlanishi mumkin. Ushbu tekshiruv faqat talabnomada belgilangan masala yuzasidan oʻtkaziladi va belgilangan masalaga tegishli boʻlmagan boshqa hujjatlarning talab qilinishi taqiqlanadi. 

  • Ommaviy axborot vositalarida soliq toʻlovchilar tomonidan yoʻl qoʻyilgan soliqqa va valyutaga oid huquqbuzarliklar toʻgʻrisidagi ma’lumotlarning e’lon qilinishi:

Bu holat ham soliq toʻlovchilar yuzasidan sayyor soliq tekshiruvi tayinlanishiga asos boʻluvchi omillardan biri hisoblanadi. Bunda rasmiy roʻyxatdan oʻtkazilgan va roʻyxatdan oʻtkazish guvohnomasiga ega boʻlgan ommaviy axborot vositalari orqali e’lon qilingan soliqqa va valyutaga oid huquqbuzarliklar toʻgʻrisidagi ma’lumotlargina sayyor soliq tekshiruvni oʻtkazish uchun asos hisoblanadi. Lekin shu oʻrinda ta’kidlab oʻtish kerakki, internet orqali norasmiy saytlar va ijtimoiy tarmoqlarda berilgan ma’lumotlar (soliq organlariga tegishli boʻlgan ijtimoiy tarmoqlardagi rasmiy sahifa yoki guruhlarda joylashtirilgan ma’lumotlar bundan mustasno) soliqqa oid huquqbuzarliklarni keltirib chiqarish uchun asos boʻlib hisoblanmaydi.

Masalan, ma’lum bir korxona ustidan norasmiy ijtimoiy tarmoq orqali joylashtirilgan ma’lumot ommaviy axborot vositalari orqali e’lon qilingan ma’lumot  sifatida baholanmaydi. 

  • Oʻtkazilayotgan kameral soliq tekshiruvini xolisona amalga oshirish maqsadida qoʻshimcha ma’lumotlar olish zaruriyatning yuzaga kelishi:

Bunday holatda ham kameral soliq tekshiruvi natijasiga ta’sir qiluvchi qoʻshimcha ma’lumotlarga ehtiyoj sezilganda soliq organi tomonidan sayyor soliq tekshiruvi tayinlanish ehtimoli mavjud. Misol uchun, soliq toʻlovchi faoliyati yuzasidan oʻtkazilayotgan kameral soliq tekshiruvi jarayonida soliqqa oid huqubuzarliklar sodir etilganligi holatini aniqlash yoki tekshiruv natijasi boʻyicha yakuniy xulosa qilish uchun zarur boʻlgan qoʻshimcha ma’lumotlarni olish maqsadida soliq toʻlovchi joylashgan hududda oʻrganish oʻtkazish maqsadida soliq organi xodimlari sayyor soliq tekshiruvi oʻtkazishga haqli. 

  • Valyuta operatsiyalari amalga oshirilishining asoslanganligi yuzasidan monitoring olib borish jarayonida soliq organi yuborgan soʻrovnomaga soliq toʻlovchi tomonidan hujjatlar yoki axborot taqdim etilmaganligi yoxud toʻliq taqdim etilmasligi:

Ushbu holat ham soliq toʻlovchilarda sayyor soliq tekshiruvi tayinlanishiga asos boʻluvchi asosiy omillardan biri hisoblanadi. Misol uchun, soliq toʻlovchi faoliyatidagi valyuta operatsiyalari bilan bogʻliq barcha operatsiyalarni oʻrganish maqasadida soliq organi tijorat banklari, bojxona organlari taqdim etgan ma’lumotlar asosida monitoring (“Yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan valyuta operatsiyalari amalga oshirilishining asoslanganligi yuzasidan monitoring olib borish tartibi toʻgʻrisida"gi nizom.) oʻtkazadi. Ushbu holatda soliq organi xodimi soliq toʻlovchida valyuta operatsiyalarini oʻtkazish bilan bogʻliq huquqbuzarliklar mavjudligi toʻgʻrisida shubha paydo boʻlgan taqdirda yoxud shunday holat aniqlangan taqdirda, soliq organi xodimi valyuta operatsiyalari bilan bogʻliq barcha hujjatlarni taqdim etish toʻgʻrisida soʻrov xati yuborishga haqli hisoblanadi. Shunday holatda soliq toʻlovchi tomonidan hujjatlar yoki axborot taqdim etilmasligi yoxud toʻliq taqdim etilmasligi sayyor soliq tekshiruvi tayinlanishiga asos boʻlishi mumkin. 

  • Sud, huquqni muhofaza qiluvchi organlar, shuningdek boshqa davlat organlari va tashkilotlaridan soliq va valyutaga oid huquqbuzarliklar toʻgʻrisida dalolat beruvchi axborot kelib tushishi: 

Soliq organiga ushbu koʻrsatilgan tashkilotlar tomonidan soliq toʻlovchi tomonidan amalga oshirilgan soliq va valyuta oid huquqbuzarliklar toʻgʻrisida dalolat beruvchi ma’lumotlarning kelib tushishi sayyor soliq tekshiruvini oʻtkazishga asos boʻlishi mumkin. 

  • Qoʻshilgan qiymat soligʻi toʻlovchilarini soliq organlarida qoʻshilgan qiymat soligʻi boʻyicha maxsus roʻyxatdan oʻtkazish jarayonida qoʻshimcha soliq nazorati tadbirlarini oʻtkazish zarurligi:

Bu omil boʻyicha misol sifatida soliq toʻlovchininng QQS toʻlovchisi sifatida roʻyxatdan oʻtish jarayonida soliq organlari xodimlari tomonidan soliq toʻlovchining roʻyxatdan oʻtgan hududiga borib oʻrganish holatini keltirish mumkin.

  • Soliq toʻlovchi tomonidan QQS manfiy summasi qoplanishi (qaytarilishi) yuzasidan arizalar berilishi:

Ushbu holat ham soliq toʻlovchilarda sayyor soliq tekshiruvi tayinlanishiga asos boʻlishi mumkin. Soliq organlari tomonidan ushbu tekshiruv soliq toʻlovchi tomonidan qoplanishi lozim boʻlgan QQS manfiy summasi toʻgʻri hisoblanganligini tasdiqlash maqsadida, kamaytirishga hisobga olingan QQS summasi vujudga kelishiga sabab boʻlgan xarid qilingan tovar va moddiy boyliklar soliq toʻlovchi joylashgan hududda haqiqatda mavjudligi va ishlab chiqarish jarayonida foydalanilganligini tekshirish maqsadidida oʻtkaziladi.

 

III. Soliq auditi


Soliq auditi nima?

Soliq auditi — bu muayyan davr uchun soliq toʻlovchilar tomonidan soliqlarning toʻgʻri hisoblanganligi va toʻlanganligi yuzasidan soliq organlari tomonidan oʻtkaziladigan tekshirish. Soliq auditi soliq toʻlovchining moliya va soliq hisobotlarining soliq toʻgʻrisidagi qonunchilikka barcha jihatlardan muvofiqligi va haqqoniyligini, soliq solish maqsadlarida buxgalteriya hisobi va hisobga olishda soliq majburiyatlarining toʻgʻri shakllantirilishi va aks ettirilishini oʻrganish orqali oʻtkaziladi. 

Soliq auditi oʻtkazilishiga sabab boʻluvchi omillar:

  • Soliq toʻlovchining soliq tavakkalchiligining yuqori toifasiga mansub boʻlishligi:

Soliq organlarining avtomatlashtirilgan “Soliq xavfini aniqlash, tahlil qilish va baholash” dasturi soliq xavfi mezonlari asosida soliq toʻlovchining soliq xavfi darajasining yuqori toifasiga kiritilishi ushbu soliq toʻlovchida soliq auditi tayinlanishining asosiy omillaridan biri hisoblanadi.

Soliq xavfi yuqori (qizil yoʻlak) boʻlgan tadbirkorlik sub’yektlari shaxsiy kabineti orqali davlat soliq xizmati organi tomonidan xabardor qilinadi hamda belgilangan tartibda soliq auditi tayinlanadi. 

  • Kameral soliq tekshiruvi natijasi boʻyicha soliq toʻlovchi  tomonidan aniqlashtirilgan soliq hisoboti taqdim etilmasligi hamda aniqlangan tafovutlar boʻyicha asosnomalarni taqdim etilmasligi yoki asosnomalarning yetarli emas deb belgilanishi:

Kameral soliq tekshiruvi natijasida aniqlangan tafovutlar yuzasidan soliq toʻlovchi tomonidan asoslovchi hujjatlarni soliq organlariga belgilangan muddatda taqdim etmaslik yoki tavofutlar mavjud boʻlgan taqdirda aniqlashtirilgan soliq hisobotlarini taqdim etmaslik soliq auditi tayinlanishiga sabab boʻluvchi asosiy omillardan biri boʻlib hisoblanadi.

  • Yuridik shaxslarning ixtiyoriy tugatilishi (soliq maslahatchilari tashkilotlarining soliqlar boʻyicha xulosalari mavjud boʻlgan soliq toʻlovchilar bundan mustasno);

Yuridik shaxslarning ixtiyoriy ravishda (korxonani yopish) tugatilishi toʻgʻrisida roʻyxatdan oʻtkazuvchi organlarga ariza berilishi soliq auditi tayinlanishiga sabab boʻladi.

Biroq bugungi kunda amaliyotda soliq auditi oʻtkazilmasdan yuridik shaxslarni tugatish holatlari mavjud boʻlib, ya’ni Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 2 noyabrdagi 664-son qarori asosida soliq toʻlovchilar yillik aylanmasi oxirgi uch yil mobaynida 1 mlrd soʻmgacha boʻlgan soliq toʻlovchilar (tavakkalchilik darajasi yuqori boʻlgan soliq toʻlovchilar bundan mustasno) soliqlarga doir xulosa berish huquqiga ega boʻlgan “Soliq maslahatchilari” tashkilotlarining xulosalari asosida tugatilishi mumkin.

 

  • Soliq toʻlovchilarning jinoyat ishlari boʻyicha moliya-xoʻjalik faoliyatining taftish qilinishi jarayonining boshlanishi:

Soliq toʻlovchilar faoliyati yuzasidan huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan jinoyat ishlari boʻyicha moliya-xoʻjalik faoliyatini taftish qilish boʻyicha tekshiruvning boshlanishi natijasida ushbu organlar tomonidan soliq organlariga soliq auditi tashkil qilish toʻgʻrisida soʻrov kelib tushishi soliq auditi tayinlanishiga asos boʻladi.

Yuqorida keltirib oʻtilgan soliq xavfini oshiruvchi omillardan tashqari boshqa soliq xavfi darajasi mezonlari ham amaliyotga kiritilgan. Soliq xavfi darajasi soliq xavfi mezonlari asosida aniqlanadi, ularga 1 dan 100 gacha boʻlgan ballar beriladi. Bunda har bir mezon boʻyicha ball berish Davlat soliq qoʻmitasi tomonidan soliq toʻlovchilarning iqtisodiy faoliyat turi boʻyicha segmentlanishi va soliq davri uchun olingan daromad miqdoriga qarab belgilanadi. Soliq xavfi darajasiga qarab soliq toʻlovchilar maxsus dastur orqali soliq xavfi darajasini aniqlash mezonlari uchun belgilangan ballar va potensial soliq xavfi asosida baholanadi hamda toifalarga ajratiladi.

Koʻpgina soliq xavfi darajasi mezonlari maxfiy axborot sifatida tan olingan, ammo quyida keltirilgan mezonlar ochiq ma’lumot sifatida ma’lum qilingan:

– soliq yuki;

– ilgari taqdim etilgan soliq hisobotlariga bir necha bor (bir hisobot davri uchun uch va undan ortiq marta) oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilishi;

– soliq hisobotida bir necha soliq davridagi (ikki va undan ortiq) zararlar aks ettirilishi;

– soliq davri davomida soliq toʻlovchining joylashgan joyi bir necha bor (ikki va undan ortiq marta) oʻzgartirilishi va keyinchalik qayta roʻyxatdan oʻtkazilishi;

– qoʻshilgan qiymat soligʻi boʻyicha guvohnomasi bekor qilingan (roʻyxatdan chiqarilib tashlangan), shuningdek, tugatilgan, faoliyatini amalga oshirmayotgan, bankrot deb topilgan shaxslar bilan amalga oshirilgan bitimlar (operatsiyalar);

– sof foydaning xarajatlarga nisbati sifatida aniqlanadigan rentabellik koʻrsatkichi past darajada boʻlishi;

– soliq toʻlovchi tomonidan taqdim etilgan qoʻshilgan qiymat soligʻi boʻyicha soliq hisobotidagi operatsiyalar toʻgʻrisidagi ma’lumotlarning, ushbu operatsiyalar boʻyicha boshqa soliq toʻlovchi tomonidan taqdim etilgan soliq hisobotidagi ma’lumotlarga mos kelmasligi;

– Soliq kodeksiga asosan maxsus soliq rejimlarini qoʻllash huquqini beradigan aylanmalarini bir necha yil davomida bir milliard soʻmdan past miqdorda soliq hisobotlarini taqdim etishi;

– oʻtkazilgan soliq tekshiruvlari natijalari;

– qurilish sohasida faoliyat yuritadigan soliq toʻlovchilar uchun belgilangan mezonlar: qurilish ishlarini amalga oshirish uchun lozim darajada xodimlar, ombor, transport va uskunalar bilan ta’minlanmaganligi, ishlarni bajarish uchun soliq hisobotlarida zarur xarajatlarning aks etmasligi, bitta ob’yektda qurilish ishlarini olib boruvchi shaxslarning oʻzaro bogʻliqligi, qurilish ishlarini amalga oshiruvchi yangi tashkil etilgan soliq toʻlovchining bankdagi hisobvaragʻiga yirik miqdordagi mablagʻ kelib tushushi, xom ashyo va materiallarni sotib olish uchun ajratilgan mablagʻlarning qurilish hajmiga nisbatan nomutanosibligi, tugallangan qurilish ob’yektlarining tannarxiga yaqin narxlarda sotilishi, markazlashtirilgan manbalar hisobidan moliyalashtiriladigan qurilish ob’yektlarida xarajatlarning toʻlaqonli aks ettirilmaganligi.

Soliq toʻlovchining soliq xavfi darajasi soliq xavfini boshqarish tizimi asosida olti oyda bir marta aniqlanadi. Soliq xavfi darajasi yuqori boʻlmagan soliq toʻlovchilar tomonidan oʻttiz kalendar kundan ortiq soliq qarzdorligi toʻlanmagan taqdirda soliq xavfi darajasi har chorakda bir marta aniqlanishi belgilangan.

Shu oʻrnida tavsiya sifatida eslatib oʻtamizki, bugungi kunda hech qanday soliq toʻlovchi soliq xavflaridan holi emas, lekin bu degani soliq xavfi yuqori boʻlgan soliq toʻlovchilarga albatta qoʻshimcha soliq hisoblanadi yoki jarimalar qoʻllaniladi degani emas, balki soliq xavfi yuzaga kelgan vaziyat boʻyicha tushuntirishlar va asoslovchi hujjatlarni tegishli nazorat qilayotgan soliq organlari xodimlariga taqdim etish bilan mavjud soliq xafvlarini bartaraf etish mumkin. Shu bilan birgalikda soliq toʻlovchilar oʻz huquqlarini himoya qilish maqsadida soliq organining noqonuniy tekshiruvlari yuzasidan (huquqiy asoslanmagan hollarda) yuqori turuvchi soliq organiga yoxud sudga shikoyat qilishlari mumkin. Shuning uchun, soliq toʻlovchilar oʻz huquqlarini himoya qilish maqsadida soliq organlari tomonidan tashkil etilayotgan tekshiruvlar qay darajada soliq qonunchiligi talablariga javob bergan holda tayinlanganligi, soliq tekshiruvlari natijalari qay darajada toʻgʻri rasmiylashtirilganligi va boshqa holatlarga e’tibor berishlari lozim.

Bundan tashqari, mamlakatimizda iqtisodiy barqarorlikni yanada oshirish maqsadida tadbirkorlik sub’yektlari faoliyatini rivojlantirishga qaratilgan chora-tadbirlarning navbatdagi imkoniyatlari sifatida soliq siyosatida quyidagi oʻzgarishlarni eslatib oʻtamiz, ya’ni 2022 yil 22 avgust kuni oʻtkazilgan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining tadbirkorlar bilan ochiq muloqoti doirasida belgilangan ustuvor vazifalar ijrosini ta’minlash, shuningdek, tadbirkorlik sub’yektlari faoliyatiga asossiz aralashuvlarning oldini olish, nazorat qiluvchi organlarning mas’uliyatini oshirish va faoliyati ochiqligini ta’minlash maqsadida, Prezidentning 2022 yil 13 sentyabrdagi “Tadbirkorlik sub’yektlari faoliyatida tekshiruvlar oʻtkazishni muvofiqlashtirish tartibini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi. Qaror asosida quyidagi oʻzgartirishlar kiritilmoqda:

  • 2022 yil 1 noyabrdan boshlab tadbirkorlik sub’yektlari faoliyatida oʻtkaziladigan barcha tekshiruvlar “Yagona davlat nazorati” axborot tizimida roʻyxatga olinadi. Bunda tadbirkorlik sub’yektlari faoliyatida mazkur tizimda roʻyxatga olinmagan tekshiruvlarni oʻtkazish noqonuniy hisoblanadi.

 

Tadbirkorlik sub’yektlari faoliyatida oʻtkazilgan tekshiruvlarning natijalari hamda profilaktika tadbirlari toʻgʻrisida ma’lumot tekshiruv yoki profilaktika tadbirlari tugagan kundan boshlab uch kun muddatda “Yagona davlat nazorati” axborot tizimiga kiritiladi.

  • Nazorat qiluvchi organlar “xavfni tahlil etish” tizimi natijalariga asosan oʻtkaziladigan tekshiruvlarning boshlanishi haqida kamida 10 ish kuni oldin tadbirkorlik sub’yektini xabardor qiladi;
  • Nazorat qiluvchi organlar tadbirkorlik sub’yektining ilgari tekshirilgan faoliyat davridagi predmeti va ob’yekti boʻyicha qayta tekshiruv oʻtkazishga va tadbirkorlik sub’yekti tomonidan avval taqdim etilgan hujjatlarni talab qilishga haqli emas;
  • Tadbirkorlik sub’yektlari nazorat qiluvchi organlarning mansabdor shaxslarini quyidagi hollarda tekshiruv oʻtkazish uchun oʻz hududiga qoʻymaslik huquqiga ega:

– tekshiruv oʻtkazish toʻgʻrisidagi buyruq oʻrnatilgan tartibda rasmiylashtirilmaganda;

– tekshiruv belgilangan tartibda Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish boʻyicha vakil bilan kelishilmaganda yoki u xabardor etilmaganda;

– tadbirkorlik sub’yektlari faoliyatini tekshirish huquqini beruvchi maxsus guvohnoma mavjud boʻlmaganida;

– ular tekshiruvlarni roʻyxatga olish kitobiga ma’lumotlarni kiritishdan bosh tortganida.

 

  • Nazorat qiluvchi organlar tomonidan tadbirkorlik sub’yektlari faoliyatida tekshiruvlar va profilaktika tadbirlarini oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizom tasdiqlandi.
  • 2023 yil 1 yanvardan boshlab nazorat qiluvchi organlarga “Yagona davlat nazorati” axborot tizimidagi davlat nazorati funksiyalari reyestriga kiritilmagan funksiyalar boʻyicha tadbirkorlik sub’yektlari faoliyatida tekshiruvlar oʻtkazish taqiqlanadi.
  • Adliya vazirligiga Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish boʻyicha vakil, Savdo-sanoat palatasi va nazorat qiluvchi organlar bilan birgalikda 2022 yil 1 noyabrga qadar davlat nazorati funksiyalari va tekshiruvlarni qisqartirish boʻyicha takliflarni Strategik islohotlar agentligining kengashiga kiritish boʻyicha topshiriqlar berildi.

 

Agarda sizda tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirishda soliq tekshiruvlarida  muammolarga duch kelayotgan boʻlsangiz yoki kutilayotgan soliq tekshiruvlaridan xavotirga tushayotgan boʻlsangiz, "INTERNATIONAL BUSINESS AUDIT CONSULTING" MChJ auditorlik tashkiloti mutaxassislariga murojaat qilish orqali maslahatlar olishingiz yoki boshqa xizmatlardan foydalanishingiz mumkin.

 

Murojaat uchun:

Sayt: www.ibac.uz

E-pochta: info@ibac.uz

Tel.: +998 99 351-11-11.

Bahodir MANGITOV,

“INTERNATIONAL BUSINESS AUDIT CONSULTING” MChJ auditorlik tashkilotining auditori

 

Reklama huquqi asosida

Buxgalteriya hisobi va soliq solishga doir normativ hujjatlardagi yangi oʻzgarishlar Yangiliklar Yangiliklar /oz/publish/doc/text184380_soliq_tekshiruvlari_va_ularning_utkazilishiga_sabab_buluvchi_omillar