Koʻchmas mulkni chet ellik shaxs sotganda soliqlarni kim toʻlaydi

preview

Chet ellik shaxs (norezident) Oʻzbekiston fuqarosiga oʻz koʻchmas mulkini sotdi. Vuxgalter.uz iltimosiga koʻra MV Soliq-bojxona siyosati va daromadlarni prognozlash departamenti direktorining birinchi oʻrinbosari Umid HAMROYeV ushbu vaziyatda JShDSni kim toʻlashi kerakligi, uni qanday qilib toʻgʻri hisoblash mumkinligini tushuntirib berdi:

 

– Norezident Oʻzbekistondagi manbalardan daromad olganida soliq toʻlovchi deb e’tirof etiladi . Bunda uning daromadlariga soliq solish toʻlov Oʻzbekiston ichkarisida yoki tashqarisida qilinganligiga bogʻliq boʻlmaydi .

Norezidentlarning daromadlariga Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarini hisobga olgan holda soliq solinadi .

Bunday bitim boʻyicha JShDSni jismoniy shaxs – xaridor toʻlaydi. U soliq agenti hisoblanib, soliqni hisoblab chiqarishi, ushlab qolishi va byudjetga oʻtkazishi kerak .

Norezident mol-mulkini realizatsiya qilishdan olingan daromad ob’yektni realizatsiya qilish summasining uni hujjatlar bilan tasdiqlanadigan sotib olish qiymatidan oshgan summasi sifatida aniqlanadi.

Sotib olish qiymatini tasdiqlaydigan hujjatlar mavjud boʻlmaganda, soliq agenti mol-mulkni realizatsiya qilish qiymatidan kelib chiqqan holda soliqni ushlab qoladi .

Norezidentning mol-mulkini realizatsiya qilishdan olingan daromadga quyidagi stavkada soliq solinadi (26.07.2022 yildagi OʻRQ-785-son Qonun tahriridagi SK 382-m. 3-b.):

  • 2022 yil 1 maygacha – 20%;
  • 2022 yil 1 maydan – 12%.
Misol
Norezidentning mol-mulkini realizatsiya qilishda soliqni hisoblash
Chet ellik jismoniy shaxs 2017 yilda 200 mln soʻmga kvartira sotib oldi. 2022 yil avgustda uni 450 mln soʻmga sotishga qaror qildi. Chet ellik shaxsda xarid qilganlikni tasdiqlovchi hujjatlar bor. Norezidentning mol-mulkni realizatsiya qilishdan olgan daromadi 250 mln soʻmni tashkil etdi.

Soliq summasi 30 mln soʻmni (250 mln soʻm x 12%) tashkil etadi.

Xaridor soliq chegirilgan summa – 420 mln soʻmni (450 – 30) norezidentga oʻtkazishi kerak.

E’tibor bering
Norezidentlarning daromadlariga imtiyozlar qoʻllanilmaydi .

 

Xaridor norezidentga daromad toʻlayotganda soliqni ushlab qolmasa

Bu holda xaridor (soliq agenti) ushlab qolinmagan soliq summasini va u bilan bogʻliq penyani oʻz hisobidan byudjetga oʻtkazishi shart .

Xaridor qanday yoʻl tutishi lozim

Norezidentning mol-mulkni realizatsiya qilishdan olgan daromadlariga soliq solish tartibi SK 356-moddasida qayd etilgan:

1) qiymatni koʻrsatgan holda koʻchmas mulk oldi-sotdi shartnomasini tuzing.

Bunda xaridor yoki sotuvchi shartnomani imzolash vakolatini ishonchnoma boʻyicha ishonchli shaxsga berishi, oldi-sotdi bitimini rasmiylashtirish uchun zarur hujjatlarni tayyorlashi mumkin va h.k.;

2) norezidentda mol-mulkni sotib olish qiymatini tasdiqlovchi hujjatlar boʻlsa, ularning koʻchirma nusxasini oling;

3) toʻlanadigan soliq summasini hisoblang;

4) koʻchmas mulk joylashgan yerdagi soliq organiga norezidentning mol-mulkni realizatsiya qilishdan olingan daromad soligʻi hisob-kitobini taqdim eting;

E’tibor bering
Hisob-kitobni norezident daromadni oladigan valyutada tuzing.

5) hisob-kitobga mol-mulk oldi-sotdi shartnomasining koʻchirma nusxasi hamda norezidentning sotib olish qiymatini tasdiqlovchi hujjatlarning (mavjud boʻlgan taqdirda) koʻchirma nusxalarini ilova qiling. Mol-mulkni sotib olish qiymati hisob-kitob tuziladigan valyutada ifodalanmagan boʻlsa, uni MBning mol-mulkni sotib olish sanasidagi kursi boʻyicha hisob-kitob tuzilayotgan valyutaga qayta hisoblab chiqaring;

6) soliq organlari soliq hisoboti taqdim etilgan sanadan e’tiboran 10 ish kuni ichida soliq summasini koʻrsatgan holda toʻlov xabarnomasini yoxud norezident tomonidan realizatsiya qilingan mol-mulkdan olingan soliq boʻyicha qarzdorlik yoʻqligi toʻgʻrisidagi ma’lumotnomani yozib beradi;

7) soliqni sotib olingan mol-mulkka boʻlgan mulk huquqi roʻyxatdan oʻtkazilguniga (rasmiylashtirilguniga) qadar byudjetga toʻlang;

8) soliq organiga soliq toʻlanganligi faktini tasdiqlovchi hujjatni taqdim eting va soliq boʻyicha qarzdorlik yoʻqligi toʻgʻrisida ma’lumotnoma oling. Uni 1 ish kuni ichida olish mumkin;

9) barcha zarur hujjatlar, shu jumladan – soliq organining soliq boʻyicha qarzdorlik yoʻqligi toʻgʻrisidagi ma’lumotnomasini roʻyxatdan oʻtkazuvchi organga taqdim etib, mulk huquqini rasmiylashtiring.

 

 

JShDS va ijtimoiy soliq — maslahatlar JShDS va ijtimoiy soliq JShDS va ijtimoiy soliq — buxgalter.uz ekspertlarining maslahatlari: tushuntirishlar, misollar va koʻp beriladigan savollarga javoblar. /oz/publish/doc/text185671_kuchmas_mulkni_chet_ellik_shahs_sotganda_soliqlarni_kim_tulaydi