Fevral oyida ekspertlarning materiallari siz uchun foydali boʻladi:
SKga yuridik shaхslarning mol-mulkiga solinadigan soliq qismida kiritilgan oʻzgartirishlar hisobotni taqdim etish va soliqni toʻlash muddatlariga daхl qiladi. Jismoniy shaхslar uchun yashash uchun moʻljallanmagan koʻchmas mulk ob’yektlari qismida soliq summasini oʻtgan yildagiga nisbatan oʻsishini cheklash bekor qilinadi va stavkalar indeksatsiya qilinadi:
Yuridik shaхslar uchun
1. Quyidagilar saqlab qolinadi:
- soliq bazasini belgilash tartibi;
- 1 kv. m uchun mutlaq miqdorda eng kam qiymat miqdorlari (masalan, Toshkent shahrida – 2,5 mln soʻm);
- mahalliy organlarning hududlarda eng kam qiymatga 0,5 gacha boʻlgan kamaytiruvchi koeffitsiyentni belgilash huquqi;
- 1,5 foiz miqdoridagi soliq stavkasi.
2. Ayrim ob’yektlar boʻyicha stavka oʻzgartirildi
SKning 415-moddasi 3-qismida koʻrsatilgan ob’yektlar boʻyicha soliq stavkasi 0,5%dan 0,6%gacha oshirildi. Bular – umumiy foydalanishdagi temir yoʻllar, magistral quvurlar, aloqa va elektr uzatish liniyalari, shuningdek konservatsiya qilinishi toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasining qarori qabul qilingan koʻchmas mulk va tugallanmagan qurilish ob’yektlari.
3. SKda foydalanilmayotgan ob’yektlar uchun oshirilgan stavkalarni bekor qilish mustahkamlandi
2022 yilning 1 iyulidan boshlab soliqning oshirilgan stavkalari foydalanilmayotgan maydonlar va tugallanmagan qurilish ob’yektlariga nisbatan qoʻllanilmaydi. Endi ushbu norma SKga kiritildi.
4. Hisobotni taqdim etish va soliqni toʻlash muddatlari oʻzgartirildi
Aynan quyidagilarni topshirish muddati belgilandi:
- boʻnak toʻlovlari toʻgʻrisidagi ma’lumotnoma – 2023 yilning 20 yanvaridan kechiktirmay (ilgari – joriy yilning 10 yanvariga qadar boʻlgan);
- yillik hisob-kitobni taqdim etish va soliqni yakuniy toʻlash (boʻnak toʻlovlarini hisobga olgan holda) – 1 martdan kechiktirmay (ilgari – yillik moliyaviy hisobotni taqdim etish bilan bir vaqtning oʻzida, norezidentlar uchun esa – hisobot yilidan keyingi yilning 15 fevraliga qadar).
Quyidagilar boʻnak toʻlovlarini toʻlaydilar:
- aylanmadan olinadigan soliqni toʻlovchilar – har chorakdagi uchinchi oyning 20-sanasidan kechiktirmay (birinchi safar boʻnak 2023 yilning 20 martidan kechiktirmay toʻlanadi). Ilgari ular boʻnaklarni har chorakdagi uchinchi oyning 10-sanasidan kechiktirmay toʻlashgan;
- qolgan toʻlovchilar – har oyning 10-sanasidan kechiktirmay. Bunda yanvar oyi uchun boʻnakni 20 yanvardan kechiktirmay toʻlash mumkin.
Jismoniy shaхslar uchun
1. Soliq summasini oʻtgan yildagiga nisbatan oshirishga cheklov saqlab qolinmoqda
Cheklov turar joy fondi ob’yektlariga, shu jumladan, koʻp kvartirali uylarga uzviy bogʻliq boʻlgan mashina turar joylariga ega boʻlgan jismoniy shaхslar uchun amal qiladi.
2023 yilda 2018 yilda belgilangan kadastr qiymati asosida hisoblab chiqarilgan soliq summasi 2022 yil uchun hisoblangan soliq summasidan 1,3 baravardan ortiq miqdorda oshishi mumkin emas. Ushbu cheklov 2018 yildan boshlab jismoniy shaхslarga tegishli barcha koʻchmas mulk ob’yektlariga nisbatan qoʻllaniladi.
Bunda yashash uchun moʻljallanmagan koʻchmas mulk ob’yektlari qismida soliq summasini oʻtgan yildagiga nisbatan oʻsishini cheklash bekor qilinadi.
2. Soliq stavkalari indeksatsiya qilinadi
2022 yilda amal qilgan soliq stavkalari oʻrtacha 10%ga indeksatsiya qilinmoqda. Bunda 2018 yilda kadastr organlari tomonidan belgilangan soliq solish ob’yektlarining kadastr qiymati miqdori (soliq bazasi) saqlab qolinadi.
3. SKda foydalanilmayotgan ob’yektlarga nisbatan oshirilgan stavkalarni bekor qilish mustahkamlandi
2022 yilning 1 iyulidan boshlab soliqning oshirilgan stavkalari foydalanilmayotgan maydonlar va tugallanmagan qurilish ob’yektlariga nisbatan qoʻllanilmaydi. Endi ushbu norma SKga kiritildi.
![]()