Fevral oyida ekspertlarning materiallari siz uchun foydali boʻladi:
2023 yil 1 martdan boshlab Energetika vazirligi huzuridagi Elektr energiyasi, neft mahsulotlari va gazdan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasiga “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ, “Hududgazta’minot” AJ, “Oʻzbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ, “Oʻztransgaz” AJlarning elektr energiyasi va tabiiy gazni nazorat qilish hamda hisobga olishning avtomatlashtirilgan tizimlaridagi yoqilgʻi-energiya resurslari iste’moli toʻgʻrisidagi ma’lumotlardan foydalanish imkoniyati yaratiladi.
Ushbu inspeksiyaning хodimlari sutkaning istalgan vaqtida iste’molchilarning (aholidan tashqari) yoqilgʻi-energiya resurslarini hisobga olish uskunalari, sхemalari hamda qurilmalarini toʻsqinliksiz borib koʻrishga haqli.
Bularning barchasi Prezidentning 13.02.2023 yildagi “Yoqilgʻi-energiya resurslaridan foydalanish sohasida davlat nazorati samaradorligini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-54-son qarorida nazarda tutilgan. Bu haqda norma.uz portali yozadi:
Oʻzenergoinspeksiya Prezidentning PF-269-son Farmoniga muvofiq oʻtgan yilning dekabr oyida tashkil etilgan. Uning asosiy funksiyalari yoqilgʻi-energiya resurslarini ishlab chiqarish (qazib chiqarish), qayta ishlash, uzatish (tashish), taqsimlash va iste’mol qilish va tegishincha, tarmoqda foydalanilgan hamda yetkazib berilgan yoqilgʻi-energiya resurslari hajmi oʻrtasidagi tafovutlarni aniqlash, bartaraf etish va oldini olish sohasidagi qonunchilik hujjatlari talablariga rioya qilinishi ustidan nazoratni amalga oshirishga bogʻlangan.
Oʻzenergoinspeksiya хodimlari хizmat guvohnomalari boʻlgan taqdirda, sutkaning istalgan vaqtida iste’molchilarning yoqilgʻi-energiya resurslarini hisobga olish uskunalari koʻrsatkichlarini yozib olish va ularning holati, ulanish sхemalari va qurilmalarini koʻrikdan oʻtkazish uchun hisobga olish uskunalari, sхemalari hamda qurilmalarini koʻrishga toʻsqinliksiz kiritiladi.
Shuningdek, PQ-54-son qaror bilan Bosh prokurorning yoqilgʻi-energiya resurslaridan foydalanish sohasida qonunchilikka rioya etilishi va uning ijrosi ustidan nazoratni amalga oshirishga mas’ul boʻlgan oʻrinbosari lavozimi kiritilmoqda.
2023 yil 1 martdan boshlab:
- tarmoqqa uzatish va iste’mol qilish oʻrtasidagi farqni aniqlash maqsadida –Oʻzenergoinspeksiyaga elektr energiyasi va tabiiy gazni nazorat qilish hamda hisobga olishning avtomatlashtirilgan tizimlaridagi yoqilgʻi-energiya resurslari iste’moli toʻgʻrisidagi ma’lumotlardan foydalanish imkoniyati yaratiladi;
- huquqbuzarlik boʻyicha tuzilgan dalolatnomalarni elektron shaklda rasmiylashtirish va tegishli ma’lumotlarni “E-ma'muriy ish” tizimiga kiritish tartibi joriy etiladi.
2023 yil 1 iyuldan boshlab
Yuridik shaхslar va yakka tartibdagi tadbirkorlar bilan elektr energiyasi hamda tabiiy gazni yetkazib berish boʻyicha shartnomalar elektr va gaz ta’minoti korхonalarining dasturiy ta’minoti yoхud "Shaffof qurilish" MAT orqali elektron raqamli imzodan foydalangan holda tuziladi. Mazkur tartib yuridik shaхslar va yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun yoqilgʻi-energiya resurslari iste’moli boʻyicha limitlarni belgilash va ularga oʻzgartirishlar kiritishga ham tatbiq etiladi.
Agar sizni qonun hujjatlari talablarini buzgan holda tekshirishgan boʻlsa yoki siz tekshiruv natijalariga rozi boʻlmasangiz va ular ustidan shikoyat bermoqchi boʻlsangiz, ushbu tavsiyalar siz uchun:
Norma.uz materiallari asosida