9 oyni xatolarsiz yopamiz:
Soliq ma’muriyatchiligini jadal tarzda raqamlashtirishdan zarar koʻrgan – soliq organlaridan u olishi kerak boʻlmagan hujjatni olgan; oʻzining qonuniy huquqlarini roʻyobga chiqarishga erisha olmayotgan soliq toʻlovchi qanday yoʻl tutishi lozim?
Vaziyatdan chiqish yoʻlini «Norma» va buxgalter.uz iltimosiga binoan soliq maslahatchisi Gulnora ERGAShEVA aytib berdi:

– Buning yoʻli bitta – soliq organlariga – hisobga qoʻyilgan joydagi inspeksiyaga yoki bevosita Soliq qoʻmitasiga murojaat qilib, bardosh bilan va keskin tarzda muammoning hal qilinishiga erishish. Agar bu yordam bermasa – sudga murojaat qilish lozim. Afsuski, oxirgi vaqtda bu borada murojaatlar soni oshib bormoqda.
Soliq ma’muriyatchiligi juda jadal tarzda raqamlashtirilmoqda, yangi dasturiy yechimlar tezda – hammasini mukammal qayta ishlash imkonini beradigan uzoq sinovlarsiz joriy etilmoqda. Dasturiy yechimlarni ishlab chiqish chogʻida soliqchilar ommaviylikka moʻljal olishadi, bunda ayrim oʻziga xos jihatlarni e’tibordan chetda qoldirishadi. Buning oqibatida yuzaga keladigan xatolar juda sekin tuzatiladi.
Bunday hisobga olinmagan oʻziga xos jihatga qoʻshilgan tadbirkorlarga oʻz muammolarining hal qilinishiga erishishlari juda qiyin boʻladi. Oʻzlariga qonun boʻyicha tegishli boʻlgan narsalarga erishish uchun oylab sabot bilan kurashishlariga toʻgʻri keladi. Murojaatlarni koʻrib chiqishga mas’ul boʻlgan inspektorlar esa ishga rasmiyatchilik yuzasidangina yondashadilar. Bunday murojaatlarni, shu jumladan yagona hollarda, tezkor tarzda va sifatli koʻrib chiqish uchun sharoitlar yaratish lozim, deb hisoblayman.
Men shu haftada duch kelishimga toʻgʻri kelgan bir nechta shunday vaziyatlarni koʻrib chiqamiz.
1. Nol koʻrsatkichli talabnoma
Poytaxtdagi firmalardan birida ishlaydigan buxgalter murojaat qildi. Ular kameral nazorat natijalari boʻyicha talabnoma olishgan, unda huquqbuzarliklar aniqlanmaganligi, «0» miqdorida qoʻshimcha soliqlar, «0» soʻm miqdorida penya hisoblanganligi ochiq-oydin yozilgan, buning ustiga chiqarilgan qarordan norozi boʻlgan taqdirda yuqori turuvchi organlarga yoki sudga uni ustidan shikoyat berishga ruxsat berishgan. Menda ushbu hujjat mavjud, qiziqqanlar boʻlsa, uni taqdim etishim mumkin.
Bu bema’nilik, toʻgʻrimi? Talabnoma esa inspeksiya boshligʻining oʻrinbosari tomonidan imzolangan. Bunday talabnomani tayyorlagan inspektor ham koʻrsatilgan. Bunday qilish nima uchun kerak edi? SKning 138-moddasi 13-qismi soliq organlariga talabnomani faqat taqdim etilgan soliq hisobotida tafovutlar va (yoki) xatolar aniqlangan holda taqdim etish majburiyatini yuklaydi.
Natijada davlat organi xodimlarining «begʻaraz xatosi» buxgalter uchun ruhiy zarbaga aylandi. Bunday qarorga qanday munosabat bildirishni tushunish uchun maslahatlarga vaqt va mablagʻlar sarflandi.
Kameral soliq tekshiruvlari natijalari boʻyicha qaror soliqqa oid huquqbuzarlik sodir etganlik uchun soliq toʻlovchiga nisbatan qoʻshimcha soliqlar va penya hisoblangan taqdirda chiqariladi. Bu holda qarorni, u qabul qilingan kundan keyin 2 kun ichida soliq toʻlovchiga yuborishadi
. Normalarga rioya qilish lozim.
2. NNT uchun aylanmadan olinadigan soliq
NNTning buxgalteri yanvar oyi uchun hisobotni topshirish chogʻida unda «tovarlarni (xizmatlarni) marketpleys orqali realizatsiya qilish» satri avtomatik rejimda toʻldirilganligini aniqladi. Ushbu satrdan fuqarolar tomonidan Click, PayME va boshqa toʻlov ilovalari orqali – itlarni saqlash uchun xayriya sifatida yoʻnaltirilgan barcha summa oʻtgan. Tashkilot hech qanday tijorat faoliyatini amalga oshirmaydi, aylanmadan olinadigan soliq hisoblanishi kerak emas, ya’ni bu – xizmat emas.
Birinchi marta DSI inspektori yordamida vaziyatni tushunishga urinish muvaffaqiyatsiz tugadi. «Hammasi toʻgʻri», degan ijobiy rasmiy javob oldik. Biroq – aslida – hech narsa toʻgʻri emas! Soliq kodeksiga (48, 58, 239, 304, 463-moddalar) muvofiq fuqarolar va yuridik shaxslarning notijorat tashkilotlariga xayriyalariga QQS va aylanmadan olinadigan soliq solinmaydi.
Bularning barchasi toʻlov ilovalarini onlayn-NKTga aylantirish sharoitida roʻy berdi. Ishlab chiquvchilar ular orqali bunday notijorat tashkilotlariga xayriyalarni amalga oshirish ham mumkinligini hisobga olishmagan.
Ushbu masalani Soliq qoʻmitasi darajasida – oʻz vaqtida advokatlik xizmatlari, kursdagi farqlar va koʻplab boshqa masalalarni hal qilishga oʻxshash tarzda hal qilish lozim, deb oʻylayman. Bunday toʻlovlar – notijorat tashkilotlariga xayriyalar – maxsus MXIKga ega boʻlishi kerak, u koʻrsatilganda QQS va aylanmadan olinadigan soliq avtomatik tarzda hisoblanmaydi.
3. Texnologiyalardagi nomuvofiqlik
Soliq kodeksi butun kafolat muddati mobaynida tovar qaytarilgan holda soliq solinadigan bazaga tuzatish kiritish imkonini beradi. Lekin buni doʻkon tovarni fiskal xotirali NKM vaqtida sotgan, xaridor esa uni – hozir, hamma onlayn-NKT bilan ishlayotgan paytda qaytarganda amalga oshirish muammoli boʻladi.
Muammo shundaki, amaldagi qoidalarga binoan soliq bazasiga tuzatish kiritish uchun qaytarish chekiga sotish chekini bogʻlash zarur. Bu vaziyatda esa onlayn-NKT tizimida ushbu xarid uchun sotish cheki shunchaki boʻlishi mumkin emas – u bu joriy etilgunga qadar sotilgan.
Vaziyatdan chiqishning yagona oqilona yoʻli – u boʻyicha mazkur sotish cheki hisobotdan oʻtgan hisobvaraq-fakturaga qoʻshimcha EHF taqdim etish. Biroq bunday imkoniyat ham yopilgan, uni soliqchilar soliq toʻlovchining murojaatiga asosan manzilli taqdim etadilar. Bu masalada soliq organining qoʻllab-quvvatlashiga ega boʻlish ham oson emas. Sababi – soliq toʻlovchilarning murojaatlarini koʻrib chiqishga rasman yondashish.
Misol uchun, menga ma’lum boʻlgan maishiy texnika doʻkonining DSQga murojaatlariga yarim yil davomida lozim darajada e’tibor berilmayotir. Oxirgi shunday murojaatlaridan biriga buxgalter keshbek toʻlangan cheklar boʻyicha qaytarish rasmiylashtirilmasligi yuzasidan tushuntirish oldi. Lekin fiskal xotirali NKM vaqtida hech qanday keshbek boʻlmagan! Javobni tayyorlagan xodim buni bilmasligi shubhasizdir.
Soliq toʻlovchi deyarli yarim yildan buyon soliqchilarga oʻz muammosini tushuntirishga harakat qilmoqda. Unga doim QQS va foyda soligʻidagi nomuvofiqliklarga asoslangan kameral tekshiruv talabnomalari kelmoqda. Nima qilish kerak? Kamchiliklarni bartaraf etishga uning kuchi yetmaydi – unda hammasini qonun boʻyicha rasmiylashtirish uchun vositalar mavjud emas.
Hozir bu ish yurishganga oʻxshaydi. Uzoq davom etgan oʻzaro asabbuzarlikdan soʻng, soliqchilar nihoyat qaytarish holatini va soliq hisobotiga tuzatish kiritish zaruratini tasdiqlash uchun zarur hujjatlarni soʻrab olishdi. Voqealar rivoji nihoyat oʻzining qonuniy yechimiga ega boʻladi.
Lekin tadbirkorlarning Soliq qoʻmitasiga shunga oʻxshash murojaatlari holatlari mavjud, ularga ariza koʻrib chiqish uchun Hududlararo inspeksiyaga yuborilganligi toʻgʻrisida shunchaki javob olingan. Biroq Hududlararo inspeksiya xodimlari bunday vaziyatda nima qilishni bilishmaydi. Ular soliq toʻlovchiga qoʻngʻiroq qilib, keyinchalik yuqori turuvchi organlardan tanbeh eshitmasliklari uchun javobda unga nima yozishlari kerakligini soʻrashmoqda.
Nima qilish kerak
Soliq organlari – soliq toʻlovchilarning hamkorlari – soliq toʻlovchilar axborot tizimlaridagi kamchiliklar natijasida yuzaga kelgan har qanday muammoni tezkor tarzda hal qilishlari mumkin boʻlishi uchun kompleks yechimni topishlari lozim.
Oleg GAYeVOY tayyorladi