Yillik inventarizatsiya – 2026: tartib va hujjatlar
Qazish ishlaridan oldin yer qa’ridan foydalanuvchining xarajatlari qanday hisobga olinadi
“Yer qa’ridan foydalanuvchi boʻlgan korxona ohaktosh, lyosslar qazib oladi, amaldagi va qazib olish rejalashtirilayotgan ochiq konlarga ega. Qazib olishni boshlashdan oldin korxonada konga doir tayyorgarlik, ustki qatlamni ochish va burgʻulash ishlariga doir xarajatlar yuzaga keladi. Bunday xarajatlarni qaysi schyotda yuritish kerak? Qanday hisobdan chiqarish va hisobda aks ettirish lozim?”.
Savollarga “Norma” ekspertlari Mirjalol MIRFAYoZOV i Dilorom SAIDOVA javob berishdi:
– Soliq hisobi maqsadlarida qazib olish sohasi korxonalari SKning 311-moddasi va soliq turiga bogʻliq holda boshqa normalarga amal qilishadi.
Amaldagi qonun hujjatlarida qazib olishni boshlashdan oldin geologik jihatdan oʻrganish, qidirish, foydali qazilmalarni qazib olishga doir tayyorgarlik ishlari uchun amalga oshirilgan xarajatlar, shu jumladan baholashga, jihozlashga doir xarajatlarni, shuningdek boshqa xarajatlarni qanday aks ettirish aytilgan alohida standart yoki yoʻriqnoma mavjud emas.
Xarajatlar tarkibi toʻgʻrisidagi nizomning 1.5.12-bandiga asosan qazib oluvchi tarmoqlarda tayyorgarlik ishlari boʻyicha xarajatlar, agar ular kapital xarajatlarga tegishli boʻlmasa (ya’ni asosiy vositalar sifatida kapitallashtirilmasa), kelgusi davrlar xarajatlari sifatida qaraladi. Ular soʻndirishning belgilangan muddati mobaynida teng ravishda ishlab chiqarish tannarxiga yoki qazib olingan mahsulotning hajmi va miqdoriga mutanosib ravishda hisobdan chiqariladi. Kelgusi davrlar xarajatlarini hisobdan chiqarishning tanlangan usuli xoʻjalik yurituvchi sub’yektning hisob siyosatida aks ettirilgan boʻlishi kerak.
Yuqorida bayon etilganlardan kelib chiqib, fikrimizcha, foydali qazilmalarni qazib olishni boshlashdan oldin amalga oshirilgan xarajatlarni buxgalteriya hisobi maqsadlarida kechiktirilgan xarajatlar yoki kelgusi davrlar xarajatlari sifatida hisobga olish maqsadga muvofiqdir.
Bunda 0990, 3190, 3290-schyotlaridan foydalanish yoki alohida subschyotlar ochish mumkin. Hisobdan chiqarish muddatiga bogʻliq holda ularni uzoq muddatli va joriy xarajatlarga ajratish mumkin.
Bunday xarajatlarni ularni soʻndirishning belgilangan muddati mobaynida yoki qazib olingan mahsulotning hajmi va miqdoriga mutanosib ravishda hisobdan chiqarish mumkin. Kelgusi davrlar xarajatlarini hisobdan chiqarishning tanlangan usulini korxonaning hisob siyosatida aks ettiring.
Soliq solish maqsadlarida bunday xarajatlar foydali qazilmalarni qazib olish boshlangan yoki ustki qatlamni ochish ishlari yakunlangan paytdan e’tiboran jami daromaddan amortizatsiya ajratmalari tarzida chegirib tashlanadi. Bunday maqsadlar uchun cheklangan normalar belgilangan
. Shuni koʻzda tutingki, buxgalteriya hisobi maqsadlarida va soliq solish maqsadlarida aniqlangan xarajatlar summalari muvofiq kelmasligi mumkin. Bu holda foyda soligʻi boʻyicha vaqtinchalik farq hosil boʻladi.
Agar korxona xalqaro standartlar boʻyicha moliyaviy hisobot taqdim etsa, “Ochiq konning qazib chiqarish bosqichidagi ustki qatlamni ochish sarflari” (IFRIC) 20-son MHXSShQ sharhiga e’tibor bering.
![]()