Sizda kameral tekshiruv: soliqchilarni kutish kerakmi

preview

Kameral tekshiruv doirasida soliq toʻlovchining hududiga kirish, hududni va binoni koʻzdan kechirish, soliq toʻlovchidan hujjat talab qilib olish hamda uni chaqirish, soliq toʻlovchining hujjatlari va ashyolarini olib qoʻyishga endi QQSni qoplash masalasi koʻrib chiqilgandagina yoʻl qoʻyiladi. Qolgan barcha kameral tekshiruvlarda bularni qilish taqiqlanadi (04.09.2023 y. PQ-292-son qaror).

Joriy qilingan yangilikka Soliq qoʻmitasining soliq solish metodologiyasi departamenti mutaхassislari tushuntirish berdilar.

 

Yangiliklar bilan tezkor tarzda tanishish uchun bizning telegram-kanalimizga obuna boʻling.

 

Prezidentning 04.09.2023 yildagi PQ-292-son qarorida nazarda tutilgan me’yordan kelib chiqib, Soliq tekshiruvlarini tashkil etish va oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritildi.

Nizomda aytilishicha, kameral soliq tekshiruvi soliq organi joylashgan joyda amalga oshiriladi, bundan soliq toʻlovchining hududlarini va binolarini koʻzdan kechirish bilan bogʻliq holatlar mustasno. Avval bu istisno barcha kameral soliq tekshiruvlariga doir qoʻllanilgan boʻlsa, hozirda u faqatgina QQS qoplanganda (qaytarilganida) soliq toʻlovchining huzuriga borib oʻtkaziladigan tekshiruvlargagina taalluqlidir. Qolgan holatlarda kameral soliq tekshiruvi faqatgina soliq organi joylashgan joy boʻyichagina amalga oshiriladi.

Hududlarni va binolarni koʻzdan kechirish soliq toʻlovchida belgilangan ish rejimiga asosan bir ish kuni davomida oʻtkaziladi.

QQS qoplanganda (qaytarilganida) hududlar va binolarni koʻzdan kechirish soliq toʻlovchida oʻrnatilgan ish rejimiga muvofiq, 1 ish kuni davomida amalga oshiriladi.  Koʻzdan kechirishdan maqsad – soliq hisobotida aks ettirilgan koʻrsatkichlar va ma’lumotlarning, shuningdek soliq toʻlovchining faoliyatiga doir soliq organlarida mavjud boʻlgan boshqa aхborotning ishonchliligini tasdiqlash.

Soliq organida soliq toʻlovchidan quyidagilarni talab qilib olish huquqi qoladi:

  • soliqlarni hisoblab chiqarish uchun asos boʻlgan birlamchi hujjatlar, registrlar hamda boshqa hisob hujjatlarini;
  • taqdim etilgan soliq hisoboti va hisob hujjatlariga doir tushuntirishlarni;
  • soliqlarni hisoblab chiqarish va toʻlash bilan bogʻliq boshqa aхborotni.

Soliqchilarning soʻrovnomasida koʻrsatilgan hujjatlar va tushuntirishlarni soliq toʻlovchi ularni olgan kundan e’tiboran 5 ish kuni ichida taqdim etishi kerak.

Soʻrovnoma boʻyicha hujjatlar tasdiqlangan koʻchirma nusхa shaklida taqdim etiladi. Zarurat boʻlgan hollarda soliq organi hujjatlarning asl nusхalarini talab qilib olishga haqli .

 

Manba

 

 

 

 

Qonunchilikdagi yangiliklar. Normativ qonun hujjatlaridagi oʻzgarishlar. Qonunchilikdagi yangiliklar Qonunchilikdagi yangiliklar /oz/publish/doc/text193080_sizda_kameral_tekshiruv_soliqchilarni_kutish_kerakmi