9 oyni xatolarsiz yopamiz:
Soliq qoʻmitasi saytida yangi Yirik soliq toʻlovchilar roʻyxati e’lon qilindi - u avvalgisidan ikki barobar kam. Shu bilan birga, regulation.gov.uz portalida "Buxgalteriya hisobi tizimini yanada takomillashtirish va uni Moliyaviy hisobotning xalqaro standartlariga oʻtishini ragʻbatlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida"gi prezident qarori loyihasi (ID-101485) muhokama qilinmoqda.
Buxgalter.uz iltimosiga koʻra vaziyatni soliq maslahatchisi Gulnora ERGAShEVA tushuntirdi:
Soliq maslahatchilarining javoblarini oʻtkazib yubormaslik uchun Telegram-kanalimizga obuna boʻling.
– 24.02.2020 yildagi PQ-4611-sonli qarorga muvofiq MHXSga oʻtishi majburiy boʻlgan yirik soliq toʻlovchilar roʻyxatining qisqartirilishini hech qanday holatda MHXSga oʻtishdan voz kechish deb talqin qilish kerak emas. Soliq qoʻmitasi raisining 04.07.2024 yildagi 209-sonli buyrugʻi Yuridik shaxslarni yirik soliq toʻlovchilar toifasiga kiritish mezonlarini aniqlash toʻgʻrisidagi nizomga kiritilgan oʻzgartirishlarga muvofiq soliq xizmati boʻlinmalari ishini qayta sozlashga qaratilgan. Bunday qaror quyidagilarni qayta taqsimlash zarurati tufayli qabul qilingani ayon:
- soliq xizmati boʻlinmalari oʻrtasida ish yuklamasi;
- markaz va mintaqalar oʻrtasida byudjet tushumlari.
Roʻyxatning qisqarishi tashkilotning yirik soliq toʻlovchilar qatoriga kiritilishi asosida boʻladigan sof tushum chegarasining oshishi bilan yuz berdi. Ilgari bu 100 mlrd soʻm edi. Endi yirik soliq toʻlovchilarga oʻtgan kalendar yili yakunlari boʻyicha yoki ketma-ket 12 oylik davr yakunlari boʻyicha mahsulot (tovarlar, ishlar, xizmatlar) realizatsiyasidan sof tushumi BHMning 735 ming miqdoridan oshadigan, shuningdek xodimlarining oʻrtacha yillik soni kamida 10 kishi boʻlgan yuridik shaxslar va Oʻzbekistondagi xorijiy yuridik shaxslarning doimiy muassasalari (boʻlinmalari) kiradi.
Qisqartiriladigan yirik soliq toʻlovchilar qatoriga asosan 2023 yil oktyabr va 2024 yil 9 yanvarda ushbu roʻyxatga kiritilgan korxonalar kirdi. Chunki ularning aksariyatida sof tushum koʻrsatkichi oldingi va yangi chegara orasida joylashgan. Oʻylaymanki, ulardan juda kamchiligi MHXSga oʻtishni kechiktirishni istamaydilar.
"Buxgalteriya hisobi tizimini yanada takomillashtirish va uni moliyaviy hisobotning xalqaro standartlariga oʻtishini ragʻbatlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida"gi prezident qarori loyihasi MHXSni joriy etish davom etayotganidan dalolat beradi. Muhimi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi ushbu hujjatni qabul qilish orqali bu jarayonni yangi bosqichga olib chiqmoqchi.
Mening fikrimcha, bunday hujjat ikki-uch yil oldin - 2020-2021 yillarda chiqishi kerak edi, chunki u korxona va tashkilotlarni MHXSga oʻtishda qoʻllab-quvvatlash, moliyaviy hisobot va auditning milliy va xalqaro standartlarini uygʻunlashtirish bilan bogʻliq koʻplab masalalarni tartibga solishga qaratilgan. Hujjat sifatli va imkon qadar foydali boʻlishi uchun iloji boricha koʻproq mutaxassislar oʻz fikr-mulohaza va takliflarini regulation.gov.uz saytida qoldirishlari kerak. Muhokama 27 iyulgacha davom etadi.
Amaliyotda koʻrib turganimizdek, MHXSga oʻtish va qaytish koʻpincha yil davomida yuz berishi mumkin, shuningdek soliq toʻlovchiga bogʻliq boʻlmagan sabablar va asoslar tufayli. Keyinchalik bu hisobotda va uning tekshiruvlarida katta qiyinchiliklarga olib keladi. Shuning uchun loyihaning oʻtish paytini tartibga soluvchi normasini juda muhim deb hisoblayman. Loyihada barcha korxonalar uchun MHXS boʻyicha hisobotlarni tuzish sanasini hisobot yilidan keyingi yilning 1 yanvari etib belgilash taklif etilmoqda. Bundan MHXSga ixtiyoriy ravishda oʻtayotgan tashkilotlar mustasno.
Hisobot yilida xalqaro standartlarga ixtiyoriy oʻtish toʻgʻrisida qaror qabul qilgan tadbirkorlik sub’yektlari hisobot yilining 1 apreligacha MHXSga oʻtish sanasini koʻrsatgan holda soliq organlariga tegishli xabarnoma yuborishlari kerak boʻladi.
MHXS talablari asosida konsolidatsiyalashgan moliyaviy hisobotni shakllantiradigan xoʻjalik yurituvchi sub’yektlar oʻzlarining alohida moliyaviy hisobotini MHXSga muvofiq tayyorlashlari kerak boʻladi.
Kadrlar siyosati va kadrlar tayyorlash masalalarida korxonalarni qoʻllab-quvvatlashga katta e’tibor qaratilmoqda. MHXS boʻyicha ishlaydigan korxonalar uchun tashkilotlarning buxgalteriya hisobi xizmatlari rahbarlarini majburiy sertifikatlash tizimini joriy etish rejalashtirilmoqda:
1) ijtimoiy ahamiyatga ega boʻlgan;
2) buxgalteriya xizmatlarini koʻrsatuvchi.
Majburiy audit xizmati takomillashtiriladi. Elektron hujjatlar shakllari, xususan, EHF MHXSning talablariga moslashtiriladi.
Jamoat tashkilotlari roʻyxatiga quyidagilarni kiritish taklif etilmoqda:
a) qimmatli qogʻozlar fond birjasi listingiga kiritilgan tashkilotlar;
b) tijorat banklari va toʻlov tashkilotlari;
v) sugʻurta tashkilotlari;
j) ustav fondida (ustav kapitalida) davlat ulushi 50 foizdan yuqori boʻlgan, ayni paytda "k" bandi talablariga javob beradigan xoʻjalik jamiyatlari;
g) investitsiya fondlari;
d) fond birjalari;
k) hisobot yili oxirida aktivlarining balans qiymati BHM summasidan 200 ming barobardan koʻp, soʻnggi ikki yil mobaynida tovar va xizmatlarni realizatsiya qilishdan yillik daromadi 500 ming BHM va undan koʻp, xodimlarining oʻrtacha yillik soni 1 kishidan koʻp boʻlgan tashkilotlar.
Shu bilan birga, ma’lum bir guruh yirik soliq toʻlovchilar uchun choraklik moliyaviy hisobotni joriy etish taklif etilmoqda. Holbuki, Oʻzbekiston yaqindagina bu amaliyotdan voz kechib, moliyaviy hisobotni topshirish davriyligini yillikka oʻtkazgan edi. Oʻylaymanki, bu qaror kameral nazorat bilan bogʻliq. Uch oylik raqamlarni tahlil qilish butun yillik raqamlarni tahlil qilishdan osonroq.
Oleg GAYeVOY tayyorladi