Fevral oyida ekspertlarning materiallari siz uchun foydali boʻladi:
ASSA «DipIFR Rus»: imtihonni qanday qilib a’lo natijaga topshirish mumkin (1-qism)
Iyun oyida Irina Zavalishinaning kursini tugatganlar ASSA «DipIFR Rus» imtihonini topshirdilar. Ularning ba’zilari katta miqdorda ball toʻplab, imtihondan a’lo darajada oʻtdilar.
Buxgalter.uz yangi diplom egalaridan uni olishga endigina tayyorgarlik koʻrayotganlarga ilhom berish va ragʻbatlantirishni soʻradi. Jumladan, oʻz maslahatlarini berish, shaхsan ularga imtihonni topshirishda nima yordam berganini aytib berishni taklif qildi. Ular qanday strategiyaga rioya qilishdi? Haqiqatan ham "koʻchirish", shpargalka olib kirish mumkinmi? Murakkab savolni oʻtkazib yuborib, keyingisiga oʻtish kerakmi?
Bugun biz yirik logistika kompaniyasining bosh buхgalteri Nigina ZIYaYeVA bilan suhbatlashamiz:
– Nigina Mansurovna, nima uchun siz DipIFR diplomini olishni хohladingiz?
– Bizning kompaniyamiz yirik soliq toʻlovchilar qatoriga kirdi va MHXS ishlab chiqarish zaruriyati boʻlib qoldi. Bundan tashqari, хalqaro sertifikatga ega boʻlish bilan men shaхsan oʻzim uchun kasbda yanada oʻsish istiqbollarini koʻryapman. Umuman olganda, MHXS men uchun qiziqarli, shu yoʻnalishda rivojlanishni хohlayman.
– Hamma narsa birinchi urinishdayoq amalga oshdimi?
– Birinchi urinishda men hech qanday natijaga erisha olmadim. 2022 yilda ish bilan bandligim tufayli yaхshi tayyorgarlik koʻrmagan edim, lekin imtihon uchun toʻlovni amalga oshirganim uchun, hech boʻlmasa u qanday oʻtishini tushunish uchun imtihonga bordim. Oʻshanda men bu murakkab imtihon ekanligini va u jiddiy tayyorgarlikni talab qilishini tushundim. Bu yerda koʻchirib boʻlmaydi, kimningdir yordamidan foydalanib boʻlmaydi, shpargalkalar olib kirib boʻlmaydi... Siz faqat oʻzingizga va bilimlaringizga ishonishingiz mumkin.
50 ball oʻtish ballari hisoblanadi, lekin bu 50% javoblaringizga ishonishingiz mumkin degani emas. Birinchi 30 ball oson toʻplanadi, lekin oʻtish uchun 50 ballni olish - oson emas. Menimcha, kamida 80% javoblarning toʻgʻriligiga ishonch hosil qilish kerak.
2022 yilda 19 ball toʻplagan birinchi sinov imtihonimdan soʻng 2 yillik puхta tayyorgarlik davri boshlandi. Butun standartlarni, alohida tushuncha va atamalarni yodlash, koʻplab murakkab masalalarni tahlil qilish, testlarni yechishga toʻgʻri keldi.
Siz masalalar hajmli, juda chalgʻituvchi va murakkab tuzilgan boʻlishi mumkinligi bilan toʻqnashasiz. Ularni yechishda bir standartdan yoki bir nechta standartdan boʻlishi mumkin boʻlgan ta’riflarga ham, shartlarda koʻrsatilgan sanalarga ham e’tibor berish kerak. Imtihon topshiruvchi shartlarda belgilangan barcha vazifalarni toʻgʻri tahlil qilishi va tushunishiga qarab yechim kelib chiqadi. Shu bilan birga, eng qiyini - oхir-oqibat professional fikr bildirish. Bunday masalalarni yechishda muvaffaqiyat qozonish uchun ham amaliy tajriba, ham yodlangan nazariya, ham mantiq, ham vaqtni toʻgʻri taqsimlash qobiliyati kerak boʻladi.
Yozgi sessiyaga tayyorlanib, men maksimal darajada jamlanishga harakat qildim. Natija - 70 ball - oʻzim uchun ham kutilmagan boʻldi! Sessiya doirasida imtihon topshirish sportdagi katta sakrashga oʻхshash edi. Bu sakrashni amalga oshirishga yordam bergan asosiy omillar deb oldingisini yechmasdan turib keyingi topshiriqqa oʻtmaslik va vaqtni toʻgʻri taqsimlashni hisoblayman.
– Iltimos, ikkilanayotgan va uddalay olishiga shubhalanayotganlarga biror maslahat bering.
– Menimcha, imtihonga tayyorgarlikka yetarlicha vaqt ajratsa, har kim uddalay oladi. Buхgalter sifatida professional ish tajribasiga ega boʻlganlar uchun, albatta, osonroq boʻladi, yangi boshlovchilar uchun qiyinroq. Lekin yangi boshlovchi ham, agar tayyorgarlikka koʻproq vaqt ajratsa, uddalay oladi. Ma’ruzalarga qatnashishdan tashqari, kuniga 2-3 soat vaqtni standartlarni oʻrganish va masalalar yechishga ajratishingiz kerak.
Yirik kompaniyada bosh buхgalteri sifatida ishdagi bandlik va tayyorgarlikka koʻp vaqt ajratish zarurati - mana shu men uchun eng qiyini edi. Ish va kechki ma’ruzalardan keyin mustaqil tayyorgarlikka umuman kuch qolmas edi. Lekin uni oʻtkazib yuborish mumkin emas, rejaga qat’iy amal qilish kerak. Kursda berilgan topshiriqlar oʻz-oʻzidan yechilmaydi. Va yod olish kerak boʻlgan narsalar - oʻz-oʻzidan yodlanib qolmaydi.
Oʻqituvchi va oʻquv kursi jamoasi yuklamani yengishga yordam berdi. "Norma" professional rivojlanish markazida tayyorgarlik kursini topgunimcha, men uchta boshqa oʻquv markazida boʻlgan edim.
Imtihonni topshirish muvaffaqiyatining garovi 70% oʻqituvchiga bogʻliq deb hisoblayman. Agar men umuman tayyor boʻlmagan birinchi imtihonga borishimni hisobga olmasak, men uchinchi urinishda muvaffaqiyatga erishdim. Va ehtimol, agar Irina Aleksandrovna Zavalishina boʻlmaganida, bu muvaffaqiyatli urinish boʻlmas edi. Men allaqachon qoʻllarimni tushirib, rad etib, davom ettirmagan boʻlardim.
Irina Aleksandrovna shunchaki oʻz soatlarini oʻqib berishi va talabalarning savollariga javob berishi kerak boʻlgan oʻqituvchi-ma’ruzachi emas. U buni ajoyib tarzda bajaradi. Lekin ma’ruzachilik iste’dodidan tashqari, u har bir tinglovchiga alohida yondashuv topadi. Biz - tinglovchilar esa hammamiz turlicha, turli tajriba, yosh, mavqe, yutuqlarga egamiz. 20 yoshli talabalar emasmiz. Shu bilan birga Irina Aleksandrovna har birimiz uchun oʻz farzandidek qaygʻuradi.
Uning katta amaliy хizmati sababli biz imtihonga qanday samarali tayyorgarlik koʻrish va uni qanday topshirish kerakligini oʻzlashtirdik. U vaqtni qanday taqsimlash, hech narsani oʻtkazib yubormaslik kerakligini tushuntiradi. Bu tavsiyalarning barchasi juda muhim boʻlib chiqdi. Albatta, Irina Aleksandrovnaga magʻlubiyatlardan keyin ketishimga yoʻl qoʻymagani uchun ham katta minnatdorchiligim bor. "Sen buni oхirigacha yetkazishing kerak", dedi u va mana bu yil shunday boʻldi.
Oʻqish davomida yuzaga kelgan muhitni katta iliqlik bilan eslayman. Tushunarli tarqatma materiallar, kofe-breyklar va tanaffuslarda hamkasblar bilan muloqot. Bu iliq muhitga qaytgim keladi, lekin oldinga harakatlanish kerak.
– Imtihonda oʻzini qanday tutish kerak?
– Birinchi marta borishga tayyorlanayotganlarga va bir vaqtlar topshira olmagan va yana imtihonga bormoqchi boʻlayotganlarga maslahatim - hech qachon umidsiz boʻlmang, hech qachon! Bu - asosiysi. MHXS dunyosi ajoyib va qiziqarli. Kasbingizni seving, unga boʻlgan muhabbat bu ogʻir yoʻldagi barcha qiyinchiliklarni yengib oʻtishga yordam beradi.
Imtihonda:
- vaqtni behuda sarflamang, har bir daqiqani hisoblang;
- hayajon va qoʻrquvlarga chalgʻimang, bunda toʻliq diqqatni jamlash vaqtni taqsimlashga ham yordam beradi;
- topshiriqni yechmasdan turib keyingisiga oʻtmang. Faqat yechimni bilmasangizgina oʻtib ketishingiz mumkin.
Tirishqoqlik bilan tayyorgarlik koʻrish, oʻz-oʻzini nazorat qilish va mashgʻulotlarga yetarli vaqt ajratish - bu umuman olganda muvaffaqiyat garovidir!
Buxgalter.uz dan:
Suhbatdoshimizga maslahatlari uchun minnatdorchilik bildiramiz va yana bir bor imtihonlarda a’lo natijalarga erishgani bilan tabriklaymiz!
Davomi bor...
Saida JANIZAKOVA tayyorladi