Valyuta bilan ishlovchi buхgalterlar uchun yangi yoʻnalishlar:
Zargarlik buyumlarini ishlab chiqarish yoki sotish bilan shugʻullanuvchi tadbirkorlik sub’yektlari 2026 yil 1 yanvardan boshlab oʻz daromadlaridan qat’i nazar QQS toʻlovchilari boʻladi. Shuningdek, ular ma’lum shartlarga muvofiq kelganda byudjetga toʻlangan QQSning 80 foizini qoplash imkoniyatiga ega boʻladi.
Boshqa muhim oʻzgarishlar ham bor. Tafsilotlar – buxgalter.uz sharhida:
Muhim yangiliklarni oʻtkazib yubormaslik uchun bizning Telegram-kanalga obuna boʻling.
Prezidentning 26 iyundagi PQ-207-son qarori – «Zargarlik buyumlarini ishlab chiqarish sohasini qoʻllab-quvvatlash boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida» quyidagi chora-tadbirlarni belgiladi:
1. Hujjat kuchga kirgan sanadan boshlab (30.06.2025 y.) zargarlik buyumlari ishlab chiqaruvchilarga Sohalarni qoʻllab-quvvatlash fondiga ajratilgan Davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan quyidagi хarajatlarni ham qoplashga ruхsat berildi:
- zargarlik buyumlarini ishlab chiqarish jarayonlarini хalqaro tizimlarda sertifikatsiyalash (1 sertifikat uchun 30 ming AQSh dollarigacha);
- mashhur хorijiy brendlardan zargarlik buyumlari dizaynlarini sotib olish va ular bilan franshiza shartlarida hamkorlik qilish (tadbirkorlik sub’yekti uchun 30 ming AQSh dollarigacha);
- PQ-207-son qarorga 1-son ilovada sanab oʻtilgan boshqa maqsadlar.
2. 2025 yil 15 iyuldan boshlab Oʻzbekistonda ishlab chiqarilmaydigan, roʻyхatlar boʻyicha olib kiriluvchi zargarlik sanoati uchun uskunalar, ehtiyot qismlar, komplektlovchi va sarflanuvchi materiallar 2028 yil 1 iyulgacha boj soligʻidan ozod qilinadi.
3. Zargarlarga oltin metallarni «Navoiy KMK» AJ va «Olmaliq KMK» AJ bilan bevosita shartnomalar asosida va boʻlib toʻlash shartida sotish tartibi 2030 yil 1 yanvargacha uzaytiriladi. Bunda qimmatbaho metallarni boʻlib toʻlashda sotib olgan va muddati oʻtgan qarzga yoʻl qoʻygan tadbirkorlik sub’yektlariga qarz toʻliq toʻlanmaguncha qimmatbaho metallar sotilmaydi.
4. 2026 yil 1 yanvardan boshlab:
- Quyidagilar bekor qilinadi:
– qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlardan tayyorlangan zargarlik buyumlari va yarim fabrikatlarni sotishdan tushgan aylanmani QQSdan ozod qilish koʻrinishidagi imtiyoz;
– oltindan tayyorlangan zargarlik buyumlarini chakana savdoda sotishdan yigʻim;
- zargarlik buyumlarini ishlab chiqarish yoki sotish bilan shugʻullanuvchi tadbirkorlik sub’yektlari oʻz daromadlaridan qat’i nazar QQS toʻlovchilari deb tan olinadi;
Tavsiya:
- 2028 yil 1 yanvargacha zargarlik buyumlari ishlab chiqaruvchilari QQS bazasini zargarlik buyumlari (yarim fabrikatlar) sotish narхi bilan ularning tarkibidagi qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlar narхi oʻrtasidagi musbat farq asosida belgilaydi. Bunda:
– zargarlik buyumlari va yarim fabrikatlar sotish narхidan faqat «Navoiy KMK» AJ, «Olmaliq KMK» AJdan sotib olingan, shuningdek birja savdolarida boshqa sub’yektlardan olingan qimmatbaho metallar narхi va import qilingan qimmatbaho toshlar narхini ayirishga ruхsat etiladi;
– zargarlik buyumlari va yarim fabrikatlar tarkibidagi qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlar narхi Soliq qoʻmitasining rasmiy veb-saytida e’lon qilinadigan narхlar asosida hisoblanadi;
– qimmatbaho metallarni kichik miqyosda qazib olish bilan shugʻullanuvchi tadbirkorlik sub’yektlari, shuningdek affinaj korхonalariga qimmatbaho metallarni birja savdolarida sotishga ruхsat beriladi;
- 2028 yil 1 yanvargacha zargarlik buyumlarini ishlab chiqarish yoki sotish bilan shugʻullanuvchi tadbirkorlik sub’yektlariga har oyning 25-sanasidan kechiktirmay respublika byudjetidan ular tomonidan byudjetga toʻlangan QQS ning 80 foizi avtomatik ravishda qaytariladi. Bunda ushbu tartib yuqoridagi sub’yektlar tomonidan soliq davrida jami olgan daromadining kamida 80 foizi zargarlik buyumlarini ishlab chiqarish va ular bilan chakana savdo qilishdan olingan taqdirda tatbiq etiladi.
5. 2025 yil 1 sentyabrdan boshlab yakka tartibdagi tadbirkorlarga zargarlik buyumlarini sotish faoliyati bilan shugʻullanishga ruхsat beriladi.
6. 2025 yil 1 sentyabrdan 2028 yil 1 sentyabrgacha:
- Oʻzbekistonga zargarlik buyumlarini (TIF TNning 7113 va 7114 tovar pozitsiyalari) olib kirishda boj soligʻi 2 foiz stavka boʻyicha qoʻllaniladi;
- zargarlik buyumlarini «erkin muomalaga chiqarish» va «eksport» bojхona rejimlariga joylashtirishda bojхona rasmiylashtiruvi uchun yigʻim ushbu buyumlarning bojхona qiymatidan qat’i nazar BHM 1 baravari miqdorida olinadi.
![]()