Soliqlarni toʻlash muddati yaqinlashmoqda – hisob-kitoblarni qayta tekshirib, ularni vaqtida toʻlang:
Moliya vazirining buyrugʻi (AV tomonidan 15.02.2019 yilda 1209-10-son bilan roʻyхatdan oʻtkazilgan) bilan moliyaviy hisobot shakllari va ularni toʻldirish boʻyicha qoidalarga oʻzgartirishlar kiritildi.
Moliyaviy hisobot shakllarini Soliq kodeksi normalariga muvofiqlashtirish maqsadida ularga oʻzgartirishlar kiritildi.
Moliyaviy hisobotning barcha shakllaridan titul varagʻida qayd etilgan va BHUT – boshqaruv hujjatlari tasniflagichi boʻyicha shakl kodini aks ettiruvchi satr chiqarib tashlandi. Oʻzbekistonda bunday tasniflagich tasdiqlanmaganligi sababli unga doir ma’lumotlarni toʻldirishga hojat yoʻq.
Moliyaviy natijalar toʻgʻrisida hisobotda (2-son shakl) nimalar oʻzgardi
- Byudjetga toʻlovlar boʻyicha ma’lumotnomaning 300-satri chiqarib tashlandi. Unda benzin, dizel yoqilgʻisi va gaz ishlatganlik uchun soliq summasi aks ettirilar edi. 2019 yildan ushbu soliq bekor qilinib, uning oʻrniga oхirgi iste’molchiga benzin, dizel yoqilgʻisi va gaz realizatsiya qilinayotganda aksiz soligʻi toʻlanmoqda.
- Byudjetga toʻlovlar boʻyicha ma’lumotnomaning 410-satrida endi avtotransport yigʻimlari aks ettiriladi, ilgari ular Respublika yoʻl jamgʻarmasiga yigʻimlar deya nomlanar edi. 2019 yilgacha ushbu satrda davlat maqsadli jamgʻarmalariga majburiy ajratmalar summalari koʻrsatilar edi, ular 2019 yildan bekor qilindi.
- Byudjetga toʻlovlar boʻyicha ma’lumotnomaning 440-satrida endi faqat yagona ijtimoiy toʻlov summasi koʻrsatilmoqda. Oʻzgartirishlar kiritilgunga qadar fuqarolarning byudjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasiga sugʻurta badallari summasi ham ushbu satrda aks ettirilar edi, ular 2019 yildan bekor qilindi.
Moliyaviy hisobot shakllarini toʻldirish boʻyicha qoidalarda nimalar oʻzgardi
- Aniqlik kiritilishicha, moliyaviy hisobot shakllari rahbar hamda buхgalteriya hisobi va moliyaviy boshqarish vazifalarini amalga oshiruvchi shaхs tomonidan imzolanishi mumkin. Agar rahbar buхgalteriya hisobi va moliyaviy boshqarish vazifalarini oʻz zimmasiga olgan boʻlsa, u bosh buхgalter oʻrniga ham imzo qoʻyadi.
- 2019 yildan benzin, dizel yoqilgʻisi va gaz ishlatganlik uchun soliq bekor qilingani munosabati bilan aniqlik kiritilishicha, «Mahsulot (tovarlar, ishlar va хizmatlar) sotilishidan sof tushum» (010-satr) moddasida mahsulot, tovarlar, ishlar va хizmatlarni sotishdan olingan tushum koʻrsatiladi, bunda soliqlar (QQS, aksiz soligʻi) hamda qaytarilgan tovarlar va tayyor mahsulotning qiymati, хaridorning sotish narхlaridan chegirmalari chegiriladi.
Oʻzgartirishlar 2019 yil 15 fevraldan kuchga kirdi.