Yillik inventarizatsiya – 2026: tartib va hujjatlar
Soliq kodeksida ana shunday mexanizmni nazarda tutish taklif etilmoqda. Qonun loyihasi QHTBT portalida muhokama qilinmoqda.
Ayni paytda undiruvni soliq toʻlovchining mol-mulkiga qaratish soliq organlarining da’vo arizasi asosida sud tartibida amalga oshiriladi (Soliq kodeksining 65-moddasi). Davlat soliq qoʻmitasi soliq organlarining qarori asosida, ya’ni suddan tashqari tartibda undirish imkonini beruvchi tuzatishlar kiritishni taklif etmoqda.
Buning uchun quyidagi shartlarni bajarish majburiy sanaladi:
- soliq toʻlovchi soliq qarzini yozma ravishda tan olishi, uni ERI bilan tasdiqlangan elektron hujjat shaklida taqdim etish mumkin;
- soliq toʻlovchi undiruv uning mol-mulkiga qaratilishi haqida ogohlantirilishi.
Qarorni soliq organining rahbari imzolaydi, u gerbli muhr bilan tasdiqlanadi. Hujjatning nusxasi u chiqarilgan kundan boshlab 2 ish kunidan oshmagan muddatda soliq toʻlovchiga tilxat olgan holda taqdim etilishi yoki pochta orqali (taqdim etilganligi haqida bildirishnoma berilgan buyurtma xat bilan) yoʻllanishi kerak boʻladi.
Qaror taqdim etilgandan keyin 10 kun oʻtgach kuchga kiradi, shundan soʻng 3 ish kuni ichida davlat ijrochisiga majburiy ijro etish uchun yuboriladi. Bunda ham ERI qoʻyilgan elektron hujjatni rasmiylashtirishga va idoralararo hamkorlik axborot tizimlaridan foydalanishga yoʻl qoʻyiladi.
Qarorga quyidagi hujjatlar ilova qilinishi shart:
- soliq qarzini uzish toʻgʻrisidagi talabnoma nusxasi, talabnoma soliq toʻlovchiga taqdim etilganligi (yoʻllangani) dalili ilova qilingan holda;
- soliq toʻlovchining soliq qarzi summasini tan olish toʻgʻrisidagi xati nusxasi;
- soliq toʻlovchiga qaror nusxasi taqdim etilganligini tasdiqlovchi hujjat.
Eslatib oʻtamiz, undiruvni soliq toʻlovchilarning mol-mulkiga qaratish uchun soliq qarzining eng kam miqdorlari belgilangan:
- Soliq kodeksiga muvofiq soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlarni toʻlash majburiyati zimmasiga yuklangan yuridik shaxslar va ularning alohida boʻlinmalari – 4 054 600 soʻm;
- jismoniy shaxslar – 1 013 700 soʻm.
Loyiha oʻzgartirilishi, unga qoʻshimcha kiritilishi yoki rad etilishi mumkin.
Oleg Zamanov.