Texnik koʻrikdan oʻtkazilmagan avtotransport hisobdan chiqarilayotganda jarima solinmaydi

preview

Vazirlar Mahkamasining 30.03.2019 yildagi 272-son qarori bilan Majburiy texnik koʻrikka taqdim etilmagan avtomototransport vositalarining hisobini yuritish, ularning holatini aniqlash, shuningdek, foydalanishga yaroqsiz, utilizatsiyaga topshiriladigan yoki realizatsiya qilish maqsadida qismlarga boʻlinadigan transport vositalarini hisobdan chiqarish tartibi toʻgʻrisidagi nizom tasdiqlandi.

 

Hujjatga muvofiq oxirgi 3 yil davomida majburiy texnik koʻrikdan oʻtkazilmagan transport vositalari 3 oy muddatda yalpi xatlovdan oʻtkaziladi. Koʻrikdan oʻtkazilganlari boʻyicha esa 2019 yil 1 iyunga qadar yagona elektron baza shakllantiriladi.

 

Ma’lumot uchun. Yuridik va jismoniy shaxslarga, shu jumladan xorijiy yuridik va jismoniy shaxslarga tegishli boʻlgan va DYHXX organlarida roʻyxatdan oʻtkazilgan transport vositalari, shuningdek trolleybuslar va tramvaylar majburiy texnik koʻrikdan oʻtkazilishi kerak. Uni oʻtkazish tartib-taomili va muddati Transport vositalarini majburiy texnik koʻrikdan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizom bilan belgilangan.

 

Texnik koʻrikdan oʻtkazilmagan transportni boshqarganlik holatlari «Ma’muriy amaliyot» kompleks avtomatlashtirilgan axborot tizimida qayd etiladi. Mexanizm shu yilning 1 iyuliga qadar joriy etiladi.

 

Bu – muhim! Belgilanishicha, utilizatsiya yoki realizatsiya qilish maqsadida qismlarga boʻlib sotish uchun hisobdan chiqarilayotgan foydalanilmayotgan transport vositalarining egalari ularni oʻz vaqtida texnik koʻrikdan oʻtkazishga taqdim etmaganliklari uchun ma’muriy javobgarlikka tortilmaydilar. Eslatib oʻtamiz, ushbu huquqbuzarlik uchun ma’muriy jarima 0,5 EKIHni tashkil etar edi.

 

Hisobdan chiqarish transport vositasi egasining arizasiga koʻra 1 ish kunida DYHXX organlari tomonidan amalga oshiriladi.

 

Oʻtkazilgan texnik koʻrikning umumlashtirilgan yakuniy natijalariga koʻra DYHXX organlari hisobot yilining 10 noyabrigacha TKga taqdim etilmagan transport vositalari roʻyxatini shakllantiradi. Bunday transport egalariga 20 noyabrgacha texnik koʻrikdan oʻtkazish zarurligi toʻgʻrisida belgilangan shakldagi yozma bildirishnoma yuboriladi. Shuningdek buning uchun undiriladigan yigʻim miqdori, zarur hujjatlar roʻyxati, TK oʻtkaziladigan joy va boshqa ma’lumotlar koʻrsatiladi.

 

Oxirgi 3 yil davomida majburiy texnik koʻrikdan oʻtkazilmagan transport vositalarining roʻyxati shakllantiriladi. Unga asosan bunday transport egasining turar joy manzili boʻyicha va uning roziligi bilan inventarizatsiya oʻtkaziladi. Inventarizatsiya DYHXX xodimlari hamda profilaktika inspektoridan iborat tarkibda tuziladigan guruh tomonidan amalga oshiriladi. Uning natijalari boʻyicha 3 nusxada dalolatnoma tuziladi, u guruh a’zolari, transport egasi va guvohlar (xolislar) tomonidan imzolanadi. Nusxalardan biri egasiga topshiriladi.

 

Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 1.04.2019 yildan kuchga kirdi.

 

Lenara Xikmatova.



 

Qonunchilikdagi yangiliklar. Normativ qonun hujjatlaridagi oʻzgarishlar. Qonunchilikdagi yangiliklar Qonunchilikdagi yangiliklar /oz/publish/doc/text149350_tehnik_kurikdan_utkazilmagan_avtotransport_hisobdan_chiqarilaetganda_jarima_solinmaydi