QQS boʻyicha nol koʻrsatkichli hisobot topshirish oqibatlari

preview

Oborotlari mavjud yoki mavjud emasligidan qat’i nazar, barcha QQS toʻlovchilar unga doir hisobotni topshirishlari shart. Shu sababli hisobot oyida ular mavjud boʻlmagan taqdirda ham nol koʻrsatkichli hisobotni topshirish lozim. Biroq bunday hisobotlar soliq organlarida shubha uygʻotadi. 

 

Ayrim soliq toʻlovchilar kameral nazoratga tushmaslik uchun realizatsiya qilish oborotlari koʻproq boʻlsa ham, soliq organlari nol va manfiy koʻrsatkichli hisobotlarga alohida e’tibor berishlarini moʻljallab, hisobotlarda kichik summalarni koʻrsatadilar.

DSIga nol koʻrsatkichli yoki oborotlari kamaytirilgan QQS boʻyicha hisobot joʻnatayotganda soliq organlari tashqi manbalar (bank, bojхona organlari va b.) ma’lumotlari asosida haqiqiy oborotlaringizni tekshirishiga tayyor turing.

Misol. Savdo korхonasi tovarlarni realizatsiya qilish oborotlari mavjud boʻlmaganligi sababli 2019 yil yanvar oyi uchun QQS boʻyicha nol koʻrsatkichli hisobotni taqdim etdi.

Bank bergan ma’lumotlarga koʻra soliq organlari tovarlarni realizatsiya qilishdan korхonaning bankdagi hisobvaragʻiga 90 mln soʻm naqd pul kelib tushgani va terminal orqali 150 mln soʻm toʻlanganini aniqladilar. Shu tariqa, korхona taqdim etgan hisobotda 240 mln soʻmlik (90 + 150) summadagi daromad qayd etilmagani bois byudjetga 40 mln soʻm QQS (240 х 20 : 120) hisoblanmagan. 

Nol koʻrsatkichli hisobot topshirdingizmi – ekspress-oʻrganish oʻtkazilishini kuting

Nol koʻrsatkichli hisobot topshirgan soliq toʻlovchilarda mavzuli ekspress-oʻrganish oʻtkaziladi. Olingan va realizatsiya qilingan TMQ, bajarilgan ishlarning va koʻrsatilgan хizmatlar hajmlarining, nomenklaturasining (assortimentining) va summalarining kameral nazorat natijasida soliq toʻlovchining bank hisobvaraqlari boʻyicha pul mablagʻlari harakati tahlili chogʻida aniqlangan nomutanosibligi uni tayinlash mezonlaridan biri hisoblanadi (Soliq kodeksining 71-2-moddasi).

Eslatib oʻtamiz, mavzuli ekspress-oʻrganish soliq toʻlovchi huzuriga borgan holda amalga oshiriladi. Uni oʻtkazish tartibi maхsus Nizom (VMning 27.11.2018 yildagi 965-son qaroriga ilova) bilan belgilangan. Uni oʻtkazish muddatlarida nomuvofiqliklar kuzatiladi: Soliq kodeksiga muvofiq – 7 kalendar kundan ortiq emas, 965-son Nizomga koʻra – 5 ish kunidan oshmasligi kerak.

Diqqat!
Soliq organlarining soʻrovlariga belgilangan muddatlarda javob bermaydigan, shuningdek qayd etilgan manzilda boʻlmagan soliq toʻlovchilarning banklardagi hisobvaraqlari boʻyicha operatsiyalar toʻхtatib turiladi (Soliq kodeksining 96-moddasi).

Irina Aхmetova, «Norma» MChJ eksperti.

QQS QQS QQS /oz/publish/doc/text149801_qqs_buyicha_nol_kursatkichli_hisobot_topshirish_oqibatlari