9 oyni xatolarsiz yopamiz:
Prezidentning 1.05.2019 yildagi «Sanoat kooperatsiyasini yanada rivojlantirish va talab yuqori boʻlgan mahsulotlar ishlab chiqarishni kengaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi PQ–4302-son qarori qabul qilindi. Hujjat OʻzAda joylashtirilgan. 
Muntazam ravishda sanoat yarmarkalari oʻtkaziladi. 6 oy muddatda elektron kooperatsiya portali – sanoat mahsulotlari yetkazib berish boʻyicha shartnomalarni (kontraktlarni) tezkorlik bilan masofadan tuzish imkoniyatini taqdim qiladigan hamkorlar topishning muhim vositasi ishlab chiqiladi.
Qaror bilan 2019 yilda tadbirkorlik sub’yektlari tomonidan oʻzlashtirilishi tavsiya etiladigan tayyor mahsulotlar, butlovchi buyumlar, xom ashyo va materiallarning yangi turlari roʻyxati (bundan keyin – Roʻyxat) tasdiqlandi. U 99 ta pozitsiya: oziq-ovqat mahsulotlari, trikotaj, kiyim-kechak, poyabzal, dori-darmonlar, yozuv-chizuv tovarlari, qurilish materiallari, rezina, plastmassalar, kimyo sanoati mahsulotlari, metallar va asbob-uskunalarni oʻz ichiga olgan. Roʻyxat Vazirlar Mahkamasi qaroriga koʻra har yarim yilda kamida 1 marta iqtisodiyot va sanoat, investitsiyalar va tashqi savdo, innovatsion rivojlanish vazirligi hamda Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasining takliflari asosida yangilanadi.
Quyidagilarni nazarda tutuvchi iqtisodiyotda talab yuqori boʻlgan mahsulotlarni ishlab chiqarishni qoʻllab-quvvatlash tizimi eksperiment tariqasida joriy etiladi:
birinchidan, foydalanilmayotgan bino va inshootlar negizida yangi loyihalarni amalga oshirish, shuningdek texnoparklarni qurish;
ikkinchidan, «Toshkent mexanika zavodi» AJning foydalanilmayotgan ishlab chiqarish maydonlari va hududi negizida texnopark tashkil etish. Avvalo, bu yerda Roʻyxat boʻyicha yangi mahsulot turlarini tayyorlovchi ishlab chiqarishlar joylashtiriladi. Ushbu yoʻnalishni moliyalashtirishga 50 mlrd soʻm ajratiladi;
uchinchidan, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Tadbirkorlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlash davlat jamgʻarmasi tomonidan loyihani amalga oshirish uchun olingan kreditning 50%dan koʻp boʻlmagan miqdoriga kafillik berish va Roʻyxat boʻyicha mahsulot ishlab chiqarishni amalga oshirish uchun tijorat banklari kreditlarining foiz stavkalarini 5%gacha qoplash.
Bundan tashqari, 2019 yil 1 iyuldan:
- mahalliy yetkazib beruvchilarning ishtirokini va narx shakllanishida shaffoflikni ta’minlash uchun davlat buyurtmachilari tomonidan import tovarlarni xarid qilish toʻgʻrisidagi istaklar davlat xaridlari maxsus axborot portalida ham joylashtiriladi;
- uch yoki undan ortiq ishtirokchilar – mahalliy ishlab chiqaruvchilar boʻlgan taqdirda davlat xaridlari buyurtmachining tanloviga koʻra mahalliy ishlab chiqaruvchilar oʻrtasida amalga oshirilishi mumkin;
- buyurtmachilarga Roʻyxatdagi mahsulotlarni xarid qilishda investorga, sifat boʻyicha, kelishilgan texnik va narx koʻrsatkichlariga amal qilish sharti bilan, yetkazib berish vaqtidan boshlab ikki yil davomida mahsulotning davlat xaridlari tizimi orqali sotib olinishiga kafolat taqdim etuvchi maxsus kontraktlarni tanlov tartib-taomillari orqali tuzish huquqi beriladi.
Oleg Zamanov.