Qanday goʻshtni sotib boʻlmaydi

preview

Ixtisoslashtirilgan soʻyish korxonalari uchun, shuningdek hayvonotga mansub mahsulot va xom ashyolarni ishlab chiqarish, saqlash va sotish boʻyicha veterinariya, veterinariya-sanitariya norma va qoidalari tasdiqlandi (VMning 8.05.2019 yildagi 386-son qarori).

Teri xom ashyosini tayyorlash, qayta ishlash bilan veterinariya-sanitariya norma va qoidalariga javob beradigan maxsus bino hamda omborxonalari mavjud boʻlgan yuridik shaxslar shugʻullanishi mumkin. Ixtisoslashtirilgan soʻyish korxonalarida asosiy va yordamchi binolar boʻlishi kerak.

Quyidagilarni soʻyish taqiqlanadi:

  • 14 kundan kichik boʻlgan hayvonlarni;
  • veterinarning ruxsati boʻlmaganida;
  • kuydirgi, oʻlat, quturish, botulizm, parranda grippi va boshqa kasalliklar bilan kasallangan yoki gumon qilingan hayvonlarni;
  • oʻlim talvasasida boʻlgan hayvonlarni;
  • kuydirgi kasalligiga qarshi emlangan va davolangan hayvonlarni emlashdan keyin 14 kun davomida, oqsil kasalligiga qarshi emlanganda, emlanishdan keyin 21 kun davomida;
  • malleinizatsiya (manqa bilan kasallanganligini diagnostik tekshiruvdan oʻtkazish, tahr.) qilinmagan bir tuyoqli hayvonlarni.

Barcha toifadagi hayvonlar soʻyilganidan soʻng ularning goʻshti va boshqa mahsulotlarini veterinar ekspertizadan oʻtkazishi shart.

! Quyidagi hollarda goʻsht mahsulotlarini realizatsiya qilishga ruxsat berilmaydi:

  • soʻyilishi ixtisoslashtirilgan va mini soʻyish korxonalarida amalga oshirilmagan boʻlsa;
  • tashish uchun belgilanmagan transport vositalari yordamida yetkazib berilgan boʻlsa;
  • veterinariya hujjatlari boʻlmasa;
  • ixtisoslashtirilgan soʻyish korxonasining F-200 shakldagi ma’lumotnomasi boʻlmasa;
  • veterinariya-sanitariya ekspertizasining xulosasi boʻlmasa;
  • oyoqlari va bosh qismi jun bilan birga boʻlsa, parrandaning patlari yulinmagan boʻlsa;
  • xona yoki koʻcha haroratida ilgakka osilgan yoki yerga (ochiq rasta ustiga) ochiq holda qoʻyilgan holatda boʻlsa;
  • tovar veterinariya-sanitariya jihatidan xavfsizligi kafolatlangan goʻshtlarning yagona elektron ma’lumotlar bazasiga kiritilmagan boʻlsa. 

Goʻsht va goʻsht mahsulotlarini tashish uchun moʻljallangan transportning poli va idishlar silliq, tozalash va dezinfeksiya qilish uchun qulay boʻlishi, mahsulot sifati va iste’molchilar salomatligiga ta’sir koʻrsatmaydigan materiallardan yasalgan boʻlishi kerak.

Sut xom ashyosining harorati qayta ishlash joyigacha tashish paytida va qayta ishlash boshlanishiga qadar 8°S boʻlishi kerak. Sut sisternalari har safar sutdan boʻshatilganidan keyin yuvilishi va dezinfeksiyalanishi lozim.

Baliq ishlab chiqarish ob’yektlarida suv oʻtkazmaydigan, tozalash, dezinfeksiya qilish, suv oqib chiqishi uchun qulay pol qoplamalari boʻlishi kerak. Baliqchilik mahsulotlari toza sovutilgan suvda kema bortida 3 kundan ortiq boʻlmagan muddatda saqlanadi.

Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 10.05.2019 yildan kuchga kirdi.





Qonunchilikdagi yangiliklar. Normativ qonun hujjatlaridagi oʻzgarishlar. Qonunchilikdagi yangiliklar Qonunchilikdagi yangiliklar /oz/publish/doc/text150686_qanday_gushtni_sotib_bulmaydi