Biznes muammolarini hal etish – Hukumat nazorati ostida

preview

Prezidentning 14.05.2019 yildagi «Tadbirkorlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlash va himoya qilish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi Farmoni imzolandi. Hujjat OʻzAda joylashtirilgan.

Bosh vazirning Tadbirkorlar murojaatlarini koʻrib chiqish qabulxonalari (bundan keyin – Qabulxonalar), Vazirlar Mahkamasi tuzilmasida esa Bosh vazirning Tadbirkorlar murojaatlarini koʻrib chiqish qabulxonalari faoliyatini tashkil etish va muvofiqlashtirish kotibiyati (bundan keyin – Kotibiyat) tashkil etilmoqda.

Tadbirkorlar, shu jumladan, chet ellik investorlar tasdiqlangan jadval boʻyicha har kuni qabul qilinadi. Bunda hokimliklar, SSPning tadbirkorlikka koʻmaklashish markazlari, investitsiyalar va savdo, adliya, soliq inspeksiyasi, qurilish, davlat kadastri organlari, bank va boshqa tashkilotlarning hududiy organlari vakillari ishtirok etadi.

Murojaatda koʻrsatilgan qonuniy talablar va takliflarni tuman va shahar darajasida qanoatlantirish imkoniyati boʻlmasa, ular Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi Qabulxonalarga yuboriladi. Respublika darajasida hal etilishi kerak boʻlgan murojaatlar keyinchalik biznes-ombudsman, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, SSPning rahbarlari va boshqa vakolatli organlar ishtirokida koʻrib chiqish uchun Kotibiyatga yuboriladi.

Bosh vazir murojaatlari vakolatli organlar tomonidan hal etilmagan tadbirkorlik sub’yektlarini, shu jumladan, chet ellik investorlarni doimiy asosda shaxsan qabul qiladi. Uning qarori talab etiladigan murojaatlar Kotibiyat tomonidan kiritiladi.

Murojaatlarda koʻrsatilgan masalalarni tartibga soluvchi normalar mavjud boʻlmagan taqdirda, Kotibiyat tomonidan qonun hujjatlarini takomillashtirish boʻyicha takliflar ishlab chiqiladi va Bosh vazirga koʻrib chiqish uchun kiritiladi. Bundan tashqari, Kotibiyat biznes-ombudsman bilan birgalikda tadbirkorlikni rivojlantirishga toʻsqinlik qilayotgan sabablar va sharoitlarni doimiy ravishda tahlil qiladi va tizimlashtiradi. Buning natijasida shakllantirilgan ishbilarmonlik muhitini yaxshilash boʻyicha takliflar har chorakda Hukumat rahbariga kiritiladi.

! Qabulxonalarda tadbirkorlarning davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, nazorat qiluvchi va huquqni muhofaza qiluvchi tuzilmalar, shuningdek, boshqa tashkilotlar mansabdor shaxslarining harakati (harakatsizligi) yuzasidan murojaatlari koʻrib chiqiladi. Qarori yoki harakati (harakatsizligi) ustidan shikoyat qilinayotgan tashkilotlarning mansabdor shaxslariga murojaatlarni koʻrib chiqish uchun asossiz topshirish taqiqlanadi.

Hujjatda hisobot tizimi yoʻlga qoʻyilgan. Tumanlar va shaharlardagi Qabulxonalar har oyning 5-sanasigacha viloyat darajasidagi Qabulxonalarga hisobot va axborotni kiritadilar, ular 7-sanagacha Kotibiyatga yigʻma-tahliliy axborotni kiritadilar. Kotibiyat Bosh vazirga murojaatlarning koʻrilishi jarayoni haqida har haftada axborot kiritadi, har chorakda uning raisligi ostida alohida yigʻilishlar oʻtkaziladi. Bosh vazirning oʻzi har chorakda Prezidentni xabardor qiladi.

Qabulxonalar tegishli davlat xizmatlari markazlari binolarida joylashtiriladi. Biroq koʻproq qulaylik yaratish uchun «business.gov.uz» yagona interaktiv portali ishga tushiriladi. Uning yordamida masofadan turib murojaat qilish va uning koʻrib chiqilishi jarayonini onlayn rejimda kuzatib borish mumkin boʻladi.

 

Oleg Zamanov.





Buxgalteriya hisobi va soliq solishga doir normativ hujjatlardagi yangi oʻzgarishlar Yangiliklar Yangiliklar /oz/publish/doc/text150800_biznes_muammolarini_hal_etish_-_hukumat_nazorati_ostida