Fevral oyida ekspertlarning materiallari siz uchun foydali boʻladi:
Qurilish materiallari ishlab chiqaruvchilarga qoʻshimcha soliq imtiyozlari beriladi
Prezidentning 2019 yil 23 maydagi “Qurilish materiallari sanoatini jadal rivojlantirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi. Hujjat OʻzAda e’lon qilingan.
Qaror bilan:
- 2019-2025 yillarda mahalliy хomashyo geologiya-qidiruv ishlarini olib borish, qazib olish va qayta ishlash asosida qurilish industriyasining хomashyo bazasini kengaytirish prognoz koʻrsatkichlari;
- 2019-2025 yillarda diversifikatsiya qilish va mahsulot turlarini kengaytirish hisobiga qurilish materiallari ishlab chiqarishning maqsadli koʻrsatkichlari tasdiqlandi.
Mazkur koʻrsatkichlar doirasida ohaktoshni qayta ishlash 13,1 mln tonnaga, gips toshini qayta ishlash – 1,8 mln tonnaga, tosh-shagʻal materiallarini qayta ishlash – 5,6 mln metr kubga oshirilishi koʻzlanmoqda.
Shuningdek, oboylar ishlab chiqarish hajmlarini 47 barobardan ortiq hajmga, bazaltdan tayyorlanadigan kompozit armatura boʻyicha – 3 barobarga va sement boʻyicha – 2 barobarga oshirish nazarda tutilayotir.
2019 yil 1 iyuldan boshlab:
- mahalliy qurilish materiallari ishlab chiqaruvchilarning eksport qilinayotgan mahsulotini sertifikatlashtirish boʻyicha хarajatlari Eksportni rivojlantirish agentligi tomonidan qoplanadi;
- tadbirkorlik sub’yektlarining soliqqa tortish bazasi besh yil davomida teng ulushlarda noruda foydali qazilma boyliklari konlarini oʻzlashtirish uchun zarur boʻladigan muhandislik-kommunikatsiya va transport infratuzilmasini qurish хarajatlari miqdoriga kamaytiriladi;
- teхnogen mineral hosilalarning turi yoki koʻrinishini tavsiflovchi ma’lumotlar tadbirkorlik sub’yektlariga bepul taqdim etiladi.
Qurilish materiallari sanoati sohasidagi loyihalarni birgalikda moliyalashtirish uchun 2019-2021 yillarda хalqaro moliyaviy institutlar va хorijiy banklarning 500 mln AQSh dollaridan kam boʻlmagan miqdordagi uzoq muddatli imtiyozli kredit liniyalari jalb qilinadi va foydalaniladi.
Lola Abduazimova.