Yillik inventarizatsiya – 2026: tartib va hujjatlar
Bandlik va mehnat munosabatlari vazirining buyrugʻi bilan fuqarolarni ish bilan ta’minlash va yangi ish oʻrinlarini tashkil etish bilan bogʻliq xarajatlarni qoplash uchun ularni ajratish tartibi tasdiqlandi (31.05.2019 yilda 3163-son bilan roʻyxatdan oʻtkazilgan).
Nizom 2019 yilda umumiy summasi 9 867,5 mln soʻmni tashkil etadigan subsidiya va grantlar ajratilishini nazarda tutuvchi Prezidentning 5.03.2019 yildagi PQ–4227-son qarorini ijro etish maqsadida qabul qilingan. Kim qanday maqsadda muayyan summada subsidiya olishi mumkinligi haqida ilgari sharhimizda yozgan edik. Grantlar esa quyidagilarni moliyalashtirish uchun taqdim etiladi:
- kasb-hunar ta’limi muassasalarining band boʻlmagan shaxslarni, ayniqsa mehnat migratsiyasidan qaytgan fuqarolar, kam ta’minlangan oilalarda yashovchi xotin-qizlarni kasbga qayta oʻqitishga sarflanadigan xarajatlarini;
- kasb-hunarga oʻqitish markazlari, kollejlar va oliy oʻquv yurtlarida kasb-hunarga tayyorlash, agrotexnologiya, bogʻdorchilik, sabzavotchilik, chorvachilik, parrandachilik, baliqchilik hamda asalarichilik sohasida fermer va dehqon xoʻjaliklarining rahbarlari va ishchilari hamda tomorqa yer egalarini qayta tayyorlash va malakasini oshirishni.
Mablagʻlar Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tomonidan har yili tasdiqlanadigan hududlar kesimida smeta hujjatlariga muvofiq ajratiladi.
Subsidiya – aholi bandligiga koʻmaklashish hududiy markazlari (bundan keyin – ABKM), grantlar esa viloyat bandlik bosh boshqarmalari, sh.j. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi va poytaxt bandlik boshqarmasi tomonidan beriladi.
ABKM yoʻllanmasi boʻyicha ishga qabul qilingan xodimlarni kasbga tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishga sarflanadigan xarajatlarni qoplash maqsadida subsidiya (har bir xodim uchun 6 oy davomida har oyda 4 EKIH) olish uchun ish beruvchi tegishli ABKMga murojaat qilishi kerak. Unda xodimning F.I.O., oʻqush joyi va muddati, ish beruvchi tashkilotning subsidiya toʻlab berilishi lozim boʻlgan hisobraqami koʻrsatiladi. Murojaatga xodimning ishga qabul qilinganligi toʻgʻrisidagi buyruq nusxasi ilova qilinadi.
ABKMda roʻyxatdan oʻtgan, tadbirkorlik qilishni xohlovchi ishsiz shaxslar bu haqda ariza bilan murojaat qilishlari zarur. ABKM oʻz navbatida ariza beruvchiga quyidagi xarajatlari 10 EKIH miqdorida toʻlab berilishini taklif qiladi:
- yakka tartibdagi tadbirkor sifatida roʻyxatdan oʻtish;
- kichik korxonalarni yoxud mikrofirmalarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish;
- tadbirkorlikka oʻqitish;
- kredit olishda sugʻurta polisi toʻlovi.
Shaxsning ular orasidan oʻziga keraklisini tanlaganligi soʻrovnoma bilan rasmiylashtiriladi.
Ijtimoiy ehtiyojmand aholi qatlamlariga mansub shaxslarni kvotalangan eng kam sondan ortiq miqdorda ishga qabul qilgan tashkilot qabul qilingan har bir xodim uchun 12 oy davomida har oyda 2 EKIH miqdorida subsidiya olish uchun murojaatda quyidagilarni koʻrsatishi zarur:
- qabul qilingan xodimning F.I.O., uning ijtimoiy ehtiyojmand aholi qatlamlariga mansubligi;
- ushbu shaxs kvotalangan eng kam sondan ortiq miqdorda ishga qabul qilinganligi dalili hamda ishga qabul qilinganligi toʻgʻrisidagi buyruq;
- zarur hisobraqam.
Yengil konstruksiyali issiqxonalar oʻrnatish, urugʻliklar, koʻchatlar va sugʻorish vositalari xarid qilish uchun (3 EKIHdan 10 EKIHgacha) band boʻlmagan tomorqa yer egasi hududiy ABKMga murojaat qiladi. Markazning mas’ul xodimi murojaatni olgach, joyiga chiqqan holda yer maydoni va sharoitini oʻrganadi hamda u boʻyicha dalolatnoma tuzadi. Shu bilan birga murojaat qilgan shaxsning bandlik holati oʻrganiladi.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 31.05.2019 yildan kuchga kirdi.
Lenara Xikmatova.