Yillik inventarizatsiya – 2026: tartib va hujjatlar
Elektrotexnika tarmogʻi korxonalarining imtiyozlari uzaytirildi va yangilari berildi
Prezidentning 30.05.2019 yildagi «Elektrotexnika sanoatini yanada rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish va tarmoqning investitsiyaviy hamda eksport salohiyatini oshirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida»gi PQ–4348-son qarori qabul qilindi.
Ustuvorliklar raqamlarda
Hujjat bilan elektrotexnika sanoatini rivojlantirishning asosiy yoʻnalishlari belgilangan, 2019–2020 yillar uchun «Yoʻl xaritasi», shuningdek 2019–2021 yillarda amalga oshiriladigan va istiqbolli investitsiya loyihalari, mahalliylashtirish va ishlab chiqarishni kengaytirish tavsiya etilayotgan mahsulot turlarining roʻyxatlari tasdiqlangan.
Bir oy muddatda elektrotexnika sanoatini jadal rivojlantirish dasturi qabul qilinadi. Unda, xususan, misni qayta ishlash hajmini – 5 baravar, elektrotexnika va elektromaishiy mahsulotlar ishlab chiqarish hajmini – 2 baravar, elektrotexnika va elektromaishiy mahsulotlar eksporti hajmini 4 baravar oshirish, shuningdek kamida 15 ta yangi turdagi mahsulotlar ishlab chiqarishni oʻzlashtirish nazarda tutiladi.
Tarmoq korxonalariga preferensiyalar
2019 yil 1 iyuldan tarmoqda yangicha tartib amal qila boshlaydi:
birinchidan, elektrotexnika va elektromaishiy mahsulotlarning davlat xaridlari, shu jumladan strategik sub’yektlar tomonidan amalga oshirilishida mahalliy ishlab chiqaruvchilarga nisbatan 20%gacha narx preferensiyasi qoʻllaniladi;
ikkinchidan, Davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan ob’yektlarni «tayyor holda topshirish» shartlari asosida qurish yoki rekonstruksiya qilish boʻyicha tender hujjatlarida pudratchi tomonidan respublikada ishlab chiqarilishi yoʻlga qoʻyilgan elektrotexnika va elektromaishiy mahsulotlar sotib olish nazarda tutiladi;
uchinchidan, elektrotexnika sanoati tarmogʻi korxonalari uchun quyidagilar belgilanadi:
- oʻzlari ishlab chiqargan elektrotexnika va elektromaishiy mahsulotlarni eksport qilish operatsiyalari boʻyicha muddati oʻtkazib yuborilgan debitor qarzdorlik hosil boʻlishini hisoblashning yagona muddati – BYuD rasmiylashtirilgan sanadan boshlab 180 kun etib;
- oʻzlarining ishlab chiqarish ehtiyojlari uchun texnologik uskunalarni respublikaga olib kirish va «erkin muomalaga chiqarish (import)» bojxona rejimiga rasmiylashtirish yoki import kontraktlari boʻyicha ular uchun toʻlangan pul mablagʻlarini qaytarish muddati – import kontraktlari boʻyicha toʻlov amalga oshirilgan kundan boshlab 270 kun etib;
toʻrtinchidan, kredit summasi va valyuta turidan qat’i nazar, elektrotexnika sanoati tarmogʻi korxonalari tomonidan respublikada ishlab chiqarilmaydigan elektrotexnika va elektromaishiy mahsulotlar ishlab chiqarish boʻyicha loyihalarni amalga oshirish uchun mahalliy tijorat banklaridan olinadigan kreditlarning ekv. $1 mln dan oshmagan qismi boʻyicha foiz xarajatlari Tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishni qoʻllab-quvvatlash davlat jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan belgilangan foiz stavkasining 50%i miqdorida, lekin kredit stavkasining 5 foizlik punktidan oshmagan miqdorda 2 yil mobaynida qoplanadi.
Soliq va bojxona imtiyozlari
«Oʻzeltexsanoat» uyushmasi tarkibiga kiruvchi korxonalar 2022 yil 1 yanvargacha oʻzlarining ishlab chiqarish ehtiyojlari uchun olib kelinadigan, mamlakatimizda ishlab chiqarilmaydigan xom ashyo, materiallar, butlovchi qismlar va asbob-uskunalar boʻyicha bojxona bojlari toʻlashdan ozod etildi.
Bundan tashqari, TIF TN kodlari 7407–7410 va 7412–7419 guruhlari boʻyicha misdan yasalgan mahsulotlar eksportiga QQSning nol stavkasini xarid qilingan mis boʻyicha soliq summasining 50%ini hisobga kiritish, qolgan yarmini korxona xarajatlariga oʻtkazish tartibi xuddi shu sanaga qadar uzaytirildi. Avvalboshdan imtiyoz 2020 yilning 1 yanvariga qadar qoʻllanishi nazarda tutilgan edi.
Moliyalashtirish
2019-2020 yillarda Elektrotexnika sanoatini rivojlantirish jamgʻarmasiga 20 mlrd soʻm byudjet mablagʻlari tushadi. Davlat tomonidan moliyalashtirishdan grantlar ajratish, startap-loyihalarini qoʻllab-quvvatlash, xalqaro standartlarni joriy etish boʻyicha xarajatlarning 50%ini qoplash (lekin bitta holat boʻyicha ekv. $20 mingdan koʻp boʻlmagan miqdorda), xalqaro koʻrgazmalar va yarmarkalarda ishtirok etish bilan bogʻliq xarajatlarning 50%ini qoplash (lekin bitta holat boʻyicha ekv. $10 mingdan koʻp boʻlmagan miqdorda) uchun foydalaniladi va h.k.
2019-2021 yillarda elektrotexnika sanoati sohasidagi xalqaro standartlarni qabul qilish uchun 3,6 mlrd soʻm yoʻnaltiriladi.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 1.06.2019 yildan kuchga kirdi.
Oleg Zamanov.