Urugʻlik kartoshka xarid qilish uchun – imtiyozli kreditlar

preview

Vazirlar Mahkamasining 6.06.2019 yildagi “2019 yil hosili uchun qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtiruvchilarga urugʻlik kartoshka yetkazib berish va ichki iste’mol bozorini ijtimoiy muhim turdagi oziq-ovqat mahsulotlari bilan kafolatli toʻldirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 462-son qarori qabul qilindi.

Hukumat Qishloq xoʻjaligi vazirligi, «Kartoshka yetishtiruvchilar» uyushmasi, Andijon, Jizzax, Qashqadaryo, Namangan, Samarqand, Surxondaryo, Sirdaryo, Toshkent va Fargʻona viloyatlari hokimliklarining joriy yil hosili uchun urugʻlik kartoshka hajmlari toʻgʻrisidagi taklifini ma’qulladi.  Koʻrsatilgan hokimliklar ajratilgan hajmlarni tumanlar boʻyicha taqsimlashi va kartoshka ekishga jalb etilgan fermer xoʻjaliklari va boshqa qishloq xoʻjaligi korxonalari tomonidan xarid kilinishini ta’minlashi lozim.

Bundan tashqari, ichki bozorni kartoshka bilan kafolatli ta’minlash maqsadida quyidagi qarorlar qabul qilindi:

birinchidan, “Boʻstonliq kartoshkachilik markazi” MChJ tomonidan zaxiraga jamgʻarilgan urugʻlik kartoshkani imtiyozli narxlarda - 1 kilogramm uchun 5 soʻm miqdorida sertifikatlanadi;

ikkinchidan, Moliya vazirligi 1 iyulga qadar “Agrobank” ATB hisob raqamlariga 136 mlrd soʻmni joylashtiradi, bank esa  fermer xoʻjaliklari va boshqa qishloq xoʻjaligi korxonalariga 2019 yil hosili uchun urugʻlik kartoshka xarid qilishga yillik 10% stavkada kreditlar ajratadi. Ushbu kreditlar boʻyicha hisoblanadigan foiz summasining yarmini Tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishni qoʻllab-quvvatlash davlat jamgʻarmasi qoplaydi;

uchinchidan, “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ chetdan keltirilayotgan urugʻlik kartoshkaning yuqorida keltirilgan xoʻjaliklarga imtiyozli tariflarda (50%) oʻz vaqtida va sifatli yetkazib berish boʻyicha xizmatlar koʻrsatadi.

Fermer xoʻjaliklariga kartoshka navlarining xususiyatlaridan kelib chiqib, oʻtkaziladigan zarur agrotexnik tadbirlar yuzasidan amaliy seminarlar tashkil etiladi.

Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida joylashtirilgan va 7.06.2019 yildan kuchga kirdi.

 

 Anvar Irkaxodjayev.


Qonunchilikdagi yangiliklar. Normativ qonun hujjatlaridagi oʻzgarishlar. Qonunchilikdagi yangiliklar Qonunchilikdagi yangiliklar /oz/publish/doc/text151541_uruglik_kartoshka_harid_qilish_uchun_-_imtiezli_kreditlar