Yillik inventarizatsiya – 2026: tartib va hujjatlar
Agar ta’tildan chaqirib olishsa, nima qilish kerak
Ta’til boshlandi. Atrofda quyosh, dengiz... Biroq rahbar ta’tilni toʻxtatish va ishlab chiqarish zarurati tufayli ishga chiqishni talab qilmoqda. Nima qilish kerak? Ish beruvchi xodimni ta’tildan chaqirib olish huquqiga egami?
Mehnat qonunchiligi ishlab chiqarish ehtiyojiga koʻra xodimni mehnat ta’tilidan ishga chaqirib olish imkoniyatini nazarda tutadi. Bunda chaqirib olishga faqat xodimning roziligi bilan yoʻl qoʻyiladi (MKning 147-moddasi).
Xodim ta’til vaqti tugagunga qadar ishga chiqishni rad etishga haqli va bunday rad etish (sababidan qat’i nazar) mehnat intizomini buzish deb hisoblanmasligi lozim. Oʻz navbatida, xodim unga berilgan ta’tilni toʻxtatishi va ish beruvchidan uni ta’tildan chaqirib olishga farmoyish berishni talab qilishga haqli emas.
Bunda ishga rejalashtirilmagan holda chiqish ta’tilning foydalanilmagan qismi bilan xayrlashishni bildirmaydi. Sizda variantlar bor:
- ta’tilni keyinroq olish;
- ta’tilning qolgan kunlarini keyingi yilga oʻtkazish;
- keyinchalik dam olishdan voz kechish va rahbardan pullik kompensatsiya toʻlashni iltimos qilish.
Ta’tildan chaqirib olishda majburiy tartibda tegishli buyruq rasmiylashtirilishi kerak, xodimning roziligi bunga asos boʻladi. Xodimning roziligi ariza shaklida boʻlib, unda u quyidagilarni koʻrsatishi mumkin:
- ta’tilning foydalanilmagan qismi koʻchirilishi lozim boʻlgan aniq muddat;
- yoki ta’tilning foydalanilmagan qismi pullik kompensatsiya bilan almashtirilishi kerakligi.