QQS: toʻlovchilar koʻpayib, imtiyozlar kamayadi

preview

Moliya vazirligi ana shunday taklif bilan chiqdi. Loyiha QHTBT portalida joylashtirilgan.

QQSga oid qismida quyidagi chora-tadbirlar taklif etilmoqda.

Birinchidan, ushbu soliqni toʻlovchilar sonini ularni quyidagilar jumlasiga kiritish hisobiga oshirish:

  • benzin, dizel yoqilgʻisi va gazni AYoQSh orqali oxirgi iste’molchilarga sotadigan yuridik shaxslar – ushbu tovarlarni sotishdan tushumning miqdoridan qat’i nazar (1.08.2019 yildan);
  • tovarlarni import qiluvchi tadbirkorlik sub’yektlari – tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) sotishdan tushum miqdoridan qat’i nazar, import shartnomasi tuzilgan oydan keyingi oyning 1-sanasidan boshlab QQS toʻlovchisi sifatida hisobda turishi shart (1.08.2019 yildan);
  • 2019 yil yanvardan avgustgacha 1 mlrd soʻmdan ortiq pul aylanmasi (tushumi)ga yoki 50 gektardan ortiq qishloq xoʻjaligi yerlariga ega boʻlgan yagona yer soligʻi toʻlovchilar – QQSni toʻlovchi sifatida roʻyxatdan oʻtishlari shart. 2019 yil 1 oktyabrdan boshlab belgilangan pul aylanmasi (tushumi) chegara darajasiga yetgan YaYeS toʻlovchilar ushbu darajaga erishilgan oydan keyingi oyning 1-sanasidan boshlab QQSni toʻlashga oʻtadilar;
  • paxta xom ashyosini ishlab chiqaruvchilar – 2019 yil hosilidan boshlab QQSni toʻlashga oʻtadilar. Bunda ularga 2019 yildagi paxta xom ashyosini yetishtirish uchun ishlatilgan va 2018 yilning 1 oktyabridan keyin haqiqatda olingan tovarlar (ishlar, xizmatlar) uchun toʻlangan QQS summasini hisobga olish huquqi beriladi.

YaYeS toʻlovchisi hisoblangan qishloq xoʻjaligi tovarlari ishlab chiqaruvchilari ixtiyoriy ravishda QQSni toʻlashga oʻtishi mumkin.

Ikkinchidan, quyidagilarga nisbatan QQS boʻyicha imtiyozlarni bekor qilish (1.10.2019 yildan):

  • asbest, koʻmir, yogʻoch materiallari, yogʻoch va undan tayyorlangan buyumlar, uglevodorod xom ashyosi;
  • soya danagi, kungaboqar va kunjut urugʻlari, moyli xom ashyo va shakar xom ashyosi;
  • qishloq xoʻjaligi texnikasi, avtotransport vositalari, avtotransport vositalarini ishlab chiqarishda foydalaniladigan butlovchi buyumlar, materiallar va texnologik asbob-uskunalar;
  • oʻzi ishlab chiqargan qishloq xoʻjaligi mahsulotlari va Oʻzbekistonda ishlab chiqarilgan oziq-ovqat mahsulotlari.

Oʻzbekistonda ishlab chiqarilgan oziq-ovqat mahsulotlari qismida QQS boʻyicha imtiyozni qoʻllovchi tashkilotlarga imtiyozdan voz kechish toʻgʻrisida xabarnoma berish asosida, ushbu xabarnoma berilgan oydan keyingi oyning 1-sanasidan boshlab QQSni toʻlashga ruxsat beriladi.

Shu tariqa, QQS boʻyicha toʻlaqonli zanjir hosil qilish va barcha xoʻjalik yurituvchi sub’yektlar uchun teng sharoitlarni ta’minlash rejalashtirilmoqda.

Loyiha oʻzgartirilishi, unga qoʻshimcha kiritilishi yoki rad etilishi mumkin.

 

Oleg Zamanov.


Qonunchilikdagi yangiliklar. Normativ qonun hujjatlaridagi oʻzgarishlar. Qonunchilikdagi yangiliklar Qonunchilikdagi yangiliklar /oz/publish/doc/text151669_qqs_tulovchilar_kupayib_imtiezlar_kamayadi