2020 yil 1 yanvardan elektron hisobvaraq-fakturalardan majburiy tartibda foydalaniladi

preview

Vazirlar Mahkamasi 25.06.2019 yildagi «Oʻzaro hisob-kitoblar tizimida elektron shakldagi hisobvaraq-fakturalardan foydalanishni takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi 522-son qarorni qabul qildi. Unga muvofiq, 2020 yil 1 yanvardan boshlab barcha xoʻjalik yurituvchi sub’yektlar elektron hisobvaraq-fakturalarni toʻldirishlari shart.

Elektron hisobvaraq-fakturalar hisobini yuritish boʻyicha dasturiy kompleks asosida QQSning elektron ma’muriyatchiligi tizimi yaratiladi. Undan maqsad – soliq toʻlovchilar amalga oshiradigan tovarlar va xizmatlar aylanmasining butun zanjirini tahlil va nazorat qilish hisobiga soliqlarning yigʻiluvchanligini oshirish. Elektron hisobvaraq-faktura ushbu tizimning asosiy dastagi sanaladi.

DSQ manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda Chirchiq shahri, Navoiy va Sirdaryo viloyatlari hududida 2018 yil noyabr – 2019 yil iyun oylarida elektron hisobvaraq-fakturalarni (EHF) rasmiylashtirish boʻyicha tajriba oʻtkazdi (26.06.2018 yildagi PQ–3802-son; VMning 6.10.2018 yildagi 807-son qarori).

Uning natijalari ma’qullanib, VMning «Oʻzaro hisob-kitoblar tizimida elektron shakldagi hisobvaraq-fakturalardan foydalanishni takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi qarori bilan:

  • 2019 yil 1 iyuldan boshlab har qanday xoʻjalik yurituvchi sub’yekt, roʻyxatdan oʻtkazilgan joyidan qat’i nazar, EHFdan ixtiyoriy foydalanishga haqli;
  • 2020 yil 1 yanvardan boshlab EHFdan majburiy tartibda foydalaniladi;
  • DSQ huzuridagi «Yangi texnologiyalar» davlat unitar korxonasi elektron hujjatlarni markazlashtirilgan holda saqlash, operatorlararo uzatish va hisobini yuritish boʻyicha vakolatli rouming operatori etib belgilandi.

Shuningdek VM qarori bilan Oʻzaro hisob-kitoblar tizimida elektron shakldagi hisobvaraq-fakturalardan foydalanish tartibi toʻgʻrisidagi nizom (1-ilova) tasdiqlandi. Unda quyidagi tartib belgilandi:

  • yuridik va jismoniy shaxslar tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) sotganda va sotib olganda EHFdan foydalanish;
  • rouming operatori, operatorlar va tegishli vakolatli davlat organlarining elektron hisobvaraq-fakturalarni saqlash, operatorlararo uzatish va hisobini yuritish boʻyicha oʻzaro hamkorlik qilishi.

VMning qarori 26.06.2019 yildan kuchga kirdi.

 

Jorilla Abdullayev, «Norma» MChJ yetakchi eksperti. 

 

 

 

Buxgalteriya hisobi va soliq solishga doir normativ hujjatlardagi yangi oʻzgarishlar Yangiliklar Yangiliklar /oz/publish/doc/text151856_2020_yil_1_yanvardan_elektron_hisobvaraq-fakturalardan_majburiy_tartibda_foydalaniladi