Yillik inventarizatsiya – 2026: tartib va hujjatlar
Sogʻliqni saqlash vazirligi QHTBT portalida «Majburiy tibbiy sugʻurta toʻgʻrisida»gi Qonun loyihasini e’lon qildi, u 2021 yil 1 yanvardan kuchga kirishi kerak.
Taklif etilayotgan qonunning maqsadi – Oʻzbekiston fuqarolarining malakali tibbiy yordam olish hamda majburiy tibbiy sugʻurtaning (MTS) huquqiy, tashkiliy, moliyaviy asoslari va tamoyillarini belgilash uchun fuqarolarning konstitutsiyaviy huquqlarini amalga oshirish maqsadida MTS sohasida yuzaga keladigan jamoatchilik munosabatlarini tartibga solish.
MTSning asosiy tushuncha va tamoyillari belgilandi. Tushunchalar apparati bepul tibbiy-ijtimoiy yordamning kafolatlangan hajmi, tibbiyot muassasalari, ularning turlari, tibbiy xizmat va boshqa tavsiflarni oʻz ichiga olgan.
Ushbu sohaning ijtimoiy ahamiyatini inobatga olgan holda tibbiy xizmatlar davlat xaridlari, sugʻurta va sugʻurta faoliyati toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari amal qilish sohasidan tashqarida xarid qilinadi.
MTSning asosiy tamoyillariga quyidagilar kiradi:
- ijtimoiy maqomi va kiritgan yigʻimi (badali) miqdoridan qat’i nazar, barcha sugʻurtalangan shaxslar tibbiy xizmatlardan teng foydalanadi;
- tibbiy xizmatlardan hududlarda teng foydalaniladi;
- hamyonbop va sifatli tibbiy xizmatlar koʻrsatiladi.
Loyiha tibbiy resurslardan teng foydalanishni, oʻz salomatligini saqlash va mustahkamlashdan manfaatdorlikni ta’minlovchi motivatsiya dasturlarini joriy etish yoʻli bilan salomatlikni saqlash uchun fuqarolarning javobgarligini oshirishga ham yoʻnaltirilgan.
Vazirlar Mahkamasining taklifiga binoan majburiy tibbiy sugʻurta uchun yigʻim va badallar miqdorini Prezident tasdiqlaydi.
Qonun kimlarga tatbiq etiladi
Qonun quyidagilarga nisbatan amal qiladi:
- bepul tibbiy yordam va MTSning kafolatlangan hajmi doirasida tibbiy xizmatlardan foydalanish huquqiga ega boʻlgan sugʻurtalangan shaxslar;
- ish beruvchi boʻlgan korxonalar, tashkilotlar, muassasalar, yakka tartibdagi tadbirkorlar, tibbiy xizmatlarni yetkazib beruvchilar, Majburiy tibbiy sugʻurta jamgʻarmasi (bundan keyin – Jamgʻarma), davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, shuningdek MTS sohasida faoliyat yurituvchi boshqa shaxslar.
Oʻzbekiston fuqarolari, bu yerda doimiy yashovchi xorijiy fuqarolar, fuqaroligi boʻlmagan shaxslar va ularga tenglashtirilgan shaxslar, shuningdek kirish «investitsiya vizasi» olgan xorijiy investorlar, ularning ota-onalari, turmush oʻrtoqlari va farzandlari majburiy tibbiy sugʻurtalanishlari lozim boʻladi.
Sugʻurtalangan shaxslar, toʻlovchilar, akkreditatsiyalangan tibbiy xizmatlarni yetkazib beruvchilar va Jamgʻarma majburiy tibbiy sugʻurta sub’yektlari hisoblanadi.
Jamgʻarma byudjeti quyidagilar hisobidan shakllantiriladi:
- aholini tibbiy yordamning kafolatlangan hajmi bilan ta’minlash xarajatlarini qoplash uchun ajratiladigan Davlat byudjeti mablagʻlari;
- majburiy tibbiy sugʻurtani qoʻllab-quvvatlash uchun davlat tomonidan belgilanadigan majburiy soliqlar va yigʻimlar;
- qonun hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar.
Oʻzbekiston hududida boʻlgan barcha jismoniy shaxslar shoshilinch tibbiy yordam olishga haqli boʻladi.
Sugʻurtalangan shaxslarning huquqlarini ta’minlash
Tibbiy xizmatlarni yetkazib beruvchini tanlash huquqini qayd etgan holda ularni koʻrsatish, sugʻurtalangan shaxslarni boshqa yetkazib beruvchiga qayta yoʻnaltirish taomillari, ikkilamchi fikr olish huquqi, sugʻurtalangan shaxslar hisobini yuritishning asosiy qoidalari, birgalikda toʻlovlarni amalga oshirish va axborot maxfiyligi tartibi belgilanadi.
Loyihaga muvofiq, tibbiy yoki boshqa koʻrsatmalar mavjud yoki mavjud emasligidan qat’i nazar, sugʻurtalangan shaxslar tibbiy xizmatlardan foydalanish uchun soʻralayotgan tibbiy xizmatlarni koʻrsatish shartnomasi tuzilgan yetkazib beruvchiga murojaat qilishga haqli. Sugʻurtalangan shaxs yetkazib beruvchiga murojaat qilganda shaxsini tasdiqlovchi guvohnomani va, mavjud boʻlgan taqdirda, sugʻurta polisi, tibbiyot kartasi yoki ularning oʻrnini bosuvchi hujjatlarni taqdim etishi shart, shoshilinch yordam koʻrsatish hollari bundan mustasno.
Yetkazib beruvchi sugʻurtalangan shaxsda tibbiy koʻrsatmalar, sugʻurta polisi, tibbiyot kartasi yoki ularning oʻrnini bosuvchi hujjatlar mavjud emasligi sababli qabul qilishni rad eta olmaydi. Yetkazib beruvchi tuzilgan shartnomaga muvofiq soʻralayotgan tibbiy xizmatni koʻrsatmasa, murojaat qilish dalilini qayd etadi, shuningdek soʻralayotgan tibbiy yordamni olish uchun shaxs qayta yoʻnaltirilgan yetkazib beruvchini koʻrsatadi. Shaxs qayta yoʻnaltirilgan yetkazib beruvchi sugʻurtalangan shaxsga soʻralayotgan xizmatni koʻrsatishi shart.
Alohida xizmat uchun birgalikda toʻlov nazarda tutilgan boʻlsa, shaxs yetkazib beruvchiga belgilangan miqdorda haq toʻlashi, u sugʻurtalangan shaxs tomonidan birgalikda toʻlovni olganidan keyin uni koʻrsatishi shart. Qonun loyihasiga koʻra: birgalikda toʻlov – Jamgʻarma va sugʻurtalangan shaxs tomonidan solidar tartibda koʻrsatilgan tibbiy xizmatlar uchun toʻlanishi lozim boʻlgan summa.
Mablagʻ qayerdan olinadi
Oʻzbekistonda tibbiyotning byudjet modeli amal qiladi. Aholi soliqlarni toʻlaydi, ularning bir qismi sogʻliqni saqlash tizimiga yoʻnaltiriladi. Sogʻliqni saqlash vazirligi MTSni joriy etish zaruratining iqtisodiy asoslanmasida sogʻliqni saqlashga jami xarajatlar qoʻshimcha hajmini shakllantirishning 2 ta variantini keltirgan.
1. «MTSga ajratmalar va qat’iy belgilangan badallar miqdori – 2% va 1 EKIH». U 2021 yildan Oʻzbekistonda yollanma xodimlar nominal ish haqidan 2% miqdorida ajratmalar va yakka tartibdagi tadbirkorlardan 1 EKIH miqdorida qat’iy belgilangan badallar MTS tizimiga joriy etilishiga asoslangan.
Chunonchi, 2021 yilda jami tushumlar 1 211 mlrd soʻmni, 2022 yilda 1 297 mlrd soʻmni, 2025 yilda 1 576 mlrd soʻmni tashkil etishi mumkin. 2021 yilda sogʻliqni saqlashga jami xarajatlar aholi jon boshiga 444 ming soʻmni, 2022 yilda 453 ming soʻmni, 2025 yilda 570 ming soʻmni tashkil etadi. 2017 yilgi daraja bilan solishtirganda 2025 yilda ular 2,5 baravar oshadi.
2. «Tamaki va alkogolli ichimliklardan, Pensiya jamgʻarmasi hisobidan – MHTFning 0,5%i, yakka tartibdagi tadbirkorlarning badallari hisobidan – 2 EKIH MTSga ajratmalar va qat’iy belgilangan badallar miqdori».
Ushbu variant alkogol va tamaki ishlab chiqaruvchilarning foydasiga katta ta’sir koʻrsatmaydi, sababi 0,5 l sigʻimga ega 1 shisha aroq uchun yigʻim miqdori 250 soʻmni, 1 shisha pivo uchun 100 soʻmni, filtrli va filtrsiz 1 quti sigareta uchun 20 soʻmni tashkil etadi. Ishlab chiqaruvchi ushbu xarajatlarni mahsulot qiymatiga kiritsa, uni iste’molchi toʻlaydi.
Iste’molchi ham narx oshganini sezmaydi, sababi joriy etilgan yigʻim ulushi oʻrta hisobda quyidagi miqdorni tashkil etadi:
- 0,5 l sigʻimga ega har bir shisha aroqning taxminan 1,25%i, pivoning esa 2%ini;
- filtrli sigareta har bir qutisining 0,25%i, filtrsizining 0,57%ini.
Yakka tartibdagi tadbirkorlarning badallaridan Jamgʻarmaga tushumlar hajmi 2021 yilda 161 mlrd soʻmni, 2022 yilda 175 mlrd soʻmni, 2025 yilda 224 mlrd soʻmni tashkil etishi mumkin. Sogʻliqni saqlashga jami xarajatlar aholi jon boshiga 2021 yilda 511 ming soʻmni, 2022 yilda 524 ming soʻmni, 2025 yilda 652 ming soʻmni tashkil etadi. 2018 yilgi daraja bilan solishtirganda 2025 yilda ular 2,9 baravar oshadi.
Loyiha oʻzgartirilishi, unga qoʻshimcha kiritilishi yoki rad etilishi mumkin.
Konstantin Mosin.