Yillik inventarizatsiya – 2026: tartib va hujjatlar
Prezident 23.07.2019 yildagi “Mikromoliyaviy xizmatlar ommabopligini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-4400-son qarorni imzoladi. 
2019 yil 1 avgustdan boshlab sohada qator oʻzgarishlar roʻy beradi:
birinchidan, mikroqarzning eng yuqori miqdori 50 mln soʻmgacha (hozir – 100 EKIH), mikrokredit miqdori - 300 mln soʻmgacha (hozir – 1 000 EKIH) va mikrolizing miqdori - 600 mln soʻmgacha (hozir – 2 000 EKIH) oshiriladi;
ikkinchidan, mikrokredit tashkilotlari va lombardlar faoliyatini amalga oshirish huquqiga litsenziya berish toʻgʻrisidagi arizani koʻrib chiqish muddati 30 kundan 15 ish kunigacha qisqartiriladi;
uchinchidan, mikrokredit tashkilotlari barcha ishonchli (blankli) kreditlarning ular shakllantirgan ustav fondiga foiz nisbatini mustaqil belgilaydi;
toʻrtinchidan, AJ shaklida tashkil etilgan mikrokredit tashkilotlari korporativ obligatsiyalarni chiqarish va ularni faqat yuridik shaxslar oʻrtasida joylashtirishga haqli;
beshinchidan, xorijiy mikrokredit tashkilotlari Oʻzbekistonda faoliyat koʻrsatayotgan mikrokredit tashkilotlarining ustav fondida ishtirok etishlari mumkin.
Bundan tashqari, mikrokredit tashkilotlari xuddi shu sanadan boshlab quyidagi qoʻshimcha imkoniyatlarga ega boʻladi:
- banklar, sugʻurta kompaniyalari va boshqa moliya tashkilotlarining agenti sifatida agentlik xizmatlarini faqat naqdsiz shaklda koʻrsatish va agentlik bitimining mavjudligi toʻgʻrisida axborotlarni oshkor qilish, shuningdek, jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirgʻin qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish boʻyicha qonun hujjatlari normalarini bajarish sharti bilan qatnashish;
- makroprudensial nazorat doirasida belgilangan normalarga rioya qilinishini ta’minlaydigan hajmlarda kreditlarni (qarzlarni) jalb qilish va korporativ obligatsiyalarni chiqarish;
- oʻzlarining boshqaruvining oliy organlari qarori bilan chakana xizmatlar, shu jumladan naqdsiz shaklda koʻrsatiladigan mikromoliyaviy xizmatlar markazlarini ular ochilgan kundan boshlab 10 kunlik muddatda Markaziy bankni xabardor qilgan holda ochish.
Banklar va boshqa kredit tashkilotlari 1 avgustdan boshlab jismoniy shaxslarga potensial qarz oluvchini masofadan turib identifikatsiyalash, ma’lumotlar xavfsiz almashuvini amalga oshirish va skoring modeli asosida qarz oluvchining kredit qobiliyatini baholashni ta’minlash sharti bilan onlayn-kreditlar (mikroqarzlar) berishlari mumkin.
Hujjat bilan quyidagilarga taqiq belgilandi:
- jismoniy shaxslarga xorijiy valyutada kreditlar (qarzlar) berish va kreditlar (qarzlar) boʻyicha ularning majburiyatlarini xorijiy valyutada hisobga olish;
- nobank kredit tashkilotlari tomonidan jismoniy shaxslardan qisqa muddatli mikromoliyaviy xizmatlar ta’minotiga koʻchmas turar joy mulkini garov sifatida qabul qilish;
- ilgari olingan kreditlar (qarzlar) boʻyicha soʻndirilmagan muddati oʻtgan qarzdorlik mavjud boʻlgan taqdirda jismoniy shaxslarga yangi mikromoliyaviy xizmatlar koʻrsatish.
Markaziy bankka:
2019 yil 1 sentyabrga qadar - mikrokredit tashkilotlari binolari va kassa xonalarining texnik jihozlanganlik talablarini bugungi kun talablari, xalqaro tajriba va mikromoliyaviy xizmatlar koʻrsatish uslublarini takomillashtirishni hisobga olgan holda soddalashtirish;
2019 yil 1 oktyabrga qadar - qarz oluvchi jismoniy shaxslarning kreditlar (qarzlar) boʻyicha qarz yukini hisoblash metodologiyasi va ruxsat etiladigan koʻrsatkich birliklarini, shuningdek, jismoniy shaxslarning qarz yukining, shu jumladan kunlik eng yuqori foiz stavkalari boʻyicha oʻsishini cheklab turishga oid me’yorlarni tasdiqlash;
2019 yil 1 noyabrga qadar - kredit tashkilotlari tomonidan tavakkalchiliklarning mos ravishda boshqaruvi mavjudligi, kredit byurolaridan kredit ma’lumotlarini majburiy olish, faoliyatning xavfsizligi va uzluksizligini ta’minlashni nazarda tutuvchi masofadan turib xizmat koʻrsatish tartibini tasdiqlash;
2019 yil 1 dekabrga qadar - IIV bilan birgalikda ilgari tijorat bankida dastlabki identifikatsiyadan oʻtgan jismoniy shaxsni kredit tashkilotlari tomonidan masofadan turib identifikatsiyalash mexanizmini joriy etish topshirildi.
Mikromoliyaviy xizmatlar boʻyicha garov shartnomasini majburiy notarial tasdiqlashni bekor qilish rejalashtirilayotir, bir vaqtda ma’lumotlarni IIV va Adliya vazirligining ma’lumotlar bazalarida aks ettirgan holda kredit tashkilotlari garov reyestrining ma’lumotlar bazasiga tegishli yozuvlarni kiritadi. Tuzatishlarni 1 dekabrga qadar ishlab chiqishlari kerak.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 23.07.2019 yildan kuchga kirdi.
Oleg Zamanov.