Pillachilik tarmogʻiga – subsidiyalar, imtiyozlar va preferensiyalar

preview

Prezidentning 31.07.2019 yildagi “Pillachilik tarmogʻida chuqur qayta ishlashni rivojlantirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-4411-son qarori qabul qilindi.

Birinchidan, 2022 yil 1 avgustga qadar pillachilik tarmogʻi korxonalariga (ularning vakolatli vakillariga) mahsulotlarni AQSh, Yevropa Ittifoqi davlatlari va Turkiyaga eksport qilishda havo va temir yoʻllari transportida tashish xarajatlarining 50%igacha miqdorini kompensatsiya qilishga byudjet subsidiyalari taqdim etiladi.

Ikkinchidan,  “Oʻzbekipaksanoat” uyushmasi tarkibiga kiruvchi korxonalar tomonidan pilla yetishtirish boʻyicha tuzilgan shartnoma asosida pilla yetishtiruvchi sub’yektlarga (ularning roziligi bilan) avans hisobiga keyinchalik tayyorlanadigan pilla uchun toʻlov summasiga oʻtkazgan holda yetkazib berilgan tut ipak qurti urugʻi va pilla yetishtirish uchun zarur boshqa moddiy-texnika resurslari hamda tut koʻchatlari qiymati tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) realizatsiya qilish oboroti deb hisoblanmaydi.

Uchinchidan, lizing asosida qishloq xoʻjaligi texnikasini xarid qilish, mineral oʻgʻitlar, urugʻlik, oʻsimliklarni kimyoviy himoya qilish vositalari va boshqa material resurslarini yetkazib berish boʻyicha fermer xoʻjaliklari uchun nazarda tutilgan shartlar hamda tartib pillachilik tarmogʻi korxonalariga ham tatbiq etiladi.

Toʻrtinchidan, 2020 yil 1 yanvardan boshlab tut daraxtlarini gʻayriqonuniy ravishda kesganlik, shikastlantirganlik yoki yoʻq qilganlik uchun undirilgan jarimalarning 50%i huquqbuzarlik sodir etilgan hududda yangi tut koʻchatlarini ekish uchun maqsadli yoʻnaltiriladi.

Beshinchidan, Prezidentning 2018 yil 4 dekabrdagi PQ-4047-son qarori 5-bandida nazarda tutilgan kompensatsiyalar loyihalar qiymati va sonidan qat’i nazar pilla yetishtirish, shu jumladan pilla yetishtiruvchi fermer xoʻjaliklari va kasanachilarga boʻnak berish, ular bilan yakuniy hisob-kitoblarni amalga oshirish hamda qurilish va rekonstruksiya ishlarini moliyalashtirish uchun xam taqdim etiladi. Kompensatsiya mexanizmining amal qilishi esa 2023 yil 1 yanvarga qadar uzaytiriladi (avvalboshdan 2019-2021 yillarga joriy etilgan edi).

Oltinchidan, tirik pilla yetishtiruvchilardan yetishtirilgan tirik pillani sotib olish (ularning tirik pilla yetishtirish xizmati) narxi 2020 yildan kamida 20%ga, 2021 yildan yana kamida 10%ga oshiriladi.

“Oʻzbekipaksanoat” uyushmasiga uning tarkibiga kiruvchi korxonalar tomonidan tut koʻchatlarining ekilishi, ipak qurti urugʻi va pilla yetishtirish, pillani chuqur qayta ishlash, ipak, ipak momigʻi va ipakdan chuqur qayta ishlangan mahsulotlar eksportini amalga oshirish, investitsiyalarni jalb etish va yangi ish oʻrinlarini yaratish boʻyicha prognoz koʻrsatkichlarining toʻliq bajarilishini muntazam ravishda monitoring qilib borish topshirildi. Belgilangan koʻrsatkichlarni bajarishda sustkashlikka yoʻl qoʻyayotgan korxonalarga nisbatan amaldagi imtiyozlar  Vazirlar Mahkamasi tomonidan qayta koʻrib chiqiladi.

Qishloq xoʻjaligi ekin maydonlari chetida va yoʻl boʻyida joylashgan tut daraxtlaridan “Oʻzbekipaksanoat” uyushmasi korxonalari pilla yetishtirish uchun ozuqa sifatida foydalanadi. 2020 yil 1 yanvarga qadar mazkur shart fermer va dehqon xoʻjaliklariga, qishloq xoʻjaligi hamda paxtachilik-toʻqimachilik klasterlariga yer uchastkalarini ajratish toʻgʻrisidagi qarorlarga hamda ular bilan tuzilgan ijara shartnomalariga (shu jumladan oldin qabul qilingan qarorlar va tuzilgan shartnomalarda) kiritiladi.

Hujat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 1.08.2019 yildan kuchga kirdi.

Oleg Zamanov.


Qonunchilikdagi yangiliklar. Normativ qonun hujjatlaridagi oʻzgarishlar. Qonunchilikdagi yangiliklar Qonunchilikdagi yangiliklar /oz/publish/doc/text152606_pillachilik_tarmogiga_-_subsidiyalar_imtiezlar_va_preferenciyalar