Biznesni yopish qanchalik osonlashadi

preview

1.01.2020 yildan tadbirkorlik sub’yektlarini ixtiyoriy tugatish va faoliyatini toʻxtatish, shuningdek  moliya-xoʻjalik faoliyatini amalga oshirmayotganlarni davlat reyestridan chiqarishning yangi tartibi kuchga kiradi (VMning 21.08.2019 yildagi 704-son qarori).

Hujjat biznesni tugatish, shu jumladan ixtiyoriy tartibda tugatishni soddalashtiradigan Prezidentning 7.06.2019 yildagi PF-5739-son Farmoni munosabati bilan qabul qilingan. Aniq chora-tadbirlar haqida ilgari biz bu yerda va bu yerda yozganmiz.

Qabul qilingan hujjatda aniqlashtirishicha, ixtiyoriy tugatish va davlat reyestridan chiqarishning yangi tartibi quyidagilarga tatbiq etilmaydi:

  • banklar va kredit byurolari, ularning filiallari va vakolatxonalari;
  • shaharni tashkil etuvchi tijorat tashkilotlari va ularga tenglashtirilgan tijorat tashkilotlari;
  • davlat organlari, NNT, shu jumladan, ularning yuridik shaxs hisoblanadigan alohida boʻlinmalari (vakolatxonalari va filiallari), shuningdek, xalqaro va xorijiy NNTning vakolatxonalari va filiallari;
  • qonun hujjatlarida nazarda tutilgan bankrotlik alomatlari boʻlgan tijorat tashkilotlari.

Quyida ixtiyoriy tugatish va davlat reyestridan chiqarish tartib-taomillarida 2020 yil 1 yanvardan roʻy beradigan asosiy yangiliklarni koʻrib chiqamiz.

Ixtiyoriy tugatish

Birinchidan, korxonani tugatish toʻgʻrisida qaror qabul qiladigan shaxslar roʻyxatiga tuzatish kiritildi. Muassislar (qatnashchilar) bilan bir qatorda bunday vakolat vakillariga va vakolatli davlat organiga taqdim etildi. Qarorda koʻrsatiladigan ma’lumotlar roʻyxati kengaytirildi. Unda quyidagilarni aks ettirish lozim:

  • tugatilayotgan tadbirkorlik sub’yekti toʻgʻrisidagi ma’lumotlar: toʻliq va qisqartirilgan nomi, STIR, pochta manzili;
  • tugatuvchi haqidagi ma’lumotlar: pasport ma’lumotlari, telefon raqami va elektron pochta manzili;
  • tashkilot boʻyicha murojaatlarni qabul qilish joyi va muddati;
  • tugatish sababi va moʻljallanayotgan tugatish muddati.

Ikkinchidan, yangi tartibga koʻra, muassis(-lar) (qatnashchi(-lar) kabi u(-lar) tomonidan tayinlangan shaxslar (tugatish komissiyasi) tugatuvchi boʻlishi mumkin. Yakka tartibdagi tadbirkor (YaTT) ham tugatuvchi vakolatidan foydalanadigan jismoniy shaxsni tayinlashi mumkin.

Uchinchidan, roʻyxatdan oʻtkazuvchi organ – Davlat xizmatlari markazi (DXM) tomonidan qaror nusxasi olingandan keyin, u nafaqat bu haqda soliq, statistika organlari va Majburiy ijro byurosining (MIB) hududiy boʻlinmalarini, balki quyidagi tuzilmalarni ham xabardor qilishi kerak:

  • koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarni roʻyxatdan oʻtkazuvchi, avtotransport vositalari, qishloq xoʻjaligi texnikasi va roʻyxatdan oʻtkaziladigan boshqa texnika vositalarini roʻyxatdan oʻtkazuvchi organlar;
  • Kapital bozorini rivojlantirish agentligi.

Tugatilayotgan tashkilot oʻrniga tugatish toʻgʻrisidagi e’lonni DXM oʻzining rasmiy saytida joylashtiradi.

Toʻrtinchidan, avval qayd etilganidek, soliq tekshiruvi qamrab oladigan moliya-xoʻjalik faoliyatining maksimal davri 3 yilni tashkil etadi, roʻyxatdan oʻtkazilgan vaqtdan boshlab faoliyat koʻrsatmagan korxonalar uchun esa taftish oʻtkazilmaydi.

Beshinchidan, tugatuvchi roʻyxatdan oʻtkazuvchi organga soliq organi va MIBning soliqlar va ijro hujjatlari boʻyicha qarzi mavjud emasligi toʻgʻrisida yozma javobini taqdim etishi zarur emas. Bu ma’lumotlarni DXM Tadbirkorlik sub’yektlarini davlat roʻyxatidan oʻtkazish va hisobga qoʻyishning avtomatlashtirilgan tizimi orqali oladi.

Oltinchidan, YaTT soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlarni yuridik shaxslar uchun nazarda tutilgan tartibda toʻlaydigan taqdirda ularning faoliyatini majburiy toʻxtatish korxonalar uchun belgilangan sxema boʻyicha amalga oshiriladi. Qat’iy belgilangan soliqlarni toʻlovchi YaTT uchun esa faoliyatni toʻxtatishning amaldagi tartibi saqlab qolinadi. Soliq organining qarzi yoʻqligi haqidagi xulosasi YaTT tomonidan roʻyxatdan oʻtkazuvchi organga taqdim etiladigan hujjatlar juslasidan chiqarildi.

Qolgan tartib-taomil jihatlari umuman olganda uncha katta oʻzgarishga uchramadi.

Faoliyat koʻrsatmayotgan biznes sub’yektlarini davlat reyestridan chiqarish

Moliya-xoʻjalik faoliyatini amalga oshirmayotgan yuridik shaxslar uchun ularni “faoliyat koʻrsatmayotgan” deb hisoblash uchun asos boʻladigan muddat 9 oygacha oshirildi. U yuzaga kelganda va shu davr uchun soliq hisobotlari taqdim etilmaganda korxona 3 yil muddatga harakatsiz rejimga oʻtkaziladi. Shu muddat mobaynida korxona oʻzining faoliyatini tiklamagan taqdirda, roʻyxatdan oʻtkazuvchi organ  - DXM uni reyestrdan chiqaradi.

Faoliyat koʻrsatmayotgan va belgilangan muddatlarda oʻzlarining ustav jamgʻarmalarini shakllantirmagan korxonalarni tugatish boʻyicha maxsus hududiy komissiyalar - tugatildi.

Reyestrdan chiqarish DXM tomonidan tashkilotning soliqlar boʻyicha qarzi, mol-mulki boʻlmagan, shuningdek tugatish jarayoniga korxona muassislarini (ishtirokchilarini) (ularning vakillarini) va rahbarini jalb etishning imkoni boʻlmagan taqdirda soliq organining taqdimnomasiga koʻra amalga oshiriladi.

Roʻyxatdan oʻtkazuvchi organ taqdimnoma tushgan paytdan boshlab 3 ish kunida:

  • korxonani harakatsiz holatga oʻtkazadi, bu haqda davlat reyestriga hamda Tizimga yozuv kiritadi va oʻzining saytida e’lonni joylashtiradi;
  • yuridik shaxsning muassislariga xabarnoma yuboradi.

Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 1.01.2020 yildan kuchga kiradi.

Lenara Xikmatova.

Qonunchilikdagi yangiliklar. Normativ qonun hujjatlaridagi oʻzgarishlar. Qonunchilikdagi yangiliklar Qonunchilikdagi yangiliklar /oz/publish/doc/text153279_biznesni_epish_qanchalik_osonlashadi