Hozir amaldagi mehnat shartnomalari ma’lumotlarini YaMMTga kiritish zarurmi?

preview

2020 yilda “Yagona milliy mehnat tizimi” dasturiy kompleksining  (YaMMT)   joriy etilishi tadbirkorlarni Soliq kodeksi yangi tahririning qabul qilinishi, elektron hisobvaraq-fakturalar va onlayn-NKMga oʻtilishidan kam tashvishga solayotgani yoʻq.  Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining «Mehnat.uz» MChJ dasturiy-kompyuter markazi direktori Alisher ELMURODOV tizimni sinab koʻrish lozim, biroq amaldagi mehnat shartnomalari boʻyicha butun ma’lumotlarni kiritishga shoshilmaslik kerak, deb hisoblaydi.

- Kadrlar xizmati xodimlari mehnat shartnomalarini YaMMTda majburiy roʻyxatdan oʻtkazish joriy etilgandan keyin oʻz majburiyatlarini uddalay olishlari yuzasidan tashvish chekmoqdalar. Axir belgilangan muddatlarga rioya qilinmaganligi uchun jarimalar qoʻllaniladi-da. Siz mutaxassislarga nimalarni tavsiya qilasiz?

- Mehnat shartnomasini u tuzilgan kunda roʻyxatdan oʻtkazish – bu, albatta eng yaxshi variant, biroq buni bajarish mushkul. Yaqin orada Vazirlar Mahkamasining qarori chiqadi, unda mehnat shartnomalarini YaMMTda roʻyxatdan oʻtkazishning tashkiliy masalalari bayon etiladi. Xususan, tuzilgan mehnat shartnomasi toʻgʻrisidagi axborot tizimga kiritilishi lozim boʻlgan muayyan muddatni nazarda tutishi rejalashtirilmoqda. Bu maqsadlar uchun hujjat imzolangan paytdan e’tiboran 5-10 kun ajratish koʻzlanmoqda.

Biz tajriba oʻtkazib, uning asnosida kadrlar xizmati xodimiga 50 nafar xodimdan iborat tashkilotning xodimlari boʻyicha barcha axborotni YaMMTga kirishiga qancha vaqt talab etilishini aniqladik. Bir yarim kun talab etilar ekan.

Bitta mehnat shartnomasi toʻgʻrisidagi axborotni kiritishga besh daqiqadan koʻp boʻlmagan vaqt talab etiladi. Ish tajribasi bilan bu ishni bajarish tezligi oshadi.

E’tibor bering, 2020 yil 1 yanvarga qadar tuzilgan korxonada amal qilayotgan mehnat shartnomalari toʻgʻrisidagi axborotni 2020 yilning 1 sentyabriga qadar kiritish lozim boʻladi. Bu kadrlar xizmatlari xodimlariga oʻz ish yuklamasini qulay ishlash uchun rejalab olish imkonini beradi.

-Elektron mehnat shartnomalari ish beruvchi tomonidan YaMMT tizimiga amaldagi va tuziladigan mehnat shartnomalari toʻgʻrisidagi axborotni kiritishda avtomatik tarzda toʻldiriladi. Agar xodim oʻz elektron mehnat daftarchasida oldingi davrlarda boshqa tashkilotlardagi ishi toʻgʻrisidagi axborotni boʻlishini istasa-chi?

- Xodim bu ma’lumotlarni oʻzining qogʻoz shaklidagi mehnat daftarchasi ma’lumotlariga asoslangan holda mustaqil ravishda kiritishi mumkin. Biroq keyinchalik u bu axborotni tasdiqlash uchun oldingi ish beruvchisiga  murojaat qilishi lozim boʻladi. Aks holda kiritilgan ma’lumotlar tasdiqlanmagan hisoblanib, stajni hisoblashda e’tiborga olinmaydi.

Bunda korxonaning tugatilganligi, ular ofislarining yangi joyga koʻchirilganligi bilan bogʻliq murakkabliklar yuzaga kelishi mumkin. Shu bois ishlab chiquvchilar mehnat daftarchalarining butun tarkibini raqamlashtirishga doir avval aytib oʻtilgan gʻoyadan voz kechishdi.

Belgilanishicha, mehnat staji:

  • 2020 yil 1 yanvarga qadar – YaMMT joriy qilingungacha oʻrnatilgan tartibda;
  • 2020 yil 1 yanvardan soʻng – YaMMTda mavjud ma’lumotlar asosida (qonun hujjatlarida belgilangan alohida hollardan tashqari) hisoblanadi.

YaMMTdagi ma’lumotlarni ish beruvchilar, arxivlar va boshqa vakolatli tashkilotlarning ma’lumotnomalari bilan tasdiqlash zarur boʻlmaydi. Axborot kiritish paytida avtomatik tarzda verifikatsiya qilinadi. Buning uchun YaMMT DSQ, Davlat personallashtirish markazi, Pensiya jamgʻarmasi, sogʻliqni saqlash hamda oliy va oʻrta maxsus ta’lim vazirliklari, “Xalq banki” va mehnat organlari  tizimlari bilan integratsiyalanadi. Bu davlat pensiyasi tayinlanishi yuzasidan murojaat qiluvchilarni ma’lumotnomalar olish uchun turli instansiyalarga yugurib-yelishdan xalos etadi.

- “YaMMT” ishdan chiqib, ma’lumotlar yoʻqolishi hollari sodir boʻlishi mumkinmi?

- Bu ehtimoldan uzoq nimadir sodir boʻlsa, yuzaga kelishi mumkin. Qolgan barcha vaziyatlar hisobga olingan. Bunday xavfsizlik darajasini ta’minlash uchun, biz maxsus uskunalar sotib olamiz. Qoʻllaniladigan xavfsizlik tizimlarini xalqaro standartlarga muvofiq sertifikatlashtirishni rejalashtirayapmiz.

Hozircha YaMMT bilan faqat respublika hududida ishlash mumkin. Kelgusida biz odamlar yer kurrasining istalgan nuqtasidan oʻz mehnat faoliyati toʻgʻrisidagi axborotni olishi imkoniyatiga ega boʻlishi darajasida tizimni takomillashtirishni koʻzlamoqdamiz.

Ish beruvchilar tizimga faqat elektron raqamli imzo yordamida kirishlari mumkin. Xodimlar uchun tizimdagi axborotga kirishning turli variantlari koʻrib chiqildi. Jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqami, STIR va telefon raqamini qoʻllashni – xavfsiz emasligi sababli rad etdik. Xodimlar tizimga shaxsiy ERI va OneID yordamida kiradilar.

- Ba’zi buxgalterlar yangi yilning dastlabki kunlarida ishni yengillatish uchun hozirning oʻzida YaMMTga axborot kiritishmoqda. Ulardan oʻrnak olsa boʻladimi?

- Tavsiya etmayman. Hozir tizim qayta ishlash bosqichida turibdi, unga tajriba loyihasi qatnashchilarining fikr-mulohazalarini inobatga olgan holda oxirgi oʻzgartirishlar kiritilmoqda. Shu bilan birga tizimga havola boʻyicha hamma kirishi mumkin. Va men undan foydalanib qolishni tavsiya qilaman. Tizimga shunchaki uning tuzilishi bilan tanishib chiqish, ishlab koʻrish uchun kirgan ma’qul.

Bunda passiv foydalanuvchi boʻlmaslik kerak.  Agar savollar yoki takliflar boʻlsa, bizga (+998 71) 200-70-30 telefon raqami orqali qoʻngʻiroq qiling yoki telegrammga yozing. Biz har kimga yordam berish va amaliy mulohazalarni inobatga olishga tayyormiz.

- YaMMTda faqat davlat tilida ishlash mumkin boʻladimi?

- YaMMT hujjatlarni oʻzbek va rus tillarida kiritilishini nazarda tutuvchi “Davlat tili toʻgʻrisida”gi Qonunga muvofiq ishlaydi. Dastur interfeysi ikkala tilni ham qoʻllab-quvvatlaydi. Oʻzbek tilida ham lotin, ham kirill yozuvida ishlash mumkin. Shuningdek, hozir tizimning qoraqalpoq tilidagi versiyasi ustida ishlamoqdamiz.

- YaMMTda ishlash uchun kadrlar xizmati xodimi qanday koʻnikmalarga ega boʻlishi kerak?

- ERI va internet brauzerlari bilan ishlash tajribasi yetarli.

Aytib oʻtganimdek, tizimga ish beruvchi ERI yordamida kirishi mumkin. Shundan keyin tizim nima qilish kerakligini oʻzi aytib turadi. Agar siz endigina tizim bilan ishlashni boshlayotgan boʻlsangiz:

  • ish beruvchi toʻgʻrisidagi axborotni tekshirish va bu sahifadagi boʻsh maydonlarni toʻldirish lozim;
  • bazada tashkilotning boʻlinmalarini barpo etish lozim. Agar ular boʻlmasa, bu qadam oʻtkazib yuboriladi;
  • bazada shtat jadvaliga asosan ish oʻrinlarini tashkil etish lozim. Yodda tuting: agar ish oʻrinlari besh kundan ortiq boʻsh tursa, u avtomatik tarzda Bandlik va mehnat munosabatlari saytida kirish mumkin boʻlgan Respublika boʻsh ish oʻrinlari ma’lumotlar bazasiga tushadi. Boʻsh ish oʻrnini ushbu bazaga ancha barvaqt, bazada ish oʻrni barpo etilgandan keyin, tegishli satrni belgilash orqali joylashtirish mumkin;
  • xodimni ishga qabul qilishda siz “Shartnoma tuzish”  tugmasini bosib, mehnat shartnomasi toʻgʻrisidagi axborotni kiritasiz.

Agar siz tizimdan foydalanayotgan boʻlsangiz, uning yordamida mehnat shartnomalariga qoʻshimcha kelishuv rasmiylashtirish yoʻli bilan oʻzgartirishlar kiritishingiz, amaldagisini bekor qilishingiz va yangi mehnat shartnomalarini tuzishingiz, Mehnat kodeksida nazarda tutilgan barcha ijtimoiy ta’tillarni roʻyxatdan oʻtkazishingiz mumkin. Buning uchun tizimga kirgandan keyin darhol kerakli harakatlarga oʻtish lozim. Elektron mehnat daftarchalari avtomatik tarzda toʻldiriladi.

Hammasi juda sodda tuzilgan, siz tizimga uncha koʻp boʻlmagan axborotni kiritishingiz lozim boʻladi.

- Tadbirkorlar ular yopiq axborotni oshkor qilishlariga toʻgʻri kelishidan xavotir boʻlishmoqda. Masalan, - ish haqi toʻgʻrisidagi ma’lumotlar.

- Hech kim ulardan bu ma’lumotlarni oshkor qilishni talab qilmayapti. Ish oʻrni tashkil etishda tizimda ikkita maydon boʻlib, ularga maosh va unga ustamalar toʻgʻrisidagi axborot kiritiladi. Ustamalar toʻgʻrisidagi grafada ularning miqdorini koʻrsatish zarur emas, shunchaki mumkin boʻlgan ikkita variantdan birini: “mavjud” yoki “yoʻq”ni tanlang.

Respublika ish oʻrinlari bazasi YaMMTning tarkibiy qismi hisoblanib, unda barcha tashkilotlardagi boʻsh ish oʻrinlari aks ettiriladi. Bu ish izlayotganlar orasida katta talabga ega boʻlishi kutilmoqda.

Boʻsh ish oʻrningizga e’tibor jalb qilish uchun axborot tizimida ish haqi toʻgʻrisidagi ma’lumot boʻlishi kerak. Xodimga qoʻyiladigan talablar va ish sharoitlari batafsil bayon etilishi lozim boʻlgan maydonlar ham shu maqsadda nazarda tutilgan.

- Ish oʻrnini barpo etishda tizimda Xizmatchilarning asosiy lavozimlari va ishchilar kasblari klassifikatoriga asosan lavozim yoki kasbning nomi koʻrsatilishi zarur. Shuningdek, tashkilotda qabul qilingan lavozimlar nomi koʻrsatilishi lozim. Bu nima uchun kerak?

- Rasmiy hujjat aylanishida ish beruvchilar klassifikatorda nazarda tutilgan lavozimlar va kasblar nomlarini qoʻllashlari shart. Biroq amaliyotda bu ba’zi murakkabliklar bilan birga kechadi. Klassifikatorda, masalan,  yaqinda bozorda paydo boʻlgan lavozimlar va kasblar boʻlmasligi mumkin. Siz hali unda «SMM-mutaxassisi», «kouch», «kriptovalyuta va blokcheyn boʻyicha mutaxassis» kabi pozitsiyalarni topa olmaysiz. Yoki tashkilotingizda lavozim yoki kasbni aniqlashtiruvchi nom qabul qilingan boʻlishi mumkin. Masalan, siz shunchaki «dasturchi» emas, balki bilishi lozim boʻlgan dasturlash tilini koʻrsatgan holda «...ni biladigan dasturchi» deb yozasiz.

Shu bois Klassifikator boʻyicha axborot uchun grafada siz xodimning real majburiyatlari mohiyatiga koʻproq toʻgʻri keladigan pozitsiyani tanlashingiz lozim boʻladi.

Ikkinchi grafada esa korxonangizda qabul qilingani kabi lavozim yoki kasbning nomini koʻrsatish lozim. Bu axborot klassifikatorni yanada takomillashtirish, shuningdek mehnat bozorining real ehtiyojlarini oʻrganish uchun muhimdir.

- YaMMTni barpo etishda boshlangʻich bosqichda uning ishlab chiquvchilari mehnat shartnomalarini qogʻoz shaklida tuzishdan elektron shakl foydasiga butunday voz kechishini rejalashtirishgan edi. Nima uchun pirovardida bu gʻoyadan voz kechildi?

- Agar biz mehnat shartnomalarining elektron shaklini joriy etgan boʻlganimizda, barcha jismoniy shaxslar ularni imzolash uchun ERIga ega boʻlishlari lozim boʻlardi. Lekin hozircha ERI hamma oʻzbekistonliklarda ham mavjud emas. Raqamli imzoning mavjud emasligi ishga joylashishda toʻsiq boʻlishi mumkin, shu bois bu variantdan hozircha voz kechishga qaror qilindi. Mehnat shartnomalari, ilgarigidek, hozircha qogʻoz shaklida rasmiylashtiriladi. Ularni shunchaki YaMMTda roʻyxatdan oʻtkazish zarur boʻladi.

Oʻylaymanki, vaqti bilan biz barcha mehnat shartnomalari elektron shaklda tuziladigan paytga kelamiz.  Texnik nuqtai nazardan buning imkoniyati bor.

- Mehnat shartnomasi YaMMTda qanday roʻyxatdan oʻtkaziladi?

-Tizimda belgilangan boʻsh ish oʻrni qarshisida “Shartnoma tuzish” tugmasi bor. Uni bosgandan keyin sizga shaklni toʻldirish taklif qilinadi. Yangi xodimning familiyasi, ismi va otasining ismidan tashqari mehnat shartnomasidan ish joyi va jadvali, ta’tillar va mehnatga haq toʻlash shartlari toʻgʻrisidagi axborot tizimga olib oʻtilishi lozim. Ishga qabul qilish toʻgʻrisidagi buyruq chiqarilgandan keyin  tegishli grafaga buyruq raqami toʻgʻrisidagi axborotni kiriting.

- Amaliyotda fuqarolik-huquqiy tusdagi shartnomalar faol qoʻllanilmoqda, uning doirasida jismoniy shaxs muayyan ishni bajaradi. Ularni ham YaMMTda roʻyxatdan oʻtkazish lozim boʻladimi?

- YaMMTda faqat Mehnat kodeksi talablariga muvofiq tuzilgan shartnomalar roʻyxatdan oʻtkaziladi. Ular toʻliq bandlikni yoki oʻrindoshlik asosida yoxud  bir necha lavozimda va kasbda ishlashni nazarda tutishi mumkin.

- Kadrlar xizmatlari xodimlaridan hamon YaMMTni joriy etishni kechiktirish taklifini etishitishimiz mumkin. Bu borada sizning fikringiz qanday?

- Kechiktirish – bu  yaxshi variant emas. Mehnat bozori axborot tizimlari   koʻp mamlakatlarda qoʻllanilmoqda. YaMMTni joriy etish mehnat bozori regulyatori – Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, ish beruvchilar va xodimlar oldida ulkan imkoniyatlarni ochadi.

YaMMT barcha ish beruvchilarni qamrab olishi bois, Oʻzbekistonda mehnat bozori tuzilmasi haqida ancha aniq axborot paydo boʻladi. U kadrlarni  aniq maqsadga yoʻnaltirilgan holda tayyorlash tizimi, mehnat bozori va boshqa ijtimoiy muhim masalalarni hal qilish uchun zarur.

Hozir ma’lumotlarni qogʻoz shaklidagi mehnat daftarchasiga kiritish uchun qancha vaqt zarur? Kadrlar xizmati xodimlarning pensiyaga chiqishida arxiv ma’lumotnomalarini berish uchun qancha vaqt va asablarini sarflashadi? YaMMT joriy etilishi bilan bu sarflar oʻtmishda qoladi, hammasi avtomatlashtiriladi.

Qogʻoz shaklidagi mehnat daftarchalari kam axborot saqlaydi va bugungi kun talablariga javob bermaydi. Elektron mehnat daftarchasi avtomatik rejimda ish beruvchiga xodim toʻgʻrisida: uning ma’lumoti, sogʻligʻi yuzasidan koʻproq haqqoniy axborot olish imkonini beradi. Xodim, oʻz navbatida, kompyuter yordamida oʻzining mehnatga doir tarixini koʻrib chiqishi, shuningdek ish joyidan ma’lumotnomani mustaqil ravishda chop etishi mumkin boʻladi.

  Oleg Gayevoy


Buxgalteriya hisobi va soliq solishga doir normativ hujjatlardagi yangi oʻzgarishlar Yangiliklar Yangiliklar /oz/publish/doc/text155434_hozir_amaldagi_mehnat_shartnomalari_malumotlarini_yammtga_kiritish_zarurmi