Banklar hisobvaraqlar boʻyicha operatsiyalarni pinhona amalga oshira olmaydilar

preview

Bankirlarga hisobvaraq yoki omonat boʻyicha operatsiyalar toʻxtatilganligi haqida mijozni xabardor qilish majburiyatini yuklashdi. Ular endi hisobvaraqlardan kredit, mikroqarz va lizing boʻyicha qarzdorlikni soʻndirish hisobiga hisobvaraq egasiga bu haqda xabar bermasdan mablagʻlarni hisobdan chiqara olishmaydi. Xabarnoma mablagʻ hisobdan chiqarilgan sanadan boshlab, keyingi ish kunidan kechiktirmagan holda yuborilishi kerak. Mijozlar bunday yangiliklarni qanday usulda olishlarini tanlashlari mumkin. Uni bank bilan tuziladigan shartnomada koʻrsatish lozim.

Bank xizmatlari iste’molchilari bilan oʻzaro munosabatlarni amalga oshirishda tijorat banklarining faoliyatiga qoʻyiladigan minimal talablar toʻgʻrisida nizomga boshqa oʻzgartirishlar ham kiritildi. Eng muhimlariga toʻxtalib oʻtamiz.

  • Banklar kredit boʻyicha qarzni toʻliq soʻndirish sanasidan boshlab 3 ish kunidan kechiktirmay:

- garov mol-mulkidan taqiqni olib tashlashlari;

- garov reyestridan bankning garov mol-mulkiga nisbatan huquqi toʻgʻrisidagi yozuvni chiqarib tashlashlari shart.

  • Qarz oluvchi va garovga qoʻyuvchilarga sugʻurta kompaniyasi va baholovchini mustaqil ravishda tanlash huquqi berildi.
  • Bank va qarz oluvchi oʻrtasida tuzilgan kredit shartnomasida qarz oluvchining xorijiy valyutada kredit olishga boʻlgan tanlovi aks ettiriladi. Shuningdek - valyutalar kursining oʻzgarishi natijasida kredit yukining oshishi bilan bogʻliq ravishda kelib chiqadigan oqibatlar ham aks ettiriladi.
  • Agar jismoniy yoki yuridik shaxslar bankka mansabdor shaxsning shaxsiy qabuliga yozilish uchun yozma ravishda murojaat qilishgan boʻlsa, bank murojaat kelib tushgan sanadan boshlab 7 kundan kechiktirmagan holda mas’ul xodimlarning F.I.O. va lavozimlarini koʻrsatgan holda qabul sanasi va vaqti toʻgʻrisidagi xabarnomani yuborishi shart.

Buxgalteriya hisobi va soliq solishga doir normativ hujjatlardagi yangi oʻzgarishlar Yangiliklar Yangiliklar /oz/publish/doc/text155885_banklar_hisobvaraqlar_buyicha_operaciyalarni_pinhona_amalga_oshira_olmaydilar