Yillik inventarizatsiya – 2026: tartib va hujjatlar
Prezident 5 dekabr kuni davlat xaridlari tizimini takomillashtirish va ularga tadbirkorlik sub’yektlarini jalb qilish toʻgʻrisidagi qarorni imzoladi. Hujjat uchta muhim yangilikni oʻz ichiga olgan.
Birinchisi strategik xarid qiluvchilarga daxl qiladi – ular 2020 yil 1 yanvardan boshlab:
- eng yaxshi takliflarni tanlab olish yoʻli orqali xaridlarni amalga oshirishdan oldin maxsus axborot portalida e’lon joylashtiradilar. Unda xarid komissiyasi tomonidan takliflarni qabul qilib olishning 15 kundan kam boʻlmagan soʻnggi muddati hamda “Davlat xaridlari toʻgʻrisida”gi Qonunning 52-moddasida nazarda tutilgan axborot koʻrsatiladi;
- xarid komissiyasining eng yaxshi takliflarni tanlab olish boʻyicha bayonini u rasmiylashtirilgan kuni oʻsha portalda 2 ish kuni muddatga jamoatchilik muhokamasiga joylashtiradilar;
- davlat xaridlari doirasida tuzilgan shartnomalar toʻgʻrisida ma’lumotlarni ular tuzilgan sanadan boshlab 3 ish kunidan kechiktirmasdan tegishli reyestrga kiritadilar;
- xaridlarni elektron doʻkon va boshlangʻich narxni pasaytirish uchun oʻtkaziladigan auksion orqali qonunda belgilangan mezonlarga muvofiq amalga oshirishlari mumkin.
Ikkinchisi shu sanadan joriy etiladi va barcha davlat buyurtmachilariga tatbiq etiladi. Kelasi yilning boshidan boshlab ular elektron doʻkonning qoʻshimcha sahifasidan foydalangan holda, davlat xaridlarini hududlar (Qoraqalpogʻiston, viloyatlar va Toshkent shahri) kesimida mahalliy ishlab chiqaruvchilar (ish bajaruvchilar, xizmat koʻrsatuvchilar) oʻrtasida amalga oshirishlari mumkin. Moliya vazirligiga OʻzRTXB bilan birgalikda uni bir oy muddatda ishlab chiqish topshirildi. Biroq agar mazkur qoʻshimcha sahifada xarid qilish tartib-taomili yakuniga koʻra tovar (ish, xizmat) mavjud emasligi sababli shartnoma tuzilmagan boʻlsa, davlat buyurtmachisi elektron doʻkonning asosiy sahifasidan foydalanmasdan mustaqil ravishda tanlangan yetkazib beruvchi bilan toʻgʻridan-toʻgʻri shartnoma tuzishga haqli emas.
Va nihoyat, uchinchi yangilik - 2020 yil 1 apreldan boshlab byudjet tashkilotlarining chet el valyutasidagi mablagʻlariga nisbatan Moliya vazirligi Gʻaznachiligida shaxsiy gʻazna hisobvaraqlari ochish orqali gʻazna ijrosi mexanizmi joriy etiladi.
Shuningdek, kelasi yilda davlat organlari va boshqa tashkilotlarning xodimlari uchun maxsus kurslar ochish rejalashtirilmoqda. Ularni ushbu sohadagi yetakchi mutaxassislar olib boradilar. Kurslar Moliya organlari va byudjet tashkilotlari moliya-hisob boʻlinmalari xodimlarini tayyorlash va qayta tayyorlash oʻquv markazi bazasida oʻtkaziladi.
Oleg Zamanov.