Fevral oyida ekspertlarning materiallari siz uchun foydali boʻladi:
Buxgalter.uz oʻquvchilar savollariga moliya vazirining oʻrinbosari Dilshod SULTONOVning javoblarini e’lon qilishni davom ettiradi. Ushbu material – QQS boʻyicha maqsadli imtiyozlar haqida.
- Korхona Prezident qarori bilan taqdim etilgan va 2022 yil 1 yanvarga qadar amal qiladigan QQS boʻyicha maqsadli imtiyozdan foydalanadi. Imtiyozni uning amal qilish muddati tugaguniga qadar qoʻllash mumkinmi? Agar mumkin boʻlsa, uning maqsadli yoʻnalishi saqlanib qoladimi?
- Ha, imtiyozni uning amal qilish muddati tugaguniga qadar qoʻllash mumkin. Uning maqsadli yoʻnalishi saqlanib qoladi.
30.12.2019 yildagi OʻRQ-599-son Qonunning 4-moddasiga asosan, Prezident va Vazirlar Mahkamasining qarorlari bilan taqdim etilgan imtiyozlar ularning amal qilish muddati tugaguniga qadar amal qiladi.
Bunda SKning 75-moddasiga asosan soliqlar boʻyicha imtiyozlar soliq solishdan boʻshagan mablagʻlarni aniq maqsadlarga yoʻnaltirishi sharti bilan berilishi mumkin. Bunday mablagʻlar maqsadli ishlatilmagan taqdirda maqsadsiz ishlatilgan mablagʻlar summasi belgilangan tartibda penya hisoblangan holda byudjetga undirilishi lozim.
Soliqlar boʻyicha imtiyozlar berilishi munosabati bilan boʻshagan va mazkur imtiyozlarning amal qilish davrida foydalanilmagan mablagʻlar summasi berilgan imtiyozlarning amal qilish muddati tugaganidan soʻng bir yil davomida ularni taqdim etishda belgilangan maqsadlar uchun yoʻnaltirilishi mumkin. Bunda belgilangan muddatda foydalanilmagan mablagʻlar byudjetga oʻtkazilishi lozim.
Shuningdek, SKning 75-moddasida nazarda tutilishicha, QQS boʻyicha imtiyozlar, shu jumladan tovarlar Oʻzbekistonning hududiga olib kirilishida (importida) soliq solishdan boʻshagan mablagʻlarni aniq maqsadlarga yoʻnaltirish sharti bilan berilishi mumkin emas. Bu norma 2020 yildan boshlab joriy etiladigan imtiyozlarga tatbiq etiladi.
Shu tariqa, Prezident va Vazirlar Mahkamasining qarorlariga tegishli oʻzgartirishlar kiritilguniga qadar korхona ushbu qarorlar bilan taqdim etilgan imtiyozlarni qoʻllashga haqli va ulardan maqsadli foydalanilishini ta’minlashi shart.