Fevral oyida ekspertlarning materiallari siz uchun foydali boʻladi:
Buxgalter.uz moliya vaziri oʻrinbosari Dilshod SULTONOVNING oʻquvchilarning savollariga bergan javoblarini chop etishda davom etadi. 
– Soliq kodeksiga muvofiq, import qiluvchilar aylanmadan soliq toʻlashga haqli emas. Korхona oʻtgan yili tovarni import qilgan, bu yil esa hali import bilan shugʻullanmagan boʻlsa, qachon foyda soligʻini toʻlashga oʻtishi kerak?
– QQS, joriy yildan esa – foyda soligʻini ham toʻlashga oʻtish tartibi Prezidentning 27.06.2019 yildagi PF-5755-son Farmoni bilan belgilangan boʻlib, 2019 yil 1 oktyabrdan amal qilmoqda.
Korхonalar import shartnomasi tuzilgan oydan keyingi oyning birinchi sanasidan boshlab QQS va foyda soligʻini toʻlashga oʻtadilar.
Oʻtgan yili yagona soliq toʻlovini toʻlagan, joriy yilda esa hali tovarlarni import qilmagan boʻlsangiz, QQS va foyda soligʻini toʻlashga oʻtishingizga zarurat yoʻq. QQS va foyda soligʻini toʻlashga oʻtgan boʻlsangiz, oʻtgan paytingizdan boshlab 12 oy oʻtibgina ularni toʻlashdan bosh tortishingiz mumkin.