Soliq auditi qoidalari muhokama qilinmoqda

preview

Soliq qoʻmitasi Soliq auditini oʻtkazish toʻgʻrisidagi nizom loyihasini joylashtirgan. Hujjatni muhokama qilish 20 martga qadar davom etadi. Gap nima xususida bormoqda?

Qaysi davr uchun tekshirishlari mumkin

Soliq auditi – bu muayyan davr uchun soliqlar va yigʻimlarning toʻgʻri hisoblanishi va toʻlanishini tekshirish hisoblanadi. U 30 kun muddat davom etishi mumkin.  Zarurat boʻlganda muddat yarim yilgacha uzaytirilishi mumkin. Loyihada muddatni uzaytirishning asoslari va qoidalari belgilangan.

Yakunlangan soliq davri boʻyicha sizni keyingi 5 yil ichida (3 yil – ixtiyoriy tugatilishda) tekshirishlari mumkin.

Soliq auditi oldin tekshirilgan davr boʻyicha oʻtkazilishi mumkin emas.

Tekshirilgan davr uchun takroriy tekshiruvlar faqat soliqchilarga ilgari ma’lum boʻlmagan yangi holatlar boʻyicha oʻtkazilishi mumkin.

Soliq auditini oʻtkazish uchun asoslar

Soliq toʻlovchini agar u:

  • soliq organlarining aniqlashtirilgan soliq hisoboti va topshirilgan soliq hisobotiga qoʻshimchalarni taqdim etish yuzasidan talabnomasiga munosabat bildirmasa;
  • soliqlarni toʻlamaslikning yuqori darajadagi tavakkalchilik toifasiga mansub boʻlsa;
  • ixtiyoriy tugatilayotgan boʻlsa, tekshirishlari mumkin.

Sizni qanday xabardor qilishadi

Soliq organi  (joylardagi soliq inspeksiyalari, yirik soliq toʻlovchilar boʻyicha hududlararo soliq inspeksiyasi) soliq auditi haqida u boshlanishidan kamida 30 kun oldin ogohlantiradi. Xabarnoma soliq toʻlovchining shaxsiy kabinetiga yoki buyurtma xat bilan joʻnatiladi. Joʻnatilgan xabarnoma soliq toʻlovchining shaxsiy kabinetiga joʻnatilgan kundan boshlab 3 kundan kechiktirmay va buyurtma xat bilan joʻnatilgan kundan boshlab 5 kundan kechiktirmay soliq toʻlovchi tomonidan olingan hisoblanadi.

Xabardor qilmaslikka haqlari bor

Soliq auditi:

  • agar soliqlarni toʻlashdan boʻyin tovlash belgilari mavjud boʻlsa (audit DSQ bilan kelishuvga koʻra tayinlanadi);
  • korxonani ixtiyoriy tugatishda xoʻjalik yurituvchi sub’yektni oldindan xabardor etmasdan oʻtkazilishi mumkin.

Soliq toʻlashdan boʻyin tovlash belgilari mavjud boʻlgan soliq toʻlovchilar SKning 223 va 224-moddalarida hamda JKning 184-moddasida nazarda tutilgan qonunbuzarlikdan kelib chiqib aniqlanadi.

Soliq organlari  roʻyxatga oluvchi organdan axborot olgan paytdan e’tiboran 3 ish kuni ichida ixtiyoriy ravishda tugatilayotgan tadbirkorlik sub’yektlarini tekshirishni tayinlaydi.

Nimani talab qilib olishlari mumkin

Tekshiruvchilar quyidagi huquqlarga ega:

  • mol-mulkni inventarizatsiya qilishni tashkillashtirish (BHMS qoidalariga muvofiq) ;
  • soliqlar va yigʻimlarni hisoblash boʻyicha  hujjatlarni, shu jumladan elektron shaklda ham talab qilib olish;
  • banklardagi barcha hisobvaraqlarida pul mablagʻlari harakati toʻgʻrisida ma’lumotlarni talab qilish;
  • tovarlar yoki xizmatlarni realizatsiya qilish boʻyicha hisobvaraq-fakturalarni va boshqa hujjatlarni talab qilib olish;
  • qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollarda kassani va TMQ saqlanadigan joylarni 2 ish kunidan ortiq boʻlmagan muddatga muhrlash (ushbu muddatdan ortiq muddatga - sud qarori asosida);
  • hujjatlarning davlat tilidagi tarjimasini talab qilish;
  • zaruratdan kelib chiqib sayyor soliq tekshiruvini tashkillashtirish.

Nima uchun hisobvaraqni muzlatishlari mumkin

Agar:

  • soliq toʻlovchi tekshiruvchilarning soliq auditini oʻtkazish uchun hududlarga yoki binolarga kirishiga toʻsqinlik qilsa;
  • roʻyxatga olingan manzil boʻyicha yoʻq boʻlsa, soliq organlari 10 ish kunidan koʻp boʻlmagan muddatga uning bankdagi hisobvaraqlari boʻyicha operatsiyalarni toʻxtatib turishi mumkin.

Soliq organining qarori elektron shaklda bankka yuboriladi, xoʻjalik yurituvchi sub’yekt esa  oʻzining soliq toʻlovchining shaxsiy kabinetida buning sabablari koʻrsatilgan xabarnomani oladi.

Soliq organlari sudga murojaat qilganda soliq toʻlovchining bankdagi hisobvaraqlari boʻyicha operatsiyalarni 10 ish kunidan koʻp muddatga toʻxtatib turish toʻgʻrisida qaror qabul qilinishi mumkin.

Boshqa shaxslardan qachon soʻrab olishlari mumkin

Soliq toʻlovchi soliq auditi uchun talab qilinayotgan axborotni talabnoma olingan kundan e’tiboran 5 ish kuni ichida taqdim etishi shart.

Tekshiruvchilar kontragentlar yoki boshqa shaxslardan hujjatlar yoki axborotni talab qilib olishi, shuningdek soliqlarni va yigʻimlarni hisoblab chiqarish bilan bogʻliq hujjatlar soliq huquqbuzarliklari faktlarini tasdiqlash maqsadida olib qoʻyishi mumkin.

Dalolatnoma va qaror

Audit natijalari boʻyicha tekshiruvchilar dalolatnoma rasmiylashtiradi. Uning bir nusxasi soliq toʻlovchiga topshiriladi.

Soliq organi rahbari audit natijalari boʻyicha qarorni dalolatnoma imzolangan kundan e’tiboran 10 ish kuni oʻtgach, lekin 15 besh ish kunidan kechiktirmay qabul qiladi.

Qonunchilikdagi yangiliklar. Normativ qonun hujjatlaridagi oʻzgarishlar. Qonunchilikdagi yangiliklar Qonunchilikdagi yangiliklar /oz/publish/doc/text158208_soliq_auditi_qoidalari_muhokama_qilinmoqda