QQS qoplanishining asoslantirilganligini kameral tekshiruv tasdiqlaydi

preview

QQSni qoplash va qoplashning asoslantirilganligi yuzasidan kameral soliq tekshiruvini oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizom loyihasi QHTBT portalida joylashtirilgan.

Nizom ortiqcha toʻlangan yoki undan ortiqcha undirilgan QQS summasini qaytarishga, shuningdek  chet elliklarga ushbu soliqni qoplashga (TAX FREE) nisbatan tatbiq etilmaydi.

Loyihada hujjatlarning, shu jumladan eksport qiluvchi soliq toʻlovchilar uchun batafsil roʻyxat keltirilgan. Kameral tekshiruv algoritmi umumiy tartibga oʻxshash. Biroq, mazkur holatda kameral tekshiruv soliq organining buyrugʻisiz oʻtkaziladi, soliq toʻlovchidan ariza olingan kundan keyingi kunda boshlanadi va 50 kundan koʻp boʻlmagan muddatda davom etadi (umumiy qoidaga asosan – 60 kun ).

Soliq organining qoplash boʻyicha qarori 2 kun ichida qabul qilinadi va elektron shaklda Moliya vazirligining Gʻaznachiligiga yuboriladi va 1 kun muddatda ijro etiladi. Soliq summasi soliq toʻlovchining bank hisobvaragʻiga oʻtkaziladi. Agar bunda boshqa soliqlar boʻyicha qarzlar mavjudligi aniqlansa, soliq organi mustaqil ravishda 2 kun ichida qoplash summasi hisobiga qarzni qoplaydi.

Hujjatga ilovada nol darajali stavka qoʻllanilishi natijasida qoplash summasining shartli hisob-kitobi koʻrib chiqiladi.

Alohida hollarda soliq summalarini 7 kun ichida qoplashning  tezlashtirilgan tartibi amal qiladi. U quyidagi soliq toʻlovchilarga nisbatan qoʻllanilishi mumkin:

  • yirik soliq toʻlovchilar toifasiga kiritilgan yuridik shaxslar;
  • soliqni qoplashga doir ariza bilan birga amaldagi bank kafolatini taqdim etgan yoki soliq organlari bilan garov shartnomasini rasmiylashtirgan soliq toʻlovchilar;
  • eksport va unga tenglashtirilgan operatsiyalarni amalga oshiruvchi shaxslar - nol darajali stavkaning qoʻllanishi natijasida hosil boʻlgan soliq summasi boʻyicha;
  • chet el diplomatik vakolatxonalari va ularga tenglashtirilgan vakolatxonalar;
  • soliq monitoringi ishtirokchilari.

Chet el diplomatik vakolatxonalariga QQS summasi SKning 264-moddasida qayd etilgan shartlarda qoplanadi. Chet el diplomatik vakolatxonalari va ularga tenglashtirilgan vakolatxonalar tomonidan rasmiy foydalanish, shuningdek ularning ma’muriy-texnik xodimlarining, jumladan ular bilan birga yashovchi oila a’zolarining shaxsiy ehtiyoji uchun tovarlar sotib olinganda  soliq organiga identifikatsiya qilish imkonini beradigan xaridlarni va QQS toʻlanganligini tasdiqlovchi hujjatlarni (hisobvaraq-fakturalar, invoyslar, NKM cheklari, kvitansiyalar) taqdim etish lozim.

Hujjatni 2020 yil 1 iyuldan amalga kiritish koʻzlanmoqda. 1 aprelga qadar loyihani muhokama qilishda ishtirok etish mumkin.

Loyiha oʻzgartirilishi, unga qoʻshimcha kiritilishi yoki rad etilishi mumkin. 

Lola ABDUAZIMOVA

Qonunchilikdagi yangiliklar. Normativ qonun hujjatlaridagi oʻzgarishlar. Qonunchilikdagi yangiliklar Qonunchilikdagi yangiliklar /oz/publish/doc/text158492_qqs_qoplanishining_asoslantirilganligini_kameral_tekshiruv_tasdiqlaydi