Biznes va aholini pandemiya vaqtida qoʻllab-quvvatlash choralari belgilandi

preview

Prezident tomonidan iqtisodiyot tarmoqlariga koronavirus pandemiyasi va global inqiroziy holatlarning salbiy ta’sirini yumshatish boʻyicha choralar-tadbirlar tasdiqlandi. Moliya vazirligi hujjatning asosiy tezislarini keltiradi.

Moliya vazirligi huzurida 10 trln soʻm miqdoridagi Inqirozga qarshi kurashish jamgʻarmasi tashkil etiladi. Uning mablagʻlari koronavirus infeksiyasining tarqalishiga qarshi kurashish boʻyicha tadbirlarga, tadbirkorlikni va aholi bandligini qoʻllab-quvvatlashga, jumladan infratuzilma loyihalarini amalga oshirishga, iqtisodiyot tarmoqlarining barqaror faoliyat yuritishini ta’minlash va aholini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlashni kengaytirishga yoʻnaltiriladi.

Shuningdek, mamlakatimiz Bosh vaziri boshchiligida Inqirozga qarshi kurashish respublika komissiyasi tashkil etiladi. U yuzaga keladigan muammoli masalalarni tezkorlik bilan hal qiladi va qoʻshimcha chora-tadbirlar ishlab chiqadi.

Quyidagi choralar belgilangan:

birinchidan, aholini samarali ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash boʻyicha:

  • 14 yoshgacha bolalari boʻlgan oilalarga nafaqa, bola 2 yoshga toʻlgunga qadar bola parvarishi boʻyicha nafaqa va moddiy yordam oluvchilar sonini 2020 yil 1 apreldan boshlab 10%ga (595,4 mingdan 655 minggacha) oshirish;
  • 5482 nafar tibbiyot, sanitariya-epidemiologik va boshqa xodimlar koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashish tadbirlariga jalb qilinadigan davrda ularning oylik lavozim maoshiga 6% miqdorida har kunlik qoʻshimcha toʻlovlar joriy qilinadi Misol uchun, shifokorlar har kuni qoʻshimcha 160 ming soʻmdan olishadi;
  • oʻz faoliyatini toʻxtatgan davlat oʻquv, sport va madaniyat muassasalarining 1,040 mln nafar xodimlari ish haqlarini oʻz vaqtida olishda davom etadilar;
  • vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik toʻgʻrisidagi hujjatlarni taqdim etishning soddalashtirilgan tizimi tashkil etiladi;
  • soliq imtiyozlari va ularni toʻlashni kechiktirish imkoniyati taqdim etiladi;
  • jismoniy shaxslar tomonidan xayriya tashkilotlaridan moddiy naf tarzida olinadigan daromadlarni soliqqa tortishdan ozod qilish taklifi ma’qullandi;

ikkinchidan, ishlayotgan fuqarolarni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha:

  • karantinga joylashtirilgan shaxslarga ish oʻrni va oʻrtacha oylik ish haqining saqlanishi kafolatlanadi;
  • ish beruvchilarga koronavirus infeksiyasi bilan zararlangan yoki karantinga joylashtirilgan bolaning ota-onasini ishdan boʻshatish taqiqlanadi;
  • bolalar bogʻchalari tarbiyalanuvchilari va boshlangʻich sinflar oʻquvchilarining ota-onalariga karantin vaqtida ta’til taqdim etiladi;
  • karantinga joylashtirilgan ota-onalar va ularning bolalarini parvarish qilayotgan shaxslarga oʻrtacha oylik ish haqining 100%i miqdorida vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik nafaqasi toʻlanadi;
  • xodimlarni, ayniqsa homilador ayollar, keksalar, imkoniyati cheklangan hamda surunkali kasallikka chalingan shaxslarni masofadan turib ishlash usuliga, qulay ish grafigiga yoki uydan turib ishlashga oʻtkazishga ruxsat beriladi;

uchinchidan, oziq-ovqat bilan ta’minlash boʻyicha:

  • xarid qilish va zaxirasini shakllantirish uchun oziq-ovqat mahsulotlarining roʻyxati va hajmlari aniqlanadi;
  • iste’mol tovarlarini ishlab chiqarish uchun zarur boʻlgan xom ashyo resurslari hajmlarini monitoring qilish joriy etiladi;
  • ijtimoiy ahamiyatga ega oziq-ovqat mahsulotlarining bozorlardagi narxlari ustidan kunlik monitoring oʻtkaziladi hamda ularning narxlarini sun’iy oshirishga yoʻl qoʻymaslik ustidan qat’iy nazorat oʻrnatiladi;

toʻrtinchidan, iqtisodiyot, ayniqsa tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha:

  • yil oxirigacha soliq auditiga moratoriy oʻrnatildi;
  • yuridik shaxslarga mol-mulk soligʻi, yer soligʻi va suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliqni toʻlash boʻyicha 6 oyga kechiktirish (boʻlib-boʻlib toʻlash)  taqdim etiladi;
  • 2020 yil 1 apreldan 1 oktyabrgacha boʻlgan davrda yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun ijtimoiy soliqning oylik eng kam summasi BHMning 100%idan BHMning 50%iga qadar (223 ming soʻmdan 111,5 ming soʻmgacha) kamaytiriladi;
  • qishloq xoʻjaligidagi yerlarni sugʻorish uchun suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq stavkalari 50%ga pasaytiriladi;
  • 1 oktyabrgacha boʻlgan davrda tashqi savdo operatsiyalari boʻyicha muddati oʻtgan debitor qarzdorlik uchun xoʻjalik yurituvchi sub’yektlarga jarimalar qoʻllash toʻxtatiladi;
  • jismoniy shaxslar tomonidan mol-mulk soligʻi va yer soligʻini toʻlash muddati 15 apreldan 15 oktyabrga qadar uzaytiriladi;
  • 2019 yil uchun jismoniy shaxslarning jami yillik daromadlari toʻgʻrisidagi deklaratsiyani taqdim etish muddati 1 apreldan 1 avgustga qadar uzaytiriladi;
  • turistik (mehmonxona) yigʻimini hisoblash 1 apreldan 1 iyulgacha boʻlgan davrda toʻxtatiladi;

beshinchidan, eksportni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha:

  • tadbirkorlarga nisbatan jarima sanksiyalarini oldini olish uchun fors-major holatlari kelib chiqqanligi haqida rasmiy xabarnoma e’lon qilinadi;
  • tadbirkorlarga yillik umumiy eksportga nisbatan 10%dan oshmagan muddati oʻtgan debitor qarzdorligi mavjud boʻlgan taqdirda, kafolatlangan toʻlovni ta’minlamasdan tovarlar eksportini amalga oshirishga ruxsat beriladi;

oltinchidan, moliyaviy barqarorlikni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha:

  • banklar xususiy sektorga aylanma mablagʻlarni toʻldirish uchun 30 trln soʻmgacha qayta tiklanadigan revolver kreditlar taqdim etadi;
  • banklar turistik, mehmonxona, transport-logistika kompaniyalariga, xususiy ta’lim tashkilotlariga, umumiy ovqatlanish korxonalariga va moliyaviy qiyinchiliklarga duch kelgan boshqalarga ajratilgan kreditlar boʻyicha umumiy summasi 5 trln soʻmlik qarzdorliklarni toʻlash boʻyicha 1 oktyabrga qadar kechiktirish taqdim etadi;

2020 yil 1 iyunga qadar tijorat banklarida kredit portfelini stress-testdan oʻtkazish va aktivlar sifatini baholash amalga oshiriladi.

Qonunchilikdagi yangiliklar. Normativ qonun hujjatlaridagi oʻzgarishlar. Qonunchilikdagi yangiliklar Qonunchilikdagi yangiliklar /oz/publish/doc/text158513_biznes_va_insonlar_uchun_-_pandemiya_vaqtida_misli_kurilmagan_kumak