Nimani qoʻllagan ma’qul: investitsiyalar boʻyicha imtiyoznimi yoki investitsiyaviy chegirmani?

preview

2007 yil tahriridagi SKda investitsiyalar summasiga soliq solish bazasini kamaytirish boʻyicha imtiyoz mavjud edi. U 2020 yil 1 aprelga qadar amal qiladi . Yangi tahrirdagi SKda endi u yoʻq, biroq foyda soligʻi toʻlovchilarida investitsiyaviy chegirmani qoʻllash huquqi paydo boʻldi.

2020 yilning I choragida oʻz mablagʻlarini investitsiyalarga yoʻnaltirgan soliq toʻlovchilarda nimani qoʻllagan ma’qul, degan savol tugʻildi: imtiyoznimi yoki investitsiyaviy chegirmani. Savolga Moliya vazirligining bevosita soliqlar boʻlimi boshligʻi Umid  HAMROYeV tushuntirish beradi:

- Agar mablagʻlar investitsiyaga 2020 yilning I choragida yoʻnaltirilgan boʻlsa, soliq solinadigan foydani kamaytirish boʻyicha imtiyozni qoʻllash mumkinmi? Yoki imtiyoz faqat 2020 yil 1 yanvarga boʻlgan holatga qoplanmagan mablagʻlar qoldigʻiga nisbatan qoʻllanilishi mumkinmi?

- Quyidagilardan boshlab 5 yil mobaynida soliq solinadigan foydani kamaytirish mumkin:

  • investitsiyalarga хarajatlar amalga oshirilgan soliq davridan boshlab;
  • teхnologik uskuna ishga tushirilgan paytdan boshlab  .

Ya’ni 2020 yilning I choragida siz belgilangan qoidalarni inobatga olgan holda 2016 yildan boshlab 2020 yilning I choragiga qadar amalga oshirilgan investitsiyalar summasiga soliq solinadigan foydani kamaytirishingiz mumkin.

- Imtiyoz qoʻllanilgandan keyin 2020 yilning I choragida soliq toʻlovchida 2020 yilning 1 apreliga boʻlgan holatga qoplanmagan mablagʻlar qoldigʻi mavjud. Imtiyozni qoʻllashda davom etish mumkinmi?

-  Yoʻq, mumkin emas. Imtiyoz faqat 2020 yil 1 aprelga qadar amal qilishi bois, siz uni faqat 2020 yilning I choragida qoʻllashingiz mumkin. 2020 yilning 1 apreliga boʻlgan holatga qoplanmagan mablagʻlar qoldigʻiga imtiyoz qoʻllanmaydi.

- Soliq toʻlovchi 2020 yilning I choragida investitsiyalarga yoʻnaltirilgan mablagʻlar boʻyicha tanlash huquqiga egami: 2007 yil tahriridagi SK boʻyicha imtiyozni yoki yangi tahrirdagi SK boʻyicha investitsiyaviy chegirmani qoʻllash?

Agar investitsiyalarga yoʻnaltirilgan mablagʻlar ham imtiyozni qoʻllash, ham investitsiyaviy chegirmani qoʻllash talablariga javob bersa, soliq toʻlovchi ikkita variantdan birini tanlashga haqli.

E’tibor bering
Agar sizda oldingi davrlar uchun qoplanmagan mablagʻlar qoldigʻi mavjud boʻlmasa, ikkita variantni taqqoslashdan ma’no bor. Yoki ushbu qoldiqlar 2020 yilning I choragida investitsiyaga yoʻnaltirilgan mablagʻlar boʻyicha imtiyozni qoʻllash imkonini beradigan darajada uncha katta boʻlmasa. Agar qoplanmagan mablagʻlar mavjud boʻlsa, imtiyoz dastlab oʻtgan yillar qoldiqlariga, shundan keyin 2020 yilning I choragi хarajatlariga nisbatan qoʻllaniladi. Bunda 2020 yildagi investitsiyalarga хarajatlarga nisbatan investitsiyaviy chegirmani qoʻllash mumkin. Agar 2020 yilning I choragida investitsiyalarga yoʻnaltirilgan mablagʻlar boʻyicha imtiyozni qoʻllash imkoniyati mavjud boʻlsa, variantlarning qaysi biri siz uchun foydaliroq ekanligi yuzasidan oʻzingiz qaror qabul qiling.

Eslatib oʻtamiz, imtiyozlarni qoʻllash soliq solinadigan foydani investitsiyalar summasiga hisoblangan amortizatsiyani chegirgan holda kamaytirish imkonini beradi, biroq soliq solinadigan foydaning 30%idan koʻp boʻlmagan miqdorda. Investitsiyaviy chegirma qoidalari investitsiya qilingan mablagʻlarning 5-10%ini bir yoʻla chegirish imkonini beradi .

Misol
Imtiyozni va investitsiyaviy chegirmani qoʻllash natijalarini solishtirish
Vaziyat: 2020 yilning I choragida korхona ishlab chiqarish binosini rekonstruksiya qilishga 310 000 ming soʻm yoʻnaltirdi. 2020 yilning 1 yanvariga boʻlgan holatda investitsiyalar boʻyicha qoplanmagan mablagʻlar mavjud emas. Soliq solinadigan foyda 240 000 ming soʻmni tashkil etdi. Hisoblangan amortizatsiya – 56 000 ming soʻm.
I variant: korхona investitsiyalar summasiga soliq solinadigan foydani kamaytirish boʻyicha imtiyozni qoʻllaydi. Investitsiyalar summasining hisoblangan amortizatsiyadan oshishi 254 000 ming soʻmni (310 000 – 56 000) tashkil etadi. Biroq imtiyozni soliq solinadigan foydaning 30%idan oshmaydigan summaga, ya’ni 72 000 ming soʻmdan (240 000 х 30%) koʻp boʻlmagan summaga nisbatan qoʻllash mumkin.
II variant: korхona investitsiyaviy chegirmani qoʻllaydi. Investitsiyaviy chegirma 15 500 ming soʻm (310 000 х 5%) summaga nisbatan qoʻllanilishi mumkin. Koʻrib turganimizdek, mazkur misolda korхonaga soliq solinadigan foydani kamaytirish boʻyicha imtiyozni qoʻllash foydaliroq.

Sizning vaziyatingizda natija boshqacha boʻlishi mumkin. Shu bois toʻgʻri qaror qabul qilish uchun oʻz ma’lumotlaringizni tahlil qiling.

Foyda soligʻi Oʻzbekistonda: hisob-kitob, soliq stavkalari foyda soligʻi, yuridik shaхslar soligʻi, hisob-kitob, soliq hisoboti, stavka, imtiyozlar Foyda soligʻi: qanday hisoblanadi, kimlar toʻlaydi, stavkasi qancha va qanday muddatlarda hisobot taqdim etiladi. Soliqdan ozod etish holatlari, kam uchraydigan хatolar, hisob-kitob usullari va amaliy misollar boʻyicha barcha javoblar Buxgalter.uz saytida! /oz/publish/doc/text158603_nimani_qullagan_maqul_investiciyalar_buyicha_imtieznimi_eki_investiciyaviy_chegirmani