Homiylikka soliq solishga tuzatish kiritiladi

preview

Moliya vazirligi Soliq kodeksiga oʻzgartirishlar kiritishni taklif qilmoqda. Qonun loyihasi QHTBT portalida joylashtirilgan.

Loyihani ishlab chiqish 30.12.2020 yildagi “Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Qonun bilan 2020-2021 yillar davomida yangi tahrirdagi SK normalarining amaliy ta’siri va samaradorligi doimiy ravishda hamda har tomonlama monitoring va tahlil qilinishini ta’minlash nazarda tutilganligi bilan shartlanadi.

“Homiylik toʻgʻrisida”gi Qonunga muvofiq, ushbu faoliyat yuridik va jismoniy shaxslarning homiylik maqsadlarida boshqa yuridik va jismoniy shaxslarga mol-mulkni, shu jumladan, pul mablagʻlarini qaytarmaslik sharti bilan yoki imtiyozli shartlarda berishda, ular uchun ishlar bajarishda, ularga xizmatlar koʻrsatish va ularni boshqacha shaklda qoʻllab-quvvatlashda ifodalanadigan ixtiyoriy begʻaraz yordami (faoliyati) sifatida belgilanadi.

Shuni inobatga olib, mamlakatimizda ushbu faoliyat turini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash va rivojlantirish maqsadida SKning 369-moddasi “Jami daromadga kiritilmaydigan daromadlar”ga  qoʻshimchalar kiritilmoqda. 7-bandga qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa nafaqalar, xususan vaqtincha mehnatga layoqatsizligi nafaqasi (oilaning betob a’zosini parvarish qilish boʻyicha nafaqa bundan mustasno) kiritilmoqda.

Soliq agentlarining SKning 386-moddasida koʻrsatilgan jismoniy shaxs foydasiga amalga oshiradigan, soliq toʻlovchining daromadi sifatida qaralmaydigan xarajatlariga va SKning 369-moddasiga yangi band qoʻshiladi:

15) fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari, xayriya tashkilotlari va ekologiya jamgʻarmalari, hamda kasaba uyushmalari tomonidan olingan yordam:

  • ustav boʻyicha faoliyati doirasida bajarilgan ishlar va koʻrsatilgan xizmatlar uchun;
  • davolanish va tibbiy xizmat, nogironlikni profilaktika va reabilitatsiya qilish texnik anjomlarni sotib olish uchun;
  • jismoniy shaxsning manfaatini koʻzlab tovar va xizmatlarni xarid qilish  uchun;
  • homiylik faoliyatining boshqa turlari (pul koʻrinishidan tashqari).

Homiylik faoliyatining oʻziga xos xususiyatlari va yordam oluvchilarning moliyaviy ahvolini inobatga olgan holda 378-modda “Soliq solinmaydigan daromadlar” quyidagi bandlar bilan toʻldiriladi:

20) xayriya tashkilotlari tomonidan ustav boʻyicha faoliyatlari doirasida jismoniy shaxslarga pul shaklida koʻrsatilgan yordam, biroq soliq davrida 15 mln soʻmdan oshmagan holda;

21) xodim bilan tuzilgan mehnat shartnomasi (kontrakti) bekor qilinganda beriladigan ishdan boʻshatish;

22) ishlamaydigan pensionerlarga soliq agenti tomonidan toʻlanadigan toʻlovlar;

23) ma’naviy zararni kompensatsiya qilish boʻyicha pullik toʻlovlar.

344-modda “Foiz tarzidagi daromadlarga soliq solishning oʻziga xos xususiyatlari”da

Oʻzbekiston Respublikasi rezidenti boʻlgan yuridik shaxs tomonidan notijorat va byudjet tashkilotlariga toʻlanadigan foizlarga toʻlov manbaida ushbu Kodeks 337-moddasi birinchi qismining 12-bandida belgilangan miqdordagi soliq stavkasi boʻyicha soliq solinadi va bunday daromadlar oluvchilarning soliq bazasini aniqlashda chegirib tashlanadi” xatboshisi “mablagʻlarini depozitga joylashtirishidan” soʻzlarini kiritgan holda aniqlashtirilmoqda.

Loyiha 2020 yil 9 aprelga qadar muhokama qilish, fikr-mulohaza va takliflarni kiritish uchun joylashtirilgan.

Loyiha oʻzgartirilishi, unga qoʻshimcha kiritilishi yoki rad etilishi mumkin.

Lola ABDUAZIMOVA

Qonunchilikdagi yangiliklar. Normativ qonun hujjatlaridagi oʻzgarishlar. Qonunchilikdagi yangiliklar Qonunchilikdagi yangiliklar /oz/publish/doc/text158675_homiylikka_soliq_solishga_tuzatish_kiritiladi