DSXO jismoniy shaxslar kartalaridagi pullar harakatini bilishadi

preview

QHTBT portalida DSQ va MBning “Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki va tijorat banklari tomonidan bank hisobvaraqlariga oid axborotlarni Davlat soliq qoʻmitasiga elektron uzatish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash toʻgʻrisida”gi qoʻshma qarori loyihasi joylashtirilgan.

Tartib DSQ, MB va tijorat banklari oʻrtasida axborotlarni elektron almashinuvi mexanizmini belgilaydi. U quyidagilarni ta’minlaydi:

  • soliq solish ob’yektlarining oʻz vaqtida hisobga olinishi, ishonchli soliq solinadigan bazaning barpo etilishi;
  • soliq xavfini tizimli boshqarish;
  • tushum manbalari va pul oqimi toʻgʻrisidagi tezkor axborotlarni shakllantirish, uzatish, qabul qilish va foydalanishi.

Markaziy bank har kuni DSQga yuridik shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlar reyestri koʻrinishidagi axborotni belgilangan shaklda taqdim etadi.

SKning 134-moddasiga asosan bank har qanday yuridik yoki jismoniy shaxsning hisobvaragʻi yoki omonati (depoziti) ochilganligi (yopilganligi), hisobvaragʻi yoki omonati (depoziti) rekvizitlarining oʻzgartirilganligi toʻgʻrisidagi axborotni tegishli hodisa roʻy bergan kundan e’tiboran 3 kun ichida elektron shaklda, oʻzi joylashgan yerdagi soliq organiga ma’lum qilishi shart.

Soliq organining yozma soʻrovi olingan kundan e’tiboran 3 kun ichida bank quyidagilarni berishi shart:

  • mijozning bankda hisobvaraqlari va omonatlari (depozitlari) mavjudligi toʻgʻrisidagi ma’lumotlarni;
  • uning hisobvaraqlari va omonatlaridagi (depozitlaridagi) pul mablagʻlarining qoldiqlari haqidagi ma’lumotlarni;
  • mijozning hisobvaraqlaridagi operatsiyalarga hamda omonatlariga (depozitlariga) doir koʻchirmalarni.

DSQning soʻroviga binoan bir oy davomida jismoniy shaxslarning barcha bank kartalariga kelib tushgan pul mablagʻlari aylanmasi 30 mln soʻmdan (shu jumladan, chet el valyutasi milliy valyuta ekvilentida boʻlgan taqdirda) va tranzaksiyalar soni oʻntadan oshgan P2P operatsiyalari (jismoniy shaxslarning kartasidan kartasiga) toʻgʻrisidagi axborotlar 3 ish kunida taqdim etilishi darkor. Mazkur axborot himoyalangan bank aloqa kanali orqali uzatiladi.

DSQ olingan axborotlar asosida Business Intellegence biznes-tahlillar avtomatlashtirilgan tizimidan foydalangan holda soliq toʻlamaslik xavfi darajasiga koʻra soliq toʻlovchilarni segmentlaydi. Soliq organlari olingan axborotdan soliq ma’muriyatchiligida foydalanadi va uning maxfiyligini kafolatlaydi.

Loyiha 2020 yil 21 aprelga qadar muhokama qilish, taklif va fikr-mulohazalarni kiritish uchun joylashtirilgan.

Loyiha oʻzgartirilishi, unga qoʻshimchalar kiritilishi yoki rad etilishi mumkin.

 Lola ABDUAZIMOVA

Qonunchilikdagi yangiliklar. Normativ qonun hujjatlaridagi oʻzgarishlar. Qonunchilikdagi yangiliklar Qonunchilikdagi yangiliklar /oz/publish/doc/text158996_dsho_jismoniy_shahslar_kartalaridagi_pullar_harakatini_bilishadi