9 oyni xatolarsiz yopamiz:
PF-5978-son Farmon qabul qilinguniga qadar tovar olib kirilgan boʻlsa, ushbu Farmonda nazarda tutilgan bojxona boji va aksiz soligʻining nol stavkasini qoʻllash mumkinmi? Karantin davrida bojxona bojini toʻlash boʻyicha muddatni kechiktirish yoki boʻlib-boʻlib toʻlash imkoniyatini olish mumkinmi? Parrandachilik va qurilish tashkilotlari qanday bojxona imtiyozlariga egalar? Karantin davrida xodimning sinov muddatini qanday toʻgʻri hisoblash mumkin? Bu va boshqa savollarga javoblar – buxgalter.uz ning navbatdagi materiallar toʻplamida.
Farhod OLIMJONOV, Davlat bojxona qoʻmitasi boshqarma boshligʻi:
– Prezidentning Ayrim turdagi tovarlarni imtiyozli olib kirish toʻgʻrisidagi Farmonida nazarda tutilgan imtiyozlar ushbu hujjat qabul qilinguniga qadar olib kirilgan tovarlarga ham qoʻllaniladimi?
– Oʻzbekiston hududiga olib kirishda 2020 yil 31 dekabrga qadar bojxona boji va aksiz soligʻining nol stavkalari belgilanadigan tovarlar roʻyxatiga 20 ta tovar pozitsiyasi kiritilgan. Ular jumlasiga oziq-ovqat va sanitariya-tibbiyot tovarlari kiritilgan.
Prezidentning PF-5978-son Farmoniga ilovada bojxona boji va aksiz soligʻining nol stavkalari belgilanadigan tovarlar roʻyxati TIF TN kodi koʻrsatilgan holda berilgan hamda tadbirkorlar tomonidan tovarlar olib kiritilgan sanasidan qat’i nazar, «erkin muomalaga chiqarish» bojxona rejimini rasmiylashtirishda ushbu kodlar boʻyicha tasniflanadi va toʻlovlardan ozod etiladi.
– Karantin davrida import qilinadigan tovarlarga QQSni toʻlashda tadbirkorlarga biror-bir yengillashtiruvchi chora-tadbirlar nazarda tutilganmi?
– Bojxona kodeksining 329-moddasida bojxona organining qaroriga binoan toʻlovchiga bojxona deklaratsiyasi olingan sanadan e’tiboran 60 kalendar kundan oshmaydigan muddatga bojxona bojini toʻlash muddatini kechiktirish yoki boʻlib-boʻlib toʻlash imkoniyati taqdim etilishi mumkinligi nazarda tutilgan.
Prezidentning «Soliq va bojxona imtiyozlari berilishini yanada tartibga solish chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi PF-5755-son Farmoniga muvofiq QQS boʻyicha imtiyoz oʻrniga 120 kungacha boʻlgan muddatga QQSni toʻlashni kechiktirish mexanizmlaridan foydalanish nazarda tutilgan.
– Parrandachilik bilan shugʻullanaman. Parrandalar uchun ozuqa sifatida donni import qilishim mumkinmi?
– Ha, mumkin. 2020 yil 16 martdan boshlab davlat chegarasida joylashgan oʻtish punktlari orqali fuqarolar va yengil transport vositalari (avtobuslar, yengil avtotransport vositalari, temir yoʻl va havo transportlari) harakatlanishi vaqtinchalik toʻxtatilgan. Biroq ushbu cheklovlar xalqaro yuk tashishlarga tatbiq etilmaydi. Amal qilayotgan cheklovlar eksport-import operatsiyalarini amalga oshirishga toʻsqinlik qilmaydi.
– Karantin sababli ishga borolmayapman. Yukimiz Oʻzbekistonga kelganda tovarlarni bojxona koʻrigidan oʻtkazishda ishtirok etishim lozim. Bu borada bojxona rasmiylashtiruvi boʻyicha mutaxassislarga amaliy yordam koʻrsatiladimi?
– Adliya vazirligi tomonidan eng zaruriy asosiy oziq-ovqat tovarlari va iste’mol tovarlarining eksporti va importini amalga oshiradigan xoʻjalik yurituvchi sub’yektlar va Toshkent shahar bojxona omborlari vakillariga stikerlar berilgan.
Bojxona organlarida deklaratsiyalashning barcha jarayonlari elektron shaklga oʻtkazilgan, deklaratsiyani masofadan turib Internet orqali taqdim etish va mobil ilovalar orqali bojxona bojini toʻlash imkoniyati yaratilgan.
– Issiqxona komplekslarini qurish uchun tovarlarni olib kirishda qanday bojxona imtiyozlari taqdim etiladi?
– Yuridik shaxslar zamonaviy issiqxona komplekslarini ishlab chiqarish uchun zarur boʻlgan asbob-uskunalar, xom ashyo va materiallar, ehtiyot qismlar va butlovchi buyumlar hamda alohida shakllantiriladigan roʻyxatlar boʻyicha gofrlangan kartonlardan yasalgan qutilarni olib kirishda bojxona toʻlovlarini toʻlashdan ozod etiladi
.
– Parrandachilik bilan shugʻullanadigan xoʻjalik yurituvchi sub’yektlar uchun qanday bojxona imtiyozlari nazarda tutilgan?
– Prezidentning «Parrandachilikni yanada rivojlantirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida»gi PQ-4015-son qaroriga muvofiq 2021 yil 1 noyabrga qadar muddatda belgilangan tartibda shakllantiriladigan roʻyxatlar boʻyicha quyidagi pozitsiyalar bojxona bojlaridan ozod etiladi:
- naslli ona tovuqlar;
- parranda yetishtirishni tashkil etish, parranda mahsulotlarini qayta ishlash va saqlash, inkubatsiya sexlarini tashkil etish, parrandachilikka ixtisoslashgan bino-inshootlarni qurish va qayta ta’mirlash uchun texnologik asbob-uskunalar, maxsus texnika, ehtiyot qismlar va boshqa asosiy vositalar.
Shaxnoza RAVShANOVA, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi axborot xizmati rahbari:
– Shifokor boʻlib ishlayman, may oyida ta’tilga chiqishim kerak edi. Kadrlar boʻlimi boshligʻi karantin davrida shifokorlarga ta’til berilmasligini aytdi. Shu toʻgʻrimi?
– Mehnat kodeksining 133-moddasiga muvofiq barcha xodimlarga yillik mehnat ta’tillari berilishi belgilangan. Ish beruvchi bilan kelishgan holda mehnat ta’tilini olishingiz mumkin.
Karantin cheklovlari amal qilayotgan davrda ish beruvchi mehnat ta’tili bermayotgan boʻlsa, xodimning arizasiga koʻra ta’til boshqa vaqtga koʻchirilishi mumkin.
– Ishga joylashganimga 6 oy boʻlib qoldi. Prezidentning yangi Farmoniga muvofiq karantin davrida 12 yoshgacha ikki nafar farzandi boʻlgan xodimlarga ta’til berilishi ma’lum qilindi. Biroq tashkilotda Mehnat kodeksiga asosan menga ta’til berilishi mumkin emasligini aytishdi. Bu masalani qonunga muvofiq qanday hal etish mumkin?
– Karantin davrida tashkilotda tasdiqlangan ta’tillar grafigidan qat’i nazar, xodimning talabiga koʻra ta’til berilishi lozim.
Mazkur holatda ish boshlangan dastlabki yilda 6 oy oʻtganidan keyin xodimga ta’til berish toʻgʻrisidagi talab qoʻllanilmaydi.
Asos – Nizom, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirining 28.03.2020 yildagi 3227-son buyrugʻi bilan tasdiqlangan.
– 3 oylik sinov muddati bilan ishga qabul qilinganman. Faqat 10 kun ishlashga ulgurdim. Hozirgi paytda ish haqi saqlanmaydigan vaqtinchalik mehnat ta’tilidaman. Karantin tugagandan keyin sinov muddatim qanday hisoblanadi? Masofaviy ishlamayapman. Ishga chiqqan kunimdan sinov muddati qaytadan hisoblanadimi?
– Karantin davrida ishlamagan muddatingiz belgilangan 3 oylik sinov muddatiga kirmaydi. Biroq karantin e’lon qilinguniga qadar ishlagan 10 kuningiz sinov muddatiga kiritiladi.
Asos – Mehnat kodeksining 85-moddasi.
– Xoʻjalik hisobidagi korxonalarning xodimlari oʻz hisobidan ta’til olishiga cheklovlar belgilanganmi?
– Ish beruvchi xodimning arizasida koʻrsatilgan sanadan unga toʻliq muddatga ish haqi saqlanmaydigan ta’til berishi lozim.
Mehnat kodeksining 150-moddasida belgilangan ish haqi saqlanmaydigan ta’tillar beriladigan maksimal muddatga cheklovlar karantin davrida qoʻllanilmaydi.
AOKA materiallari asosida.