9 oyni xatolarsiz yopamiz:
Prezident tomonidan 28 may kuni pandemiyaning salbiy ta’sirini kamaytirish uchun turizm sohasini qoʻllab-quvvatlash toʻgʻrisidagi Farmon imzolandi. 2020 yilning 1 iyunidan boshlab “yashil” va “sariq” toifadagi hududlarda (bu yerda va bu yerda qarang) yana turoperatorlar, turagentliklar, joylashtirish vositalari, madaniyat va madaniy meros ob’yektlari hamda sohaning boshqa tashkilotlari faoliyatini boshlaydi. Sharti - sanitariya-gigiyena me’yorlari va talablariga qat’iy rioya etish. Kirish turizmi bosqichma-bosqich tiklanadi. Shuningdek, yangi Farmon soliq imtiyozlari va davlat koʻmagining boshqa choralarini joriy etadi. Batafsil - yuridik masalalar boʻyicha «Norma» eksperti Oleg ZAMANOVning sharhida:
- Birinchidan, turoperatorlar, turagentlar, joylashtirish vositalari uchun:
- 2020 yil 1 iyundan 31 dekabrga qadar foyda soligʻi stavkasi belgilangan stavkaga nisbatan 50%ga kamaytiriladi;
- 2020 va 2021 yil yakunlari boʻyicha zararlarni Soliq kodeksida nazarda tutilgan miqdor bilan cheklamagan tarzda kelgusiga oʻtkazish huquqi beriladi;
- 2021 yil 1 yanvargacha boʻlgan davrda turistik (mehmonxona) yigʻimini hisoblash va toʻlash toʻxtatiladi.
Ma’lumot uchun: joylashtirish vositalari – bu mehmonxonalar, turizm bazalari va majmualari, dam olish uylari va zonalari, pansionatlar, kempinglar, motellar, oilaviy mehmon uylari, oʻtov va palatkali oromgohlar, sanatoriylar va mehmonxona xizmatlari - vaqtincha yashash xizmatlarini koʻrsatadigan boshqa ob’yektlar, shuningdek, tunash uchun qayta jihozlangan yer usti transporti.
Ikkinchidan, joylashtirish vositalariga alkogol mahsulotlari bilan chakana savdo qilish huquqi uchun mahalliy yigʻimni toʻlashni 2021 yil 1 yanvargacha boʻlgan muddatga - soliq organlarini xabardor qilish va keyinchalik yigʻimni 12 oy mobaynida teng qismlarda toʻlash bilan foizsiz kechiktirish (boʻlib-boʻlib toʻlash) huquqi taqdim etildi.
Uchinchidan, Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi huzuridagi Turizm sohasini qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasidan qoʻshimcha moliyalashtirish nazarda tutilgan:
a) 2020 yil 1 iyundan 31 dekabrga qadar boʻlgan davrda - quyidagilarga (Inqirozga qarshi kurashish respublika komissiyasi tomonidan mezonlar belgilanadi) 12 oy muddatga bir martalik maqsadli foizsiz ssudalar:
- turoperatorlarga - 2019 yildagi oʻrtacha oylik ish haqi fondining 3 baravaridan oshmaydigan miqdorda;
- joylashtirish vositalariga - har bir yotoq oʻrni uchun BHMning 5 baravari miqdorida;
b) Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parki faoliyatini tashkil etish tartibiga muvofiq turizm sohasidagi “startap” loyihalar va innovatsion biznes gʻoyalarni, shu jumladan, axborot dasturlari va xizmatlarini - umumiy 1,5 mlrd soʻm miqdorida qisman subsidiyalash;
v) 2020 yil 1 iyundan 2021 yil 31 dekabrga qadar boʻlgan davrda - grantlar ajratish:
- hududlarda (Toshkent shahri bundan mustasno) xorijiy oshxona yoki alohida yoʻnalish boʻyicha ixtisoslashgan tematik ovqatlanish shoxobchalari, ovqat va oziq-ovqat mahsulotlarini yetkazib berish, shuningdek, suvenir mahsulotlarini yetkazib berish boʻyicha xizmatlarni tashkil etish boʻyicha loyiha tashabbuskorlariga loyiha qiymatining 30%i, lekin har bir loyiha uchun 100 mln soʻmdan ortiq boʻlmagan miqdorda;
- yangi turizm mahsulotlari va yoʻnalishlarini ishlab chiqish va targʻib qilishga gidlar uchun 5 mln soʻm, turoperatorlar uchun 10 mln soʻm miqdorida.
Toʻrtinchidan, davlat tomonidan qoʻshimcha koʻmak koʻrsatish:
a) Tadbirkorlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlash davlat jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan quyidagilarni subsidiyalash:
- joylashtirish vositalarini qurish uchun tijorat banklari tomonidan avval berilgan kreditlar boʻyicha 2020 yil 1 martdan 1 iyungacha boʻlgan davrda turizm sohasi sub’yektlarining foiz xarajatlari. 2020 yil 1 iyundan 2022 yil 1 yanvargacha boʻlgan davrda subsidiyalar foiz xarajatlarining MB asosiy stavkasidan oshgan, biroq 10 foizlik punktdan ortiq boʻlmagan qismiga beriladi;
- yangi sanitariya-gigiyena talablariga muvofiqlashtirish uchun turizm sohasi sub’yektlariga beriladigan kreditlar boʻyicha foiz xarajatlarining MB asosiy stavkasidan oshgan, biroq 10 foizlik punktdan ortiq boʻlmagan qismi;
- aylanma mablagʻlarni toʻldirish uchun turizm sohasi sub’yektlariga beriladigan 1 mlrd soʻmgacha miqdordagi kreditlar boʻyicha 2020 yil 1 iyundan 31 dekabrga qadar boʻlgan davrda foiz xarajatlarining MB asosiy stavkasidan oshgan, biroq 10 foizlik punktdan ortiq boʻlmagan qismi;
b) joylashtirish vositalarini subsidiyalash koʻrinishida - 2020 yil 1 iyundan 2021 yil 31 dekabrga qadar joylashtirish boʻyicha xizmatlar (mehmonxona xizmatlari) narxining 10%i miqdorida;
v) Turizm sohasini qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan:
- Oʻzbekiston rezidentlari – turoperatorlar va turagentlarga ragʻbatlantiruvchi subsidiyalar ajratish. Toʻlov miqdori - olib kelingan va xizmat koʻrsatilgan har bir xorijiy turist uchun 15 AQSh dollari miqdorida. Bunda u Oʻzbekistonda kamida 5 sutka boʻlishi kerak (istisno - kompensatsiya qilinadigan charter reyslar orqali olib kelinganlar). Koʻmak kirish turizmi qayta boshlangan kundan e’tiboran kirib keluvchi xorijiy turistlarning umumiy soni 500 ming nafarga yetgunga qadar amalga oshiriladi;
- turoperatorlarning avia va temir yoʻl chiptalari boʻyicha xarajatlarini chipta narxining 30%i miqdorida qisman subsidiyalash koʻrinishida. Shart - 10 kishidan iborat xorijiy turistik guruhlar uchun Oʻzbekistonda tur tashkil etish va ularning joylashtirish vositalarida kamida 5 kecha tunab qolishi. Kirish turizmi qayta boshlangan kundan e’tiboran 2020 yil 31 dekabrga qadar toʻlanadi;
- 2021 yil 1 iyunga qadar - mehmonxonalarga toifa olish yoki oshirish uchun renovatsiya, rekonstruksiya hamda moddiy-texnik bazasini mustahkamlash boʻyicha xarajatlarni olingan toifani kelgusi 3 yil davomida saqlash sharti bilan qoplash. Qoplash summasi mehmonxonaning “yulduzi”ga bogʻliq holda har bir xona uchun hisoblanadi: 3 yulduzli - 5 mln soʻm, 4 yulduzli - 10 mln soʻm, 5 yulduzli - 15 mln soʻm.
Beshinchidan, 2020 yil 1 oktyabrdan boshlab joylashtirish vositalarini qurish uchun tijorat banklari tomonidan avval berilgan kreditlar boʻyicha asosiy qarz toʻlovi 18 oydan 24 oygacha uzaytiriladi.
Oltinchidan, 2022 yil 1 yanvarga qadar yuridik shaxslar shakllantiriladigan roʻyxatlar boʻyicha olib kiriladigan quyidagilar uchun bojxona toʻlovlarini toʻlashdan (bojxona rasmiylashtiruvi uchun yigʻimlar va QQSdan tashqari) ozod etiladi:
- dezinfeksiya ishlarini olib borish uchun jihozlar, texnikalar, ularning butlovchi va ehtiyot qismlari;
- bino va inshootlarni qurish, rekonstruksiya qilish va jihozlash uchun aloqasiz boshqariladigan (sensorli) jihozlar;
- hidsiz dezinfeksiyalovchi vositalar.
Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi tasarrufidagi texnikum va kollejlarga 2020 yilda oʻqishga qabul qilingan barcha tinglovchilarga xushxabar – ularni oʻqitish, istisno tariqasida, davlat granti asosida amalga oshiriladi.
Oleg ZAMANOV