Moddiy yordam – 2020: nimani boy bermaslik muhim

preview

Pandemiya sharoitida xodimlarga moddiy yordam toʻlash va unga soliq solish mavzusi har qachongidan ham dolzarb. Joriy yilda hisob-kitoblarda nimalarni inobatga olish lozimligini Toshkent shahar Yunusobod tuman DSI bosh soliq inspektori Nizomitdin SULTONOV tushuntirdi:

- “Moddiy yordamning uchta turi mavjud:

  • xodimning daromadi hisoblanmaydigan yordam va tegishincha, JShDS solinmaydi ;
  • ragʻbatlantirish xususiyatiga ega toʻlov hisoblanadigan yordam va tegishincha, mehnatga haq toʻlash tarzidagi daromadlarga kiradi . Unga toʻliq miqdorda JShDS solinadi;
  • SKning 377-moddasida keltirilgan moddiy yordamning maxsus turlari, ularga faqat muayyan miqdorda JShDS solinmaydi.

SKning 378-moddasi imtiyozni nazarda tutadi, unga muvofiq moddiy yordamning ayrim turlariga muayyan miqdorda soliq solinmasligi lozim:

  • xodimga mehnatda mayib boʻlganligi, kasb kasalligi yoxud sogʻligʻiga boshqacha tarzda shikast yetganligi bilan bogʻliq toʻlovlar;
  • bola tugʻilishi, xodim yoki uning farzandlari nikohdan oʻtishi munosabati bilan toʻlovlar;
  • qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini berish yoki ularni sotib olish uchun mablagʻlar berish.

2020 yil uchun 27.04.2020 yildagi PF-5986-son Farmon bilan soliq solinmaydigan moddiy yordam summasi MHEKMning 4,22 baravaridan 7,5 baravarigacha oshirildi. Koʻrsatilgan asoslarga koʻra yil davomida MHEKMning 7,5 baravaridan ortiq toʻlangan barchasiga umumiy asoslarda soliq solinishi lozim.

Misol
MHEKMning 7,5 baravarini inobatga olgan holda moddiy yordamga soliq solish
Xodimga moddiy yordam toʻlandi:
  • yanvar oyida bola tugʻilishi munosabati bilan 4 000 000 soʻm;
  • mart oyida qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini xarid qilish uchun – 3 000 000soʻm.
Bu holda imtiyoz maksimal darajada qoʻllaniladi (7,5 x 679 330 = 5 094 975 soʻm), haqiqatda toʻlangan moddiy yordam summasi va soliq solinmaydigan summaning eng yuqori miqdori oʻrtasidagi farqqa ((4 000 000 + 3 000 000) – 5 094 975 = 1 905 025 soʻm) JShDS solinishi kerak.

Vafot etgan xodimning oila a’zolariga yoki oila a’zosi vafot etganligi munosabati bilan xodimga koʻrsatiladigan yordam moddiy yordamning boshqa turlaridan farq qiladi. U har bir shunday holat boʻyicha cheklovlarsiz berilishi mumkin va  har gal MHEKMning 7,5 baravari miqdorida soliq solinmaydi.

Misol
Vafot etganligi munosabati bilan moddiy yordam koʻrsatish
Xodimning oilasida bir yil davomida oilaning ikki nafar a’zosi vafot etdi. Ish beruvchi unga ikki marta soliq solinmaydigan MHEKMning 7,5 baravari miqdorida toʻlashi mumkin.
E’tibor bering
2007 yil tahriridagi SKdan farqli oʻlaroq roʻyxatda favqulodda holatlar munosabati bilan koʻrsatiladigan moddiy yordam mavjud emas. U haqda SKning 369-moddasida soʻz boradi. Yordamning ushbu turi avvalboshdan jismoniy shaxsning jami daromadiga kiritilmaydi, shu bois JShDS solish mumkin emas.

Hisob-kitoblarda nimaga e’tibor berish lozim

Yana bir bor eslatib oʻtaman, Soliq kodeksida yozilgan MHEKMning 4,22 baravari oʻrniga 2020 yilda oshirilgan stavka - 27.04.2020 yildagi PF-5986-son Farmon bilan belgilangan MHEKMning 7,5 baravari qoʻllaniladi. Shundan kelib chiqib buxgalter JShDSni qayta hisob-kitob qilishi zarur.

Misol
PF-5986-son Farmonni inobatga olgan holda JShDSni qayta hisob-kitob qilish
Mart oyida xodimga bola tugʻilishi munosabati bilan moddiy yordam toʻlandi – 3 000 000 soʻm va oʻsha paytda belgilangan stavka - MHEKMning 4,22 baravaridan kelib chiqib, ya’ni 2 866 772,6 soʻm miqdorida imtiyoz taqdim etildi. Buxgalteriya PF-5986-son Farmon bilan belgilangan stavka - MHEKMning 7,5 baravari boʻyicha qayta hisob-kitob qilishi zarur.
Xususan, yil oxirigacha xodimga JShDS solinmaydigan moddiy yordam sifatida yana 2 mln soʻmdan ortiq, [(7,5 x 679 330) – (4,22 x 679 330] = 2 228 202,4 soʻm toʻlanishi mumkinligi kelib chiqadi.

Boshqa muhim jihat – hisob-kitoblarda yil boshidagi EKIH qoʻllangan norma 2020 yil tahriridagi SKning eski kodeksdan asosiy farqi.  Hozir MHEKM har gal oshganda ushlab qolingan JShDSni qayta hisob-kitob qilish zarur. Joriy yilda Prezidentning 30.12.20219 yildagi PQ-4555-son qarori bunga asos boʻlib xizmat qildi.

Misol
MHEKMning oʻzgarishini inobatga olgan holda JShDSni qayta hisob-kitob qilish
Yanvar oyida xodimga bola tugʻilishi munosabati bilan 5 000 000 soʻm toʻlandi. MHEKM 634 880 soʻmni tashkil etgan. SKning 378-moddasi 1-bandiga amal qilgan holda buxgalter 2 679 193,6 soʻm (4,22 x 634 880)miqdoridagi summaga soliq solmadi.
Fevral oyidan boshlab MHEKMning yangi miqdori amal qila boshlaydi - 679 330 soʻm va imtiyozli MHEKMning karraliligi oʻzgaradi. Binobarin, JShDS solinmaydigan moddiy yordam summasi oshadi. Ilgari ushlab qolingan JShDSni qayta hisoblash lozim. Soliq solinmaydigan summa miqdori quyidagini tashkil etadi:
7,5 x 679 330 = 5 094 975 soʻm.
Shu tarzda, JShDS boʻyicha ortiqcha toʻlov hosil boʻlgan.

Moddiy yordam olish uchun xodim qanday hujjatlarni taqdim etishi kerak

Ushbu jihat korxonaning lokal hujjatlarida kelishib olingan boʻlishi kerak. Koʻpincha ularda xodim tomonidan ariza berilishi va tashkilot rahbari tomonidan tegishli buyruq chiqarilishi nazarda tutilgan.

Soliq toʻlovchilar koʻp hollarda DSIga savol bilan murojaat qilishadi: qishloq xoʻjaligi mahsulotlari uchun moddiy yordam olgan xodim ish beruvchiga kassa cheki yoki uning xarid qilinganligini tasdiqlovchi boshqa hujjatni taqdim etishi kerakmi? Bunday qilish kerak emas, buni talab qiladigan norma qonun hujjatlarida hech qachon boʻlmagan”.

E’tibor bering

Buxgalter.uz tahririyatining fikriga koʻra, MHEKMning 7,5 baravarini inobatga olgan holda JShDSni qayta hisob-kitob qilish toʻgʻrisidagi masala, biz xohlagandek unchalik bir ma’noga ega emas.

PF-5986-son Farmonning 6-bandiga asosan Moliya vazirligiga bir oy muddatda qonun hujjatlariga mazkur Farmondan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida takliflar kiritish topshirilgan. Hanuz SKga oʻzgartirishlar kiritilmagan va buning umuman roʻy berishi dargumon.

Tajribali buxgalterlar mas’ul idoraning aniq va bir ma’noga ega rasmiy tushuntirishlari mavjud boʻlmaganda, Moliya vazirligidagi manba bunday qayta hisob-kitobning asoslanganligini ogʻzaki tarzda tasdiqlaganiga qaramay, JShDSni kamayish tomonga qayta hisob-kitob qilishga xavfsirashadi.

Amaliyotda qayta hisob-kitob qilish qoʻshimcha soliq hisoblashga va sanksiyalarga olib kelmasligi uchun Buxgalter.uz tushuntirishlar yuzasidan Moliya vazirligiga murojaat qiladi. Javob portalda e’lon qilinadi.

JShDS va ijtimoiy soliq — maslahatlar JShDS va ijtimoiy soliq JShDS va ijtimoiy soliq — buxgalter.uz ekspertlarining maslahatlari: tushuntirishlar, misollar va koʻp beriladigan savollarga javoblar. /oz/publish/doc/text160431_moddiy_erdam_-_2020_nimani_boy_bermaslik_muhim