9 oyni xatolarsiz yopamiz:
22 iyun (sababi 20 iyun dam olish kuniga toʻgʻri keladi) – may oyi uchun QQS boʻyicha soliq hisobotini taqdim etish va soliqni toʻlashning soʻnggi kuni. Va ushbu sana arafasida Soliq qoʻmitasi Hisob-kitobning 10006_14 kodli yangi shakliga oʻtish munosabati bilan yuzaga keladigan buxgalterlarning savollariga javob berdi. Buxgalter.uz idora axborot xizmatining turli materiallaridan javoblarni toʻpladi.
1. Jismoniy shaxslarga tovarlarni (xizmatlarni) realizatsiya qilishda EHFni qanday qilib toʻgʻri shakllantirish mumkin?
- Jismoniy shaxslarga tovarlarni (xizmatlarni) realizatsiya qilishda sotuvchi shakllantirilgan EHFni bir tomonlama tartibda imzolashga haqli. Bu Oʻzaro hisob-kitoblar tizimida elektron
shakldagi hisobvaraq-fakturalardan
foydalanish tartibi toʻgʻrisida nizomning 18-bandidan kelib chiqadi (manba).
2. Tovarlarni eksportga realizatsiya qilishda va tovarlarni import qilishda QQS boʻyicha soliq hisoboti reyestrlari qanday toʻldiriladi?
- Tovarlarni eksportga realizatsiya qilishda va tovarlarni import qilishda soliq hisoboti reyestrlaridagi ma’lumotlar avtomatik ravishda Bojxona qoʻmitasi ma’lumotlar bazasidan olingan bojxona yuk deklaratsiyalari asosida shakllanadi (manba).
3. Bir oyda 5-6 mingta hisobvaraq-fakturani toʻldiramiz. Yuklash - kunu tun. Yetkazib berilgandan soʻng, qogʻoz hisobvaraq-faktura darhol chop etiladi va oluvchi tomonidan imzolanadi. Ammo my.soliq.uz saytida mijozlarning hammasi ham hisobvaraq-fakturalarni imzolamaydi. Bu kabi holatlarda qanday yoʻl tutish kerak? QQS boʻyicha hisobotda faqat imzolanganlari “shakllanayapti”?
- EHFni imzolash jarayonini tezlashtirish uchun EHF operatorlarida mobil ilovalar mavjud, ular yordamida yuridik yoki jismoniy shaxsning ERIdan foydalangan holda EHFni oʻsha joyda imzolash mumkin (manba).
4. Ijaraga beruvchi QQS toʻlovchisi boʻlmaganligi sababli elektr energiyasiga toʻlovlarni qoplab berish uchun QQS bilan EHF yuborolmaydi. Bunday holatda qanday yoʻl tutiladi?
- EHFni toʻldirish vaqtida "hisobvaraq turi" dan "xarajatlarni qoplash"ni tanlagan holda EHF shakllantiriladi (manba).
5. Xizmatlar importida EHF toʻldirish tartibi qanday?
- Xizmatlar importi jarayonida ma’lumotlar avtomatik tarzda QQS boʻyicha hisobotning 4-ilovasiga kelib tushishini ta’minlash maqsadida bir tomonlama EHF rasmiylashtirilishi belgilangan.
Qoʻshimcha ravishda xizmatlarni amalga oshiruvchining nomi, manzili, unga xizmat koʻrsatadigan bank va bank hisob raqami koʻrsatilishi lozim.
Xizmatlar importi boʻyicha birlamchi hujjatlar korxonaning buxgalteriya xizmati boʻlimida saqlanishi va vakolatli organlarning soʻroviga koʻra taqdim etilishi lozim (manba).
6. Vositachilik faoliyati bilan shugʻullanuvchi tadbirkorlik sub’yektlari tomonidan EHF toʻldirish tartibi qanday?
- Vositachilik xizmatlarini koʻrsatish bilan bogʻliq shartnoma asosida tovarlar (xizmatlar) realizatsiya qilinganda vositachi (ishonchli vakil) tomonidan sotib oluvchiga (komitentga) EHF standart shaklidan kelib chiqqan holda:
1a - “Komitentning (yetkazib beruvchining) nomi";
1b - “Komitentning (yetkazib beruvchining) STIRi”;
1v - “QQS raqami” qoʻshimcha ustunlarni kiritgan holda EHF rasmiylashtiriladi (manba).
![]()