Yillik inventarizatsiya – 2026: tartib va hujjatlar
Elektron hisobvaraq-fakturalar tizimida EHFga tuzatish kiritishni rasmiylashtirish imkoniyati paydo boʻldi. Yangi texnologiyaning afzalliklari haqida buxgalter.uz iltimosiga binoan DSQ huzuridagi «Yangi texnologiyalar» IAM mutaxassisi Nodir MUHAMMADOV gapirib berdi:
- SKning 257-moddasiga muvofiq soliq toʻlovchi quyidagi holda soliq bazasiga tuzatish kiritishi mumkin:
- tovarlar toʻliq yoki qisman qaytarilganda;
- koʻrsatilgan xizmatlardan voz kechilganda;
- bitim shartlari oʻzgarganda, shu jumladan - joʻnatilgan tovarlarning, koʻrsatilgan xizmatlarning narxi va (yoki) soni (hajmi) oʻzgarganda;
- sotuvchi tomonidan chegirmalar berilganda. Bunday tuzatish kiritish, agar siylovlar berish shartlari shartnoma shartlarida yoki soliq toʻlovchining narx (tarif) siyosatida nazarda tutilgan boʻlsa, ilgari amalga oshirilgan tovarlarni (xizmatlarni) yetkazib berish boʻyicha soliq bazasini kamaytiradi.
EHF tizimida buni sanab oʻtilgan holatlar roʻy bergan soliq davrida qoʻshimcha hisobvaraq-faktura taqdim etish yoʻli bilan amalga oshirish mumkin.
Biroq QQS hisob-kitobi shaklini avtomatik tarzda toʻldirishga oʻtilgach, buxgalterlar qoʻshimcha hisobvaraq-fakturani taqdim etish imkoniyatidan, qachon xatoni tuzatish yoki ilgari yozilgan hujjatga oʻzgartirishlar va qoʻshimchalar kiritish zarur boʻlsa, shunda foydalana boshlashdi. Ular buni majburan bajarishdi, sababi EHF tizimida SKda nazarda tutilgan talablarni bajarishning texnik imkoniyati mavjud emasdi. Bunday vaziyatlarda SKning 257-moddasiga asosan ilgari yozilgan hisobvaraq-faktura bekor qilinishi, uning oʻrniga esa toʻgʻri ma’lumotlar bilan yangisi rasmiylashtirilishi kerak.
Vaziyatni tuzatish uchun EHF tizimida qonun hujjatlarida oʻrnatilgan tartibda tuzatilgan hisobvaraq-fakturani shakllantirish imkonini beradigan yangi servis ishga tushirildi.
Bu qanday ishlaydi
“Tuzatish kiritilgan EHF” funksiyasi ilgari xatolar bilan taqdim etilgan hisobvaraqni bekor qilish va oʻrniga tuzatish kiritilgan hujjatni rasmiylashtirish imkonini beradi. Buning uchun sizning EHA operatoringiz interfeysida:
- EHF turini tanlash zarur – “tuzatish kiritilgan”;
- “Eski hisobvaraq-faktura” grafasiga tuzatish kiritilayotgan EHFning ID, raqami va sanasini kiriting;
- ochilgan EHF shaklini odatdagi tarzda toʻldiring.
Ikki tomonlama tasdiqlangandan keyin eski EHFning maqomi oʻzgaradi, u bekor qilingan boʻladi, QQS hisobotining EHF reyestrida esa yangi hujjatning ma’lumotlari aks ettiriladi.
Oleg GAYeVOY