Ishlab chiqarish xarajatlari Foyda soligʻi hisob-kitobida qanday aks ettiriladi

preview

II chorak yakuniga yetdi, hisobotlarni topshirish payti yaqinlashdi. Foyda soligʻini toʻlovchilar oʻtgan davrlarda ishlab chiqarilgan mahsulot boʻyicha ishlab chiqarish xarajatlari hisobotda qanday aks ettiriladi, degan savolga javob topishlari lozim. Bunda Moliyaviy natijalar toʻgʻrisidagi hisobot va Foyda soligʻi hisob-kitobiga 2-ilovaning 020-satrida aks ettiriladigan ishlab chiqarish tannarxi haqida soʻz bormoqda. «Norma» eksperti Natalya MEMETOVA hammasini qanday qilib toʻgʻri bajarish va bunda nimalarni inobatga olish lozimligini tushuntirib berdi:

Diqqat
Hisobotda ishlab chiqarilgan mahsulotning emas, balki realizatsiya qilingan mahsulotning tannarxi aks ettiriladi.

– Ishlab chiqarish va realizatsiya qilish davrlari mos kelmasligi mumkin. Oʻtgan davrlarda ishlab chiqarilgan mahsulot realizatsiya qilinayotgan boʻlsa, xarajatlarni turlari boʻyicha ajratish lozim boʻlgan 2-ilovaning ikkinchi qismini toʻldirishda qiyinchiliklar yuzaga keladi.

Murakkabligi shundaki, realizatsiya qilingan mahsulotning ishlab chiqarish tannarxi boʻyicha xarajatlar xarajatlarning moddalari boʻyicha emas, balki mahsulot nomenklaturasi boʻyicha 9100 guruh schyotlarida hisobga olinadi.

Realizatsiya qilingan mahsulot tannarxida xarajatlarning har bir turi summasini aniqlash uchun u ishlab chiqarilgan davrda mahsulotning umumiy tannarxidagi ushbu xarajatlar ulushini hisoblab chiqarish lozim. Buning uchun quyidagi formulalardan foydalaning:

Realizatsiya qilingan mahsulot tannarxidagi xarajatlar = Mahsulot ishlab chiqarilgan davrda ishlab chiqarilgan mahsulot tannarxidagi xarajatlar : Mahsulot ishlab chiqarilgan davrda ishlab chiqarilgan mahsulotning umumiy tannarxi x Realizatsiya qilish davrida realizatsiya qilingan mahsulot tannarxi

yoki

Realizatsiya qilingan mahsulot tannarxidagi xarajatlar = Ishlab chiqarish davrida ishlab chiqarilgan mahsulot tannarxidagi xarajatlar : Ishlab chiqarish davrida ishlab chiqarilgan mahsulot miqdori x Realizatsiya qilish davrida realizatsiya qilingan mahsulot miqdori

yoki buxgalteriya hisobiga nisbatan qoʻllaganda

Realizatsiya qilingan mahsulot tannarxidagi xarajatlar = Mahsulot ishlab chiqarilgan davrda 2010 schyot xarajatlari subkontosi boʻyicha debet aylanmasi : Mahsulot ishlab chiqarilgan davrda 2010 schyot boʻyicha umumiy aylanma x Mahsulot realizatsiya qilingan davrda 9100 schyot boʻyicha aylanma

Formulalardan koʻringanidek, mahsulot oʻtgan davrlarda ishlab chiqarilgan boʻlsa, xarajatlarning aniq turi boʻyicha axborotni u ishlab chiqarilgan oʻtgan davrlardagi ma’lumotlardan olamiz. U boshqa soliq davri ham boʻlishi mumkin.

Mahsulotni ishlab chiqarish va realizatsiya qilish davrlari mos kelganda xuddi shu formulalardan foydalaniladi. Bunda barcha ma’lumotlar bitta davrga tegishli boʻladi.

Diqqat

Har bir mahsulot turi boʻyicha xarajatlarning aniq turi summasini aniqlang.

Hisob-kitob qilish mushkul boʻlishi mumkin, shu sababli bunday jarayonlar avtomatlashtirilishi kerak. Hisob-kitob qilishning mushkulligiga quyidagilar ta’sir koʻrsatadi:

  • mahsulot assortimenti;
  • mahsulotni ishlab chiqarish va realizatsiya qilish vaqti orasidagi uzilish;
  • ishlab chiqarish tannarxiga kiritiladigan xarajatlar tarkibi.

Misol
Oʻtgan davrlarda ishlab chiqarilgan mahsulot tannarxidagi moddiy xarajatlar summasini aniqlash
Korxona oʻtgan davrda tannarxi 10 000 ming soʻmga teng 1000 ta mahsulot birligini ishlab chiqargan. Ishlab chiqarish moddiy xarajatlari 6 000 ming soʻmni tashkil etgan.
Joriy hisobot davrida tannarxi 7 000 ming soʻmga teng 700 ta mahsulot birligi realizatsiya qilingan. Hisobot davrida realizatsiya qilingan mahsulotga toʻgʻri keladigan xom ashyo va materiallar qiymatini aniqlaymiz:
6 000 : 10 000 x 7 000 = 4 200 ming soʻm
yoki
6 000 : 1 000 x 700 = 4 200 ming soʻm.
4 200 ming soʻmlik summani Foyda soligʻi hisob-kitobiga 2-ilovaning 020 va 0101-satrlariga kiriting.

 

Foyda soligʻi Oʻzbekistonda: hisob-kitob, soliq stavkalari foyda soligʻi, yuridik shaxslar soligʻi, hisob-kitob, soliq hisoboti, stavka, imtiyozlar Foyda soligʻi: qanday hisoblanadi, kimlar toʻlaydi, stavkasi qancha va qanday muddatlarda hisobot taqdim etiladi. Soliqdan ozod etish holatlari, kam uchraydigan xatolar, hisob-kitob usullari va amaliy misollar boʻyicha barcha javoblar Buxgalter.uz saytida! /oz/publish/doc/text160842_ishlab_chiqarish_harajatlari_foyda_soligi_hisob-kitobida_qanday_aks_ettiriladi