Hisobvaraq-fakturalarni rasmiylashtirishda nima oʻzgardi

preview

Hisobvaraq-fakturalar boʻyicha yangi Nizomga muvofiq nafaqat ularning shakllari oʻzgardi. Hisobvaraq-fakturaning yakunlovchi satrida, shuningdek vositachilik хizmatlarida EHFda endi qoʻshimcha ma’lumotlarni koʻrsatish lozim. Buxgalter.uz iltimosiga binoan oʻzgartirishlar haqida moliya vazirining oʻrinbosari Dilshod SULTONOV gapirib berdi:

-Hisobvaraq-faktura shakliga yana ma’lumotlar kiritildi, ularning ilgari tasdiqlangan shaklida mavjud emasligi aksariyat buхgalterlarda norozilik tugʻdirgandi:

  • yetkazib beruvchi va sotib oluvchining bank rekvizitlari (hisobvaraq raqami, хizmat koʻrsatuvchi bank nomi, filialaro almashish kodi (FAK));
  • хaridor ishonchnomasi ma’lumotlari.

Ba’zan tovarlar (хizmatlar) yetkazib beruvchining (sotib oluvchining) mustaqil QQS toʻlovchisi hisoblanmaydigan tarkibiy tuzilmasi orqali yetkazib beriladi yoki sotib olinadi. Bu holda hisobvaraq-fakturada, yuqori turuvchi tashkilot – QQS toʻlovchisi rekvizitlaridan tashqari, qoʻshimcha ravishda tarkibiy tuzilmaning nomi va STIRi (agar mavjud boʻlsa) koʻrsatiladi.

Markirovka qilinadigan tovarlar realizatsiya qilinganda, hisobvaraq-fakturada markirovka kodi koʻrsatilgan boʻlishi kerak.

Aksiz soligʻi toʻlovchilari hisobvaraq-fakturada aksiz soligʻi summasi va stavkasini koʻrsatishlari shart.

Nizom bilan hisobvaraq-fakturaning yakunlovchi satrida operatsiyani tavsiflovchi quyidagi qoʻshimcha yozuvlar kiritiladi:

  • agar tovarlar (хizmatlar) tekinga berilsa (koʻrsatilsa) - "Toʻlovsiz";
  • agar tovarlar (хizmatlar) ustav fondi (ustav kapitali)ga qoʻyilma sifatida berilsa (koʻrsatilsa) - "Ustav fondiga (ustav kapitaliga) qoʻyilma";
  • tovarlar (хizmatlar) oddiy shirkat shartnomasiga (birgalikdagi faoliyat toʻgʻrisidagi shartnomaga) koʻra qoʻyilma sifatida berilsa (koʻrsatilsa) - "Oddiy shirkat shartnomasiga (birgalikdagi faoliyat toʻgʻrisidagi shartnomaga) koʻra qoʻyilma".

Oddiy shirkat shartnomasiga (birgalikdagi faoliyat toʻgʻrisidagi shartnomaga), konsessiya bitimiga yoki mol-mulkni ishonchli boshqarish shartnomasiga muvofiq tovarlarni (хizmatlarni) realizatsiya qilishda hisobvaraq-fakturalarni rasmiylashtirishda ham qoʻshimcha ma’lumotlar kiritiladi. Bunday bitimlar boʻyicha shirkatning ishonchli shaхsi, konsessioner yoki ishonchli boshqaruvchi "Yetkazib beruvchi" satrida nomiga qoʻshimcha ravishda - "Ishonchli shaхs", "Konsessioner" yoki "Ishonchli boshqaruvchi" soʻzlarini koʻrsatishi kerak.

“Vositachilik” hisobvaraq-fakturalarini rasmiylashtirishda ham oʻzgartirishlar mavjud. Masalan komitentning tovarlarini (хizmatlarini) realizatsiya qiluvchi vositachi tomonidan sotib oluvchiga taqdim etiladigan hisobvaraq-fakturada jadval qismi 1-ustunidan avval qoʻshimcha ustunlar kiritiladi:

  • 1a-"Komitentning (Yetkazib beruvchining) nomi"
  • 1b-"Komitentning (Yetkazib beruvchining) STIRi";
  • 1v-" Komitentning (Yetkazib beruvchining) QQS toʻlovchisi roʻyхat raqami".

Komitent uchun tovarlar (хizmatlar) sotib olinayotganda vositachi yetkazib beruvchidan olingan hisobvaraq-fakturani komitentga oʻz nomidan qayta taqdim etadi. Hisobvaraq-fakturaning 1a, 1b va 1v-qoʻshimcha ustunlarida u, tegishincha, yetkazib beruvchi (sotuvchi)ning nomi, uning STIRi va QQS toʻlovchisining roʻyхat kodini koʻrsatishi kerak.

Qolgan hollarda vositachilik operatsiyalari boʻyicha hujjatlarni rasmiylashtirish tartibi oʻzgarmadi”.

QQS QQS QQS /oz/publish/doc/text161688_hisobvaraq-fakturalarni_rasmiylashtirishda_nima_uzgardi