QQS oʻrnini qoplash uchun ariza qanday yuboriladi

preview

26 avgust kuni soliq toʻlovchilarning shaxsiy kabinetlarida, nihoyat, tugma paydo boʻldi, uning yordamida 14.08.2020 yildagi 489-son VMQ bilan tasdiqlangan yangi Nizomga muvofiq QQS summasi oʻrnini qoplash uchun ariza berish mumkin. Buxgalter.uz iltimosiga binoan soliq maslahatchisi Gulnora ERGAShEVA buni qanday toʻgʻri amalga oshirish toʻgʻrisida gapirib berdi:

QQSni qaytarish uchun ariza qanday joʻnatiladi

- «QQSning oʻrni qoplanishi lozim boʻlgan summasini qaytarish» tugmasining paydo boʻlishi – koʻp sonli soliq toʻlovchilar uchun uzoq kutilgan voqeadir. Ilgari QQSni qaytarish imkoniyati faqat QQSning nol darajali stavkasini qoʻllagan eksport qiluvchilarda mavjud edi. Yangi SK va yangi Nizomning qabul qilinishi bilan unga sotishga nisbatan koʻproq sotib oladigan barcha tadbirkorlar qoʻshilishdi. Ya’ni – salbiy QQSga ega barcha sub’yektlar.

Ariza berilgan sanadan e’tiboran 60 kun mobaynida soliq toʻlovchilarga salbiy QQSning oʻrni qoplanadi . Bunda QQSning oʻrnini tezlashtirilgan tarzda – 7 kun mobaynida qoplash huquqiga ega soliq toʻlovchilar roʻyxati tasdiqlangan :

  • belgilangan tartibda yirik soliq toʻlovchilar toifasiga kiritilgan yuridik shaxslar;
  • soliqni qoplashga doir ariza bilan birga amaldagi bank kafolatini taqdim etgan yoki soliq organlari bilan garov shartnomasini SKning 109 yoki 107-moddalarida belgilangan tartibda rasmiylashtirgan soliq toʻlovchilar;
  • eksport va unga tenglashtirilgan operatsiyalarni amalga oshiradigan shaxslarga - agar ilgari bu shaxslarga soliq summasi qoplangan va bunda qonunbuzarliklar aniqlanmagan boʻlsa, nol darajali soliq stavkasi qoʻllanilishi natijasida hosil boʻlgan soliqning oshib ketgan summalari qismida;
  • mahsulot taqsimotiga oid bitim ishtirokchilari, agar bunday bitimda nol darajali stavka qoʻllanilishi nazarda tutilgan boʻlsa;
  • soliq monitoringi ishtirokchilari.

Ta’kidlab oʻtamizki, bunday huquqdan xorijiy davlatlarning Oʻzbekistonda akkreditatsiyadan oʻtgan diplomatik vakolatxonalari, konsullik muassasalari va ularga tenglashtirilgan tashkilotlari foydalanadi. Biroq ular uchun Nizomning 10-bandiga asosan arizaning alohida shakli belgilangan va ular arizani soliq organiga bevosita yoki buyurtma xati bilan pochta orqali taqdim etishlari kerak.

E’tibor bering
Tugma soliq toʻlovchi tomonidan ortiqcha toʻlangan yoki undan ortiqcha undirilgan soliq summasini qaytarishga hamda chet davlat fuqarolariga soliq summasini qaytarishga (TAX FREE) nisbatan ishlamaydi .

Arizaga hujjatlarning toʻliq toʻplamini ilova qilish lozim, aks holda uni  koʻrib chiqilmagan holda ariza berilgan paytdan e’tiboran 5 kun mobaynida qaytarishadi .

Eksport operatsiyalari boʻyicha soliq summasi oʻrnini qoplash toʻgʻrisidagi arizaga quyidagi hujjatlar ilova qilinadi :

  • kontrakt (kontraktning belgilangan tartibda tasdiqlangan koʻchirma nusxasi);
  • tovarlarni chiqarishni amalga oshiruvchi bojxona organining tovarlarni Oʻzbekiston Respublikasi bojxona hududidan olib chiqish uchun belgisi qoʻyilgan bojxona yuk deklaratsiyasi;
  • Oʻzbekiston Respublikasining bojxona hududidan oʻtkazish punktida joylashgan bojxona organining tovarlar belgilangan mamlakatga joʻnatilganligini tasdiqlovchi belgisi qoʻyilgan, tovarga ilova qilinadigan hujjatlar;
  • tovarlar eksportga vositachi (ishonchli vakil) orqali vositachilik (topshiriq) shartnomasi boʻyicha realizatsiya qilinganda eksportni tasdiqlash uchun komitent (ishonch bildiruvchi) tomonidan qoʻshimcha tarzda soliq toʻlovchining vositachi yoki ishonchli vakil bilan tuzilgan vositachilik shartnomasi yoki topshiriq shartnomasi (shartnomaning koʻchirma nusxasi);
  • yoʻlovchilar, bagajlar, yuklar va pochtani xalqaro yoʻnalishda tashish boʻyicha xizmatlar realizatsiya qilinganda - Nizomga 5-ilovaga muvofiq shaklda toʻldirilgan yoʻlovchilar, bagajlar, yuklar va pochtani xalqaro yoʻnalishda tashish boʻyicha yagona xalqaro tashish hujjatlari reyestri;
  • valyuta mablagʻlari tushganligini tasdiqlovchi bank ma’lumotnomasi;
  • Nizomga 6-ilovaga muvofiq shakldagi tovarlar eksport qilinganligi va valyuta mablagʻlari tushganligi toʻgʻrisidagi ma’lumotlar;
  • tovarlar eksport qilinganligini tasdiqlash uchun amalga oshirilayotgan faoliyatning turiga qarab boshqa hujjatlar.

Agar kontrakt (kontraktning belgilangan tartibda tasdiqlangan koʻchirma nusxasi) va soliq toʻlovchilar bilan tuzilgan vositachilik shartnomasi yoki topshiriq shartnomasi (shartnomaning koʻchirma nusxasi) TSOYaEATda mavjud boʻlsa, mazkur hujjatlarni soliq organiga taqdim etish talab etilmaydi .

SKning 262-moddasiga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasining bojxona hududida tovarlarni qayta ishlash boʻyicha xizmatlarga nisbatan soliq summasi oʻrnini qoplashda arizaga quyidagilar ilova qilinadi :

  • tovarlarni chiqarishni amalga oshiruvchi bojxona organining tovarlarni Oʻzbekiston Respublikasi bojxona hududidan olib chiqish uchun belgisi qoʻyilgan bojxona yuk deklaratsiyasi;
  • Oʻzbekiston Respublikasining bojxona hududidan oʻtkazish punktida joylashgan bojxona organining tovarlar belgilangan mamlakatga joʻnatilganligini tasdiqlovchi belgisi qoʻyilgan, tovarga ilova qilinadigan hujjatlar;
  • tovarlar eksportga vositachi (ishonchli vakil) orqali vositachilik (topshiriq) shartnomasi boʻyicha realizatsiya qilinganda eksportni tasdiqlash uchun komitent (ishonch bildiruvchi) tomonidan qoʻshimcha tarzda soliq toʻlovchining vositachi yoki ishonchli vakil bilan tuzilgan vositachilik shartnomasi yoki topshiriq shartnomasi (shartnomaning koʻchirma nusxasi).

Xizmatlarni realizatsiya qilish joyi Oʻzbekiston Respublikasi hududi deb e’tirof etilmagan holatlarda hamda agar mazkur xizmatlar internet (elektron shakldagi xizmatlardan tashqari) orqali koʻrsatilsa, kontrakt hamda xorijiy xaridor tomonidan koʻrsatilgan xizmatlar uchun toʻlov amalga oshirilganligini tasdiqlovchi bank koʻchirmasi ushbu xizmatlar haqiqatda realizatsiya qilinganligini (koʻrsatilganligini) tasdiqlovchi hujjatlar hisoblanadi. Bunda, vositachilik shartnomasiga asosan vositachining (agentning) vositachilik haqi summasi koʻrsatilgan xizmatlar uchun komitent hisobidan vositachiga kelib tushgan summadan ushlab qolinganligini tasdiqlovchi hisobot (bajarilgan ishlar toʻgʻrisidagi dalolatnoma) taqdim etiladi .

Xizmatlar elektron shaklda koʻrsatilgan boʻlsa, xorijiy xaridor tomonidan toʻlov amalga oshirilganligini tasdiqlovchi bank koʻchirmasidan tashqari, umumqabul qilingan xorijiy amaliyotga muvofiq tuzilgan hisobot taqdim etiladi .

Suv ta’minoti, kanalizatsiya, sanitariya jihatdan tozalash, issiqlik ta’minoti boʻyicha xizmatlarni realizatsiya qilishda, SKning 264-moddasi 3-qismida qayd qilingan shaxslar arizaga mazkur xizmatlarni realizatsiya qilish toʻgʻrisidagi ma’lumotlar ilova qilinadi. Shakl - Nizomga 4-ilovada .

Nol darajali stavka qoʻllanishi natijasida hosil boʻlgan va qoplanishi lozim boʻlgan soliq summasining asoslanganligini tasdiqlash uchun arizaga qoplab berilishi lozim boʻlgan soliq summasi boʻyicha hisob-kitobni ilova qilish zarur. Shakl - Nizomga 7-ilovada .

Agar tovarlarni eksportga joʻnatish va joʻnatilgan tovar uchun toʻlovlar turli chet el valyutasida amalga oshirilgan boʻlsa, yuklab joʻnatish amalga oshirilgan sanadagi chet el valyutasining MB kursi boʻyicha milliy valyutada (soʻmda) qayta hisoblab chiqishning hisob-kitobini ilova qiling. Shakl – Nizomga 7a-ilovada .

Qanday muammolar mavjud?

1. Soliq toʻlovchilar 489-son VMQga muvofiq ishlash imkoniyatiga u kuchga kirgandan keyin 12 kun oʻtgach ega boʻlishdi. Nizomning oʻzida ham, VMQda ham ushbu ikkita hujjat kuchga kiradigan sana toʻgʻrisida hech narsa aytib oʻtilmagan. Binobarin, ular 14 avgustdan – VMQ e’lon qilingan paytdan e’tiboran kuchga kirgan. QQS oʻrnini qoplash uchun ariza shakli esa portalda faqatgina 26 avgust kuni paydo boʻldi!

Ushbu muddatda arizaning eski shaklidan foydalangan tashkilotlar qanday yoʻl tutishlari kerak? Ular nimadir qilishlari kerakmi? DSQning rasmiy pozitsiyasini bilishni istardik.

2. Oʻrnini qoplashni talab qilish mumkin boʻlgan davr ham noma’lum. Ushbu masala normativ hujjatlarda hech qayerda aniq bayon etilmagan. Shaklning oʻzida faqat bitta cheklov turibdi – 2019 yil 1 yanvardan boshlab.

Oldingi Nizomda bu borada cheklov mavjud edi - yuqorida koʻrsatib oʻtilgan QQSning ortiqcha summasi hosil boʻlgan hisobot davri tugaganidan keyin 12 oy mobaynida. Biroq yangi Nizomda ham, SKda ham shu kabi norma mavjud emas. Bundan SKning 88-moddasini qoʻllash, ya’ni da’vo qilish muddati doirasida QQSni oʻrnini qoplashni talab qilish lozimligi kelib chiqadimi,?

3. Nizom QQSning oʻrnini qoplashning tezlashtirilgan va odatdagi tartiblarini nazarda tutadi. Ham tezlashtirilgan, ham odatdagi variantlarga huquqi boʻlgan tadbirkorlar qanday yoʻl tutishlari kerak?

Tajribali buxgalter topqirlik qilib, oʻrni qoplanishi lozim boʻlgan QQSni ikki qismga ajratadi. Va aftidan – toʻgʻri yoʻl tutadi.

Masalan, soliq toʻlovchi 11 mln soʻm miqdorida QQS oʻrnini qoplash huquqiga ega: 3 mln – eksport qiluvchi sifatida, 8 mln – ilgari xarid qilingan barcha mahsulot ham realizatsiya qilinmaganligi sababli hosil boʻlgan QQSning salbiy summasi boʻyicha. Bu vaziyatda 3 mln soʻmni ariza berilgan paytdan e’tiboran 7 kun ichida soddalashtirilgan tartibga binoan olish maqbul koʻrinadi. Keyin esa – yana 8 mln soʻmni umumiy asoslarda, Nizomda aytilganidek, 60 kun mobaynida olish.

4. Amaldagi qonunchilikka oid  ziddiyatlar ham mavjud... Misol uchun, mahsulot taqsimotiga oid bitim asosida ishlaydigan tashkilotlarda, 2020 yil 1 yanvarga qadar tuzilgan bitimlarda va 2007 yil tahriridagi SKda bitim ishtirokchilariga xizmatlar va tovarlar QQSning nol darajali stavkasi bilan taqdim etilishi aytilgan. Yangi tahrirdagi SKdan yetkazib beruvchilar tovarlar va xizmatlarni 15% QQS bilan realizatsiya qilishlari kerakligi, keyin esa davlat ushbu summaning oʻrnini  qoplashi kelib chiqadi.

Biroq 30.12.2019 yildagi OʻRQ-599-son Qonunning 6-moddasi mavjud, unda SKning 69-bobi normalari 2020 yil 1 yanvardan keyin tuziladigan mahsulot taqsimotiga oid bitimlarga nisbatan qoʻllanilishi aytilgan. Biroq soliq organlari yangi tahrirdagi Soliq kodeksi normalariga rioya qilishni talab qilishmoqda.

Goʻyoki u va boshqa holda ham bitim ishtirokchisi pirovardida oʻzining nol darajadagi QQSni oladi. Biroq oʻrnini qoplash tartib-taomili bunda qoʻshimcha kuch, vaqt talab qiladi va majburiy tartibda qoʻshimcha tekshiruvlarni nazarda tutadi. Shu bois tadbirkorlar ilgari tuzilgan va hozirda amalda boʻlgan bitimlarda nazarda tutilgan normalarga rioya qilishni talab qilib turib olishmoqda. Natijada ushbu nizoli jihat ostiga tushadigan hisobvaraq-fakturalar imzolanmay qolmoqda.

Hamma ushbu nizoli vaziyatning yechimi yangi Qoʻshilgan qiymat soligʻi summasi oʻrnini qoplash tartibi toʻgʻrisida nizomda bayon etiladi, deb kutgandi. Biroq, afsuski, bu roʻy bermadi.

Oʻylaymanki, yaqin vaqtda amaliyot Nizomni qoʻllashning boshqa muammoli jihatlarini ham aniqlaydi. Hozircha esa QQSning oʻrnini qoplashning yangi tartibini tushunib olish istagida boʻlganlarni 8 sentyabrda oʻtkaziladigan oʻzimning vebinarimga taklif etaman. Havola boʻyicha yozilish mumkin.

QQS: soliq hisobi — maslahatlar QQS QQS (soliq hisobi) — buxgalter.uz ekspertlarining maslahatlari: tushuntirishlar, misollar va koʻp beriladigan savollarga javoblar. /oz/publish/doc/text162092_qqs_urnini_qoplash_uchun_ariza_qanday_yuboriladi