Yillik inventarizatsiya – 2026: tartib va hujjatlar
QQS boʻyicha ayrim imtiyozlarni bekor qilish, aksizlarni indeksatsiya qilish, biznes uchun tekshiruvlarning turi va SEXning belgilarini joriy etish, davlatning iqtisodiyotdagi ishtirokini va davlat xaridlari doirasida importni qisqartirish, xususiy ta’lim, bank sohasi, suv ta’minoti va boshqa tarmoqlarda yangi qoida – yuridik masalalar boʻyicha “Norma” eksperti Oleg ZAMANOVning sharhida.
Imtiyozlarni bekor qilish
QQS boʻyicha quyidagi imtiyozlar bekor qilinadi:
- «Jeneral Motors Oʻzbekiston» AJ rasmiy dilerlarining avtomobillarni ta’mirlash va ularga servis xizmatlari koʻrsatish, jumladan ushbu xizmatlarni koʻrsatish vaqtida oʻrnatiladigan ehtiyot qismlar, uzellar, agregatlar va materiallarning narxlari, shuningdek ehtiyot qismlar, uzellar, agregatlar va materiallarni ularning savdo tarmoqlari orqali sotishda
; - neft va gaz konlarini qidirish va razvedka qilish ishlarini amalga oshiruvchi xorijiy kompaniyalar, shuningdek ular tomonidan jalb etiladigan xorijiy pudrat va yordamchi pudrat tashkilotlari tomonidan qidirish, razvedka qilish va boshqa tegishli ishlarni amalga oshirish uchun zarur boʻlgan uskunalarni, moddiy-texnika resurslari va xizmatlarni import qilishda
; - «Oʻztoʻqimachiliksanoat» uyushmasi a’zolari tomonidan import qilinadigan paxta, sun’iy va sintetik tola, jun, xom ashyo va boshqa materiallar boʻyicha
. Bundan buyon import boji va aksiz soligʻi boʻyicha imtiyozlar toʻqimachilik sanoatining barcha korxonalariga tatbiq etiladi; - elektrotexnika sanoati korxonalari tomonidan import qilinadigan uskunalar va materiallar boʻyicha
; - «Oʻzcharmsanoat» uyushmasi a’zolari tomonidan import qilinadigan uskunalar va butlovchi buyumlar boʻyicha
. Bundan buyon import boji va aksiz soligʻi boʻyicha imtiyozlar charm, moʻyna xom ashyosi va jun tayyorlash, saqlash va qayta ishlash, chorva mollarini avtomatlashtirilgan holda soʻyish, jun, qorakoʻl va sun’iy charmdan buyumlar, charm-attorlik mahsulotlari, poyabzal ishlab chiqarish bilan shugʻullanadigan tashkilotlarga tatbiq etiladi.
Tekshiruvlarning yangi turi
Litsenziya yoki ruxsat guvohnomalarisiz ishlab chiqarilgan va sotilgan, identifikatsiya vositalari bilan markirovkalanmagan, qalbaki aksiz markali yoki aksiz markasi mavjud boʻlmagan alkogol va tamaki mahsulotlari haqida dalolat beruvchi holatlar boʻyicha tekshirishlarning yangi turi joriy etiladi. Ularni tashkil etilgan Alkogol va tamaki bozorini tartibga solish hamda vinochilikni rivojlantirish agentligi biznes-ombudsmanni xabardor qilgan holda quyidagi korxona va tashkilotlarda oʻtkazadi:
- iste’mol va texnik etil spirti, alkogol va tamaki mahsulotlari ishlab chiqaruvchi korxonalarda;
- alkogol mahsulotlarining ulgurji va chakana savdosi bilan shugʻullanuvchi tashkilotlarda.
Navbatdagi “svetofor”
Tadbirkorlik sub’yektlariga "Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik belgisi"ni berish amaliyoti joriy qilinadi. Bu bilan Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati (SEX) shugʻullanadi.
Yangi belgida tadbirkorning faoliyati sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlariga mosligiga bogʻliq holda 3 xil turdagi - "yashil", "sariq" va "qizil" toifalar boʻladi. Rangli markirovka 12 oy muddatgacha amal qiladi. "Yashil" toifadagi belgi ustuvorlik beradi - SEX organlari tomonidan tekshirilishidan ozod etiladi (ommaviy zaharlanish va guruhli kasalliklar qayd etilgan holatlar bundan mustasno). "Uzbekistan. Safe travel GUARANTEED" tizimining xavfsiz ob’yektlari reyestriga kiritilgan turizm va yondosh infratuzilma ob’yektlari "yashil" toifadagi belgiga ega boʻlgan ob’yektlarga tenglashtiriladi.
Belgilar:
- tadbirkorlik sub’yektlarining tashabbusi bilan – ixtiyoriy YaIDXP orqali pullik asosda;
- davlat organlari tashabbusi bilan - qonun hujjatlarida nazarda tutilgan holatlarda majburiy beriladi.
Sigaretalar uchun aksiz
Oʻzbekistonda ishlab chiqariladigan sigaretalar (filtrli va filtrsiz) va papiroslarga aksiz soligʻi 7%ga oshadi va 163 500 soʻm/ 1000 dona + 9% ni tashkil etadi.
Xususiy ta’lim uchun – yangi talab va yigʻim
Nodavlat ta’lim muassasalari uchun yangi litsenziya talabi joriy etilmoqda. "Nodavlat ta’limni boshqarish axborot tizimi"ga kiritish uchun Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasiga ular oʻzlari toʻgʻrisidagi ma’lumotlarni taqdim etishlari kerak. Ma’lumotlarni elektron shaklda litsenziya olgan kundan boshlab 30 kun davomida topshirilishi zarur, aks holda uning amal qilishini toʻxtatishlari yoki tugatishlari mumkin.
Ushbu tizimdan ma’lumotlar xususiy ta’lim tashkilotlari oʻz bitiruvchilari uchun rasmiylashtiradigan kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish toʻgʻrisida davlat namunasidagi hujjatlarning blankalarida aks etadi. Ushbu blankalarni berganlik uchun yigʻim joriy etiladi – BHMning 10%i. Koʻrsatilgan mablagʻlar Davlat inspeksiyasining byudjetdan tashqari rivojlantirish jamgʻarmasiga kelib tushadi.
Yerga boʻlgan huquqni roʻyxatdan oʻtkazish tartibi
Yer uchastkalariga boʻlgan huquqlarning vujudga kelishi, oʻzgarishi, boshqa shaxsga oʻtishi, cheklanishi va bekor boʻlishini nazarda tutuvchi qarorlar, auksion va tanlov bayonnomalari, notarial tasdiqlangan bitimlar hamda boshqa hujjatlarga nisbatan yangi tartib joriy etilmoqda. Endi ular 2013 yilda barpo etilgan Milliy geografik axborot tizimida davlat roʻyxatidan oʻtkazilganidan keyin kuchga kiradi.
Darsliklarni nashr etish
Davlat byudjeti mablagʻlari va Respublika maqsadli kitob jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan ta’lim muassasalari uchun darsliklar va oʻquv-metodik majmualarni nashr etishda, qayta nashr etishda narxlarni davlat tomonidan tartibga solishni (rentabellikning cheklangan darajasini belgilash) bekor qilinadi. Noshirlik va matbaa korxonalari, shu jumladan, davlat buyurtmasini bajaruvchi korxonalar narxni shakllantirish siyosatini bozor mexanizmlari asosida erkin shakllantiradi.
Elektr uskunalarini “boʻlib-boʻlib toʻlash” bilan ulash
Quvvati 140 kVt gacha boʻlgan elektr uskunalarini elektr tarmoqlariga «Hududiy elektr tarmoqlari» AJ mablagʻlari hisobidan ulashni boshlaydilar. Tadbirkorlik sub’yekti davlat xizmatlari markazlariga texnik shartlarni olish uchun ariza berish bilan bir vaqtda tegishli soʻrovnomani topshirishi mumkin. Xarajatlar foydalanilgan elektr energiyasi qiymatiga qoʻshiladigan ustamalar hisobidan 1 yil davomida undirib olinadi.
Turizmdagi kreditlar boʻyicha muddatini kechiktirish
1 oktyabrdan boshlab joylashtirish vositalarini qurish uchun tijorat banklari tomonidan avval berilgan kreditlar boʻyicha asosiy qarz toʻlovi 18 oydan 24 oygacha uzaytiriladi.
Eslatib oʻtamiz, joylashtirish vositalari – bu mehmonxonalar, turizm bazalari va majmualari, dam olish uylari va zonalari, pansionatlar, kempinglar, motellar, oilaviy mehmon uylari, oʻtov va palatkali oromgohlar, sanatoriylar va mehmonxona xizmatlari - vaqtincha yashash xizmatlarini koʻrsatadigan boshqa ob’yektlar.
Raqobat muhiti
Raqobat muhitini rivojlantirish va iqtisodiyotda davlat ishtirokini qisqartirish doirasida:
a) davlat ishtirokidagi xoʻjalik yurituvchi sub’yektlarning, shuningdek ularning affillangan shaxslarining va xoʻjalik faoliyatini amalga oshirish vakolatlari berilgan davlat muassasalarining (mudofaa qobiliyati va milliy xavfsizlikni ta’minlash maisadlari – bundan mustasno) tashkil etilishi quyidagi holatlarda taqiqlanadi:
- bitta tovar bozorida 5 ta va undan ortiq xususiy tadbirkorlik sub’yektlari faoliyat yuritib kelayotgan sohalarda;
- davlat organlari tomonidan oʻzlariga litsenziyalash, roʻyxatga olish, akkreditatsiyadan oʻtkazish va ruxsat berish vakolati berilgan sohalarda.
Qolgan hollarda bunday sub’yektlar monopoliyaga qarshi organning dastlabki roziligi olingandan keyin tashkil etiladi va qayta tashkil etiladi;
b) yagona yetkazib beruvchi boʻlgan yoki bunday huquq berilgan yoxud ustun (monopol) mavqega ega davlat ishtirokidagi xoʻjalik yurituvchi sub’yektlariga:
- faoliyati muassisining tovarlari (resurslari) yoki tarmoq infratuzilmasidan foydalanish bilan bogʻliq boʻlgan;
- xususiy tadbirkorlik sub’yektlari bilan raqobatlashadigan faoliyat bilan shugʻullanadigan oʻzlarining affillangan shaxslarini tashkil etish taqiqlanadi (istisno - raqobatchilari bilan teng shartlar asosida boʻlib yuborish);
v) davlat buyurtmachisi, strategik ahamiyatga ega boʻlgan xoʻjalik jamiyati va korxonasi bilan manfaatlar toʻqnashuviga ega boʻlgan xoʻjalik yurituvchi sub’yekt davlat xaridlarini yoki eng yaxshi takliflarni tanlab olishning yoxud toʻgʻridan-toʻgʻri muzokaralar ishtirokchisi boʻlishi mumkin emas. Istisno - davlat tomonidan himoya qilinishi lozim boʻlgan shaxslarning xavfsizligini ta’minlash, mamlakatda mudofaa qobiliyatini, xavfsizlikni ta’minlash va ichki tartibni saqlash uchun amalga oshiriladigan davlat xaridlari, shuningdek davlat sirlari bilan bogʻliq boʻlgan davlat xaridlari.
g) davlat buyurtmachisi, strategik ahamiyatga ega boʻlgan xoʻjalik jamiyati va korxonasi tender va tanlov savdolari hamda eng yaxshi takliflarni tanlab olish tartib-taomillari oʻtkazilishidan avval u bilan affillangan shaxslar haqidagi ma’lumotlarni davlat xaridlari xarid.uz saytida joylashtirishga majburdir.
Don mahsulotlari narxlari
Intervension xaridlar tizimini bosqichma-bosqich joriy etish boshlanadi. Bu aholini don mahsulotlari bilan uzluksiz ta’minlash va narxlar keskin oʻzgarishining oldini olishga yordam beradi.
2021 yil hosilidan boshlab don uchun davlat buyurtmasi hajmlari bosqichma-bosqich kamaytiriladi, bozor mexanizmlari joriy etila boshlaydi. Oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash uchun davlat buyurtmasi tizimidan davlat zaxirasidan foydalanishga oʻtish tartibi alohida yoziladi.
Davlat xaridlari doirasida import ulushi
Quyidagi qoidalar joriy etiladi:
- byudjet va korporativ buyurtmachilar rahbarlari xarid qilinishi nazarda tutilgan tovarlar (ishlar, xizmatlar) roʻyxatini shakllantirishda ularni cooperation.uz portalida roʻyxatdan oʻtgan mahalliy ishlab chiqaruvchilardan xarid qilish imkoniyatini majburiy tartibda oʻrganadi;
- korporativ buyurtmachi – korxonalar rahbarlari mahalliy ishlab chiqaruvchilardan (texnik koʻrsatkichlar, ishlab chiqarish hajmlari va muddatlari boʻyicha) xarid qilish imkoni boʻlmagan taqdirda, tovarlar (ishlar, xizmatlar)ning korporativ xaridlarini import orqali amalga oshirishning maqsadga muvofiqligini kuzatuv kengashlariga (ta’sischilarning umumiy yigʻilishlariga) asoslab beradi;
- korxonalarning kuzatuv kengashlaridagi (ta’sischilarning umumiy yigʻilishlaridagi) davlat vakillari (boshqaruv organlari majlislarida):
- umumiy qiymati BHMning 50 ming baravaridan yuqori boʻlgan import tovarlar (ishlar, xizmatlar) xaridlarining asoslanganligiga oid masalalarning koʻrilishini ta’minlaydi;
- ishlab chiqarish zaxiralaridagi import tovarlarining omborlardagi qolgan qismini tahlil qiladi.
Suv ta’minoti
Ichimlik suvi ta’minoti va oqova suv sohasida:
- investitsiya loyihalarini saralash, amalga oshirish hamda ularning natijadorligini monitoring qilish boʻyicha yangi tartib oʻrnatilmoqda;
- hududlarda THShdan qat’i nazar, suv ta’minoti va oqova suv tashkilotlari tomonidan koʻrsatiladigan suv ta’minoti va oqova suv xizmatlari uchun tartibga solinadigan narxlar (tariflar) ular boʻyicha dastlab monopoliyaga qarshi kurashish va narxlarni (tariflarni) tartibga solish organlari xulosalari olinib, keyinchalik tegishligicha Joʻqorgʻi Kenges, xalq deputatlari hududiy Kengashlari qarorlari bilan ma’qullanganidan soʻng tasdiqlanadi.
- aholi soni jami 15 mingdan kam boʻlmagan, markazlashgan ichimlik suvi ta’minoti yetib bormagan qishloq aholi punktlarini ichimlik suvi bilan ta’minlash boʻyicha nodavlat NNTga va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlariga davlat ijtimoiy buyurtmalarini berish amaliyoti joriy etiladi.
Norma.uz materiallari asosida